Oq uy Eronga qarshi yangi sanksiyalar joriy etishini maʼlum qildi

11:06 17 Aprel 2024 Dunyo
285 0

Illyustrativ foto

AQSH Eronning Isroilga qarshi havo hujumi ortidan yaqin kunlarda unga qarshi yangi sanksiyalar kiritadi. Bu haqda AQSH prezidenti Jo Baydenning milliy xavfsizlik boʻyicha maslahatchisi Jeyk Sallivan maʼlum qildi.

Uning aniqlik kiritishicha, yangi cheklovlar Eronning raketa va dron dasturlariga taʼsir qiladi.

“Shuningdek... Islom inqilobi qoʻriqchilari korpusi va Eron Mudofaa vazirligini qoʻllab-quvvatlovchi tuzilmalar”, — deydi Sallivan.

Avvalroq, AQSH Kongressi Vakillar palatasi Isroilga hujumdan soʻng Eronga qarshi sanksiyalar qoʻllash boʻyicha qonun loyihalarini muhokama qilishi maʼlum boʻlgan edi. Bir qator qonun loyihalari, shuningdek, Yevropa Ittifoqini Islom inqilobi qoʻriqchilari korpusini terrorchi tashkilot deb eʼlon qilishga chaqirishni oʻz ichiga oladi.

Bungacha Yevropa Ittifoqi (YEI)ning tashqi siyosat xizmati rasmiy vakili Piter Stano tashqi ishlar vazirlarining boʻlajak yigʻilishida Isroilga hujumga javoban Eronga qarshi yangi sanksiyalar joriy etish masalasi koʻrib chiqilishini maʼlum qilgandi.

“Tashqi ishlar vazirlari yigʻilishida kelajakdagi qadamlar masalasi muhokama qilinadi, bu Yevropa Ittifoqi va aʼzo davlatlarning Eronning eskalatsiyasiga munosabati boʻladi”, — degandi Stano.

Ikki davlat oʻrtasidagi mojaroning kuchayishi Isroil harbiy-havo kuchlarining shu yilning 1-aprel kuni Eronning Suriyadagi konsulligiga bergan zarbasi tufayli yuzaga keldi. Ushbu hujum oqibatida Eron Islom inqilobi qoʻriqchilari korpusining yetti nafar zobiti, jumladan, korpusning Suriya va Livandagi Quds kuchlari qoʻmondoni Muhammad Rizo Zohidiy va uning oʻrinbosari, brigada generali Muhammad Hodi Hoji Rahimiy, shuningdek, uch nafar Suriya va bir nafar Livan fuqarosi halok boʻlgan. Oʻshanda Tehron javob berish huquqiga ega ekanligini bildirgandi.

Shundan soʻng 14-aprelga oʻtar kechasi Eron qurolli kuchlari Isroil hududiga 185 ta dron, 36 ta qanotli va 110 ta “yer-yer” sinfidagi raketalardan foydalangan holda yirik havo hujumini amalga oshirdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?