Oʻqituvchilar uchun maktablarda yagona majburiy forma mavjud emas — Xalq taʼlimi vazirligi

20:49 29 Iyul 2022 Jamiyat
2072 0

Foto: Arxiv surat

Ayni damda ijtimoiy tarmoqlar orqali tarqalayotgan, Toshkent shahar hokimining tegishli qarori asosida poytaxt maktablarining oʻqituvchilariga maktab formasi olish uchun maʼlum miqdorda mablagʻ ajratilganligi xususidagi xabar keng muhokamalarga sabab boʻlmoqda. Shuningdek, mazkur masala yuzasidan koʻplab ommaviy axborot vositalari va yurtdoshlarimizdan maktab oʻqituvchilariga majburiy forma joriy qilinganligiga oid murojaat va savollar kelib tushmoqda.

Ushbu savollarga javoban yurtimizdagi maktab oʻqituvchilari uchun mamlakat miqyosida belgilangan va tasdiqlangan yagona majburiy forma turi mavjud emasligini maʼlum qilamiz.

Xalq taʼlimi vazirligining 2020-yil 28-maydagi “Umumiy oʻrta taʼlim muassasasining ichki tartib va odob-axloq qoidalarini tasdiqlash toʻgʻrisida” 131-sonli buyrugʻiga asosan, tizim xodimlarning ichki tartib va odob-axloq qoidalari belgilangan. Unga koʻra, oʻqituvchilar maktab darajasida belgilangan dress-kod talablariga rioya qilishlari zarur.

Aytish joizki oʻqituvchi jamiyatning ziyoli va maʼrifat ulashuvchi aʼzosi sifatida nafaqat ilmi va axloqi, balki kiyinish madaniyati bilan ham yoshlarga oʻrnak boʻlishi maqsadga muvofiq. Yaʼni oʻqituvchilarning oʻz kasbiga xos boʻlgan kiyimda boʻlishi, albatta, oʻquvchilarda oʻz ustozi shaxsiyati va kasbiga boʻlgan hurmatining yanada oshishiga sabab boʻladi.

Shu oʻrinda Toshkent shahar hokimligining pul ajratganligiga izoh sifatida Xalq taʼlimi vazirligi poytaxt maktablari oʻqituvchilarning ijtimoiy himoyasi yoʻlidagi mazkur tashabbusini qoʻllab-quvvatlashini hamda bu gʻamxoʻrlikdan minnatdorligini bildirib oʻtadi. Boshqa hudud hokimlarini ham oʻqituvchilarni qoʻllab-quvvatlashda faollikka chaqirib qoladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер