Onlayn qimorga haddan ziyod berilib ketgan fuqarolar “qora roʻyxat”ga tushadi. Ularning oʻyinlardagi ishtirokini cheklash mexanizmlarini joriy etish koʻzda tutilmoqda

12:22 14 Yanvar 2025 Siyosat
131 0

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi muhokama qilindi. Qonun loyihasi ikkinchi oʻqishda moddama-modda koʻrib chiqilib, kapital bozori va tavakkalchilikka asoslangan oʻyinlarni tartibga solishga qaratilgan muhim normalarni oʻz ichiga olgan.

Qonun loyihasida tavakkalchilikka asoslangan oʻyinlarni litsenziya asosida tashkil etish va ularda ishtirok etishi taqiqlangan fuqarolar toifasini belgilash nazarda tutilmoqda. Onlayn qimor oʻyinlariga haddan ziyod qaram boʻlgan shaxslarning roʻyxatini yuritish va ularning ishtirokini cheklash boʻyicha qoidalar kiritilgan. Bu orqali ushbu oʻyinlarni nazorat qilish va huquqiy asoslarda tartibga solish koʻzlangan.

Qonun loyihasi qimmatli qogʻozlar markaziy depozitariysi va sugʻurta tashkilotlari faoliyatini tartibga solishni nazarda tutadi. Shuningdek, ushbu sohalarda vakolatli organ va uning vazifalari belgilanmoqda. Bu oʻzgartishlar kapital bozori va sugʻurta sohasida shaffoflikni taʼminlash hamda rivojlantirishga xizmat qiladi.

Loyihada internet jahon axborot tarmogʻidagi tavakkalchilikka asoslangan oʻyinlarni huquqiy tartibga solishga alohida eʼtibor berildi. Xorijiy va noqonuniy servislardan foydalanishni cheklash hamda oʻyinlarga haddan tashqari qaramlikni kamaytirish mexanizmi joriy etiladi. Bu yangiliklar internetdagi noqonuniy faoliyatlarga qarshi kurashda muhim qadam boʻladi.

Muhokamalar davomida deputatlar aholi oʻrtasida tavakkalchilikka asoslangan oʻyinlarning keng tarqalayotganidan xavotir bildirildi. Ular lotereyalar va oʻyinlarni tashkil etish hamda oʻtkazish jarayonlarini takomillashtirish zarurligini qayd etishgan. Qonun loyihasining ushbu yoʻnalishlardagi meʼyorlari deputatlar tomonidan maʼqullandi.

Deputatlarning fikricha, qonun loyihasining qabul qilinishi kapital va sugʻurta bozorini yanada rivojlantirishga, shuningdek, lotereyalar va tavakkalchilikka asoslangan oʻyinlarni tartibga solishga xizmat qiladi. Bu orqali fuqarolarning huquqlari himoya qilinib, ushbu sohalarda nazorat mustahkamlanadi. Qonun, shuningdek, mamlakatning iqtisodiy barqarorligiga ijobiy taʼsir koʻrsatadi.

Qonun loyihasi deputatlar tomonidan uchinchi oʻqishda qabul qilindi. Ushbu tashabbus iqtisodiy sektorda shaffoflikni taʼminlash va aholi oʻrtasida noqonuniy oʻyinlarning tarqalishining oldini olishga qaratilgan muhim qadam hisoblanadi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?