Oqova suvlar qachon qimmatli resursga aylanadi?

Abdulaziz YOʻLDOSHEV/“Xalq soʻzi”. Bir necha yildirki, Urgut tuman markazidagi koʻp qavatli xonadonlardan chiqayotgan oqova, erkin iqtisodiy zona hududida joylashgan korxonalarning chiqindi suvlari Yangiariq kanaliga oqizib kelinmoqda. Kanallarda chiqindi suvlarning yigʻilib qolishi yoki quvurlarga tiqilib qolishi aholining turli eʼtirozlariga sabab boʻlmoqda.
2019-yilda Mirzaqishloq mahallasi hududida qayta foydalanish uchun suvni tiklashga yordam beradigan inshoot qurildi. Ayni paytda uskunalar oqova suvlarni tozalab turibdi. Ammo qayta ishlangan texnik suv yana Yangiariq kanaliga oqizib yuborilayotgani qishloq xoʻjaligi, inson salomatligiga jiddiy xavf tugʻdirmoqda.
— Mazkur inshoot qurilganda oqova suvlar qimmatli manbaga aylanishiga umid qilgandik. Uskunalar yordamida chiqindi suvlar Yangiariq kanaliga tushyapti, — deydi Dehqonobod mahallasida yashovchi Fayzullo Xoʻjamurodov. — Shu ariqlarda oqayotgan suvdan ekinlarimizni sugʻoramiz. Suv tarkibida kimyoviy moddalar borligi sababli ekinlarimiz qurib qolyapti. Ilgari shu ariq suvidan oʻzimiz ichganmiz, bugun hatto hayvonlar ham ichmaydi. Kanaldagi suvning badboʻy hidiga chidab boʻlmaydi.
Mutaxassislar maʼlumotga koʻra, mazkur oqova suv tozalash inshooti tumandagi koʻp qavatli uylarda yashovchi 22,7 ming aholi hamda 75 ta ishlab chiqarish va boshqa obyektlarga xizmat koʻrsatadi. U kuniga 1000 kub metr oqova suvni tozalashga moʻljallangan. Ammo bugungi kunda zavod-fabrikalardan turli kimyoviy moddalar oqovasi kelib tushishi oqibatida inshootning qurilmalariga zarar yetmoqda. Bugungi kunda bu yerga kelayotgan oqova miqdori inshootning qayta ishlash quvvatidan ikki barobar ortiq boʻlganligi tufayli ortiqcha suvni toʻgʻridan toʻgʻri kanalga quyishga toʻgʻri kelmoqda.
Maʼlumki, oqova suvlar tozalash inshootida tozalangandan keyin undan chiqqan texnik suv doimiy ravishda oqib turadigan suv havzalariga tashlanishi lozim. Yangiariq kanaliga faqatgina ekinlarni sugʻorish paytida suv beriladi. Mirzaqishloqda qurilgan tozalash inshootida bu jihat hisobga olinmagan.
— Biz bu masalaga yechim sifatida hamda bu yerga kelayotgan oqova suvlar belgilangan meʼyordan ancha koʻpayib borayotgani sababli 2023-yilda tumanning Oʻramas massivida sutkasiga 10 ming kub metr oqovani qabul qilishga moʻljallangan tozalash inshooti qurilishini boshlaganmiz, — deydi “Suv taʼminoti va oqova suv obyektlari qurilishi boʻyicha injinering kompaniyasi” davlat unitar korxonasi bosh muhandisi Asror Nasimov. — U ishga tushishi bilan bu yerga kelayotgan oqova oʻsha inshootga yoʻnaltiriladi.
Shu oʻrinda aytish kerakki, 2023-2024-yillarda qurilib foydalanishga topshirilishi belgilangan mazkur obyekt qurilishi boshlangach, ish hajmi loyiha qiymatidan oshib ketgan. Inshootni toʻliq qurib jihozlash uchun qoʻshimcha mablagʻ zarur. Shu sababli buyurtmachi — “Suv taʼminoti va oqova suv obyektlari qurilishi boʻyicha injinering kompaniyasi” davlat unitar korxonasi tomonidan 13,7 milliard soʻm qoʻshimcha mablagʻ uchun hujjatlar tayyorlanib, ekspertizaga berilgan. Ekspertiza xulosasi asosida mablagʻ ajratilishi taʼminlanadi.
Aholining bir necha bor murojaati va ijtimoiy tarmoqlardagi chiqishlardan soʻng ayni paytda badboʻy oqava suvlarni oqizib yuborish uchun Yangiariq kanaliga suv quyilgan. Ammo bu masalaning yechimi emas. Yangi qurilayotgan suv tozalash inshootiga qoʻshimcha mablagʻ ajratilsagina, bu muammo oʻz yechimini topadi. Shundagina oqova suvlar qimmatli resursga aylanadi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Eron va Isroil oʻrtasidagi ziddiyatlar xronologiyasi yoxud bugungi “urush”ning ildizi qayerda?
- Parkentda yiliga 20 ming sayyohni qabul qiladigan turistik majmua ochilmoqda
- “100 milliondan ortiq gullar, modalar haftaligi hamda turfa taomlar taqdimoti”: Namanganda oʻtkazilayotgan 64-Xalqaro gullar festivalidan video va fotoreportaj
- Oʻzbekiston tarixida ilk bor mundial yoʻllanmasini qoʻlga kiritgan milliy terma jamoamiz Toshkentga qaytib keldi — Fotoreportaj
- Oʻzbekiston Tashqi ishlar vazirligi Isroil–Eron mojarosi yuzasidan bayonot berdi
- “Air India” fojiasidagi tirik qolgan yagona yoʻlovchi hikoyasi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring