Onaxonni sarson qilishdan xijolat chekmadingizmi?
Foto: Xalq so‘zi
Buxoro viloyati Vobkent tumanidagi «Xayrxush» qishlogʻida yashovchi Munira Niyozova umid bilan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Buxoro shahar Xalq qabulxonasiga keldi. Qizi Gulruh Tursunovaning ikki farzandi uchun toʻlanishi lozim boʻlgan aliment pullarini undira olmayotganini aytib koʻmak soʻradi.
— Maʼlum boʻlishicha, fuqaro M. Niyozova Majburiy ijro byurosi Vobkent tuman boʻlimiga pulni undirib berishni soʻrab bir necha bor murojaat qilgan, — deydi Buxoro shahar Xalq qabulxonasi yetakchi mutaxassisi J. Haydarov. — MIB xodimi tomonidan 2020-yil oktyabr oyidan 2021-yil iyul oyigacha 4 million 642 ming soʻm va 2021-yil avgustidan noyabr oyigacha 3 million 720 ming soʻm, jami 8 million 362 ming soʻm miqdorida mablagʻ toʻlangani aytilib, pochta kvitansiyalari taqdim etilgan. Taajjubki, pullar fuqaroga yetib kelmagan. Onaxon Vobkent tuman pochta aloqa boʻlimiga borganida esa pul hali kelmaganini aytib, “Kelishi bilan uyingizga yuboramiz”, deya vaʼda berishgan. Bu hol bir necha bor takrorlangan.
Shundan soʻng fuqaroga advokat orqali kerakli maslahatlar berildi. Oʻz haq-huquqiga oid bilim va tushunchasini mustahkamlagan onaxon yana Vobkent tuman pochta aloqa boʻlimi rahbari huzuriga yoʻl oldi.
— Bu gal u “Siz vaqtida kelmagansiz, pulingizni boshqa aliment oluvchilarga taqsimlab berganmiz, endi ularning pullari kelsa, siz olasiz”, degan javobni eshitgan, — davom etadi J. Haydarov. — Shu tariqa murojaatchining qoʻynini puch yongʻoqqa toʻldirib qaytarib yuborishgan. Biz shundan soʻng tegishli tashkilot rahbarlarini jalb qilgan holda fuqaro Munira Niyozovaning qiziga tegishli boʻlgan 8 million 362 ming soʻm miqdoridagi aliment pullarini shu kunning oʻzidayoq undirib berdik.
Shu oʻrinda “Tuman pochta aloqa tizimi masʼullari bir onaxonni shuncha ovora qilishdan xijolat chekishmadimikan?” degan savol tugʻiladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Buxoro shahar Xalq qabulxonasiga kelsak, 2022-yilda bu muassasaga murojaatlar soni nisbatan kamaydi.
— Ammo guruch kurmaksiz boʻlmaydi, deganlaridek, oʻz ishiga masʼuliyatsizlik bilan yondashgan ayrim mutasaddilar qabulxonamiz nazaridan chetda qolmadi, — deydi J. Haydarov. — Murojaatlarni koʻrib chiqish natijasida aniqlangan qonunbuzilish holatlari va ularni bartaraf etish yuzasidan davlat idoralari va mutasaddi tashkilotlarga 31 ta taqdimnoma, Xalq deputatlari Buxoro shahar Kengashiga 12 ta axborot kiritildi. Pirovardida 122 nafar xodimga nisbatan intizomiy choralar qoʻllanildi.
Istam IBROHIMOV, “Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Harbiy xizmatni oʻtash bilan bogʻliq tartiblar yangilanadi
- Namanganda 3 ta yirik institut bitta universitetga birlashtiriladi
- Voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimi takomillashtirilmoqda
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring