Oʻqigan qiz shahar olib beradi (mi?)

12:43 14 Avgust 2024 Jamiyat
185 0

Qishloq qizlarining shaharda oʻqishi osonmas. Otalar qiz bolaligi uchun uzoqqa yuborgisi kelmasa, onalar nazarida qiz farzandning “qoʻl-oyogʻi” chaqqon boʻlib, roʻzgʻor yumushlarini qoyillatsa kifoya.

Har bir insonning bolalikdan orzulari boʻladi. Endi maktabga chiqqan oʻgʻil boladan “kelajakda kim boʻlmoqchisan” deb soʻralsa toʻlib-toshib niyatini aytadi. Oilasi, yaqinlari unga kamarbasta. Qizlarda aksincha, haligacha qishloq kayvonilari: “Oʻqigan qiz shahar olib berarmidi?” deya beparvo qaraydi. Bu aqida shunchalik qon-qonimizga singib ketganki, qiz bola hali tugʻilmasdan sandigʻiga sarpo tashlab qoʻyiladi. Bolaligidan qulogʻiga uy yumushlarini aʼlo darajada bajarishi, ertaga birovning uyiga borganda ota-onasini “gap-soʻz”ga qoldirmasligi uqtiriladi.

Tabiatdan qiz bola nozik, koʻngli undan inja. Doim himoyaga, mehrga tashna. Hozir koʻpchilik qizlar kelin boʻlgandan keyin oʻqiyapti. Zamonaviy qaynonalar allaqachon oʻqimishli ayolgina sogʻlom va maʼnaviy yetuk farzandlarni tarbiyalashini tushunib yetdi. Ammo… Baʼzi oilalar boshqacha. Hali maktabni bitirmay kelinlik libosini kiygan qiz yangi oilada dovdirab qolyapti. Uning tengdoshlari yoshlik zavqini surib yurgan bir pallada ketma-ket farzandlarni dunyoga keltirib tushkinlikka tushayapti. Agar turmush oʻrtogʻi xorijga ishga ketsa, farzand tarbiyasi, oila ishlari, roʻzgʻor tashvishlarini nozik yelkasiga olyapti.

Endi tanangizda oʻylab koʻring, oʻqimagan, qoʻlida biror hunari yoʻq, lekin farzandlarini boqish tashvishida yurgan ayollar nima qilish mumkin? Odam savdosi yoki tanfurushlik, firibgarlik, oʻgʻirlik jinoyatlarida ayollarimizning ham borligi naqadar achinarli. Ijtimoiy tarmoqlar orqali kunora oʻz joniga qasd qilgan yosh onalar yoki farzandining hayotiga zomin boʻlayotgan ayollarning fojialarini koʻrib turibmiz. Buning ortida albatta, bilimsizlik va baxtsizlik yotibdi. Ziyoli ayolda hayotiy koʻnikma boʻladi, u turmushning qiyinchiliklarini aql-idrok bilan yengadi. Yaqinda telegram kanalidan otasiga mashina sovgʻa qilgan bir ayolni koʻrib havasim keldi. Otasi qizidan rozi, koʻzidagi sevinch yoshlari qanchalik taʼsirli. Ekkan niholi hosil bergandan xursand.

Parij yozgi olimpiada oʻyinlarida ham yurtimiz qizlari faxrli oʻrinni olganida qanchalar quvondim. Oʻzbek qizlarning tipik timsoliga aylangan Diyora Keldiyorova xotin-qizlarning oʻrni faqat oshxonadamas, jahon shohsupalarida ekanini koʻrsatib qoʻydi. Ha, bu oʻzbek, ayniqsa, qishloq qizlari uchun katta motivatsiya boʻladi. Endi ota-onalar qizlarini sport toʻgaraklariga yorugʻ yuz bilan olib boradi. Aslida ham bizning momolarimiz yovga tik borgan Toʻmaris, Amir Temur bobomizning dono maslahatchisi Bibixonim, Alpomish bir qizni deb oʻzga yurtlarda sandiragʻlab yuramanmi, deganda mard yigitning ori qayda qoladi, deb oriyatini uygʻotgan Qaldirgʻoch, Barchinoylar boʻladi. Shuni yodda tuting!

Zulfizar Saidahmadova,

OʻzDJTU talabasi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?