Ona tilimizning tolmas kurashchisi
Foto: Wikipedia
Oʻzbekiston Qahramoni, xalq shoiri Erkin Vohidov adabiy faoliyatni “soʻz olamlariga doimiy sayohat” deb taʼriflab, uning mohiyatini chuqur ochib bergan. Buyuk mutafakkir va donishmandlarning taʼkidlaganidek, adabiyotning eng asosiy quroli va vositasi tildir.
Badiiy adabiyotni “soʻz sanʼati” deb nomlashning chuqur mantiqiy va falsafiy asoslari mavjud. Ayniqsa, barcha ulugʻ adiblar va shoirlar oʻz badiiy asarlarining tiliga, undagi har bir soʻz va iboraning tanlanishiga alohida va jiddiy eʼtibor qaratadi. Ushbu qadimiy va qutlugʻ adabiy-estetik anʼanalar Erkin Vohidovdek atoqli adiblar tomonidan ijodiy tarzda davom ettirilgani milliy tilimizning hamda badiiy soʻz sanʼati taraqqiyotining eng muhim va samarali omillaridan biri ekanini ishonchli ravishda koʻrsatadi.
Shoirning oʻzi taʼkidlaganidek, ona tili butun millatning umumiy mulki va boyligidir. Shuning uchun til oldidagi masʼuliyat va vazifa ham umummilliy xarakterga ega. “Men oʻzbekman” deb his qiladigan har bir inson oʻzbek tilining rivojlanishi va sof holatda saqlanishi uchun chin dildan qaygʻurishi, harakat qilishi zarur. Haqiqatan ham, bir millatni butunlay yoʻqotib yuborish uchun uning ona tilini va tarixiy xotirasini ajratib olish yetarli. Adabiyotning yuragi boʻlgan sheʼriyatda til va milliy tarixiy xotira toʻliq mujassamlanib, birlashib qoladi.
“Ona tilimni muazzam va ulugʻ desam. Eʼzozlab boshga koʻtarsam, buning boisi oʻzimniki boʻlgani, jonimga yaqinligi uchun emas. Shunga ishonganim, iymon keltirganim uchun, mening ham bir-ikki tildan xabarim boʻlib, qiyoslash imkoniyatim borligi uchundir”, deb yozgan edi Erkin Vohidov.
Adabiy tilning haqiqiy va tom maʼnodagi yaratuvchisi xalq hisoblanadi. Har bir millat oʻz tilini mukammal adabiy darajaga koʻtarishga tabiiy va hayotiy ehtiyojni sezaveradi. Chunki har bir xalqning oʻziga xos adabiy tili nafaqat uning milliy oʻzligini yaqqol namoyon etadi, balki madaniyati va adabiyotining rivojlanishida eng qudratli va samarali vosita sifatida xizmat qiladi.
Tarixda har bir millatning vatanparvar farzandlari ona tillarining ravnaqi uchun kurashgan davrlarda oʻz lisonining ustunliklarini birinchi oʻringa qoʻyib, keng targʻib qilganlari bugungi kunda ham ibratli anʼanaga aylangan. Shu nuqtayi nazardan buyuk mutafakkir va bobomiz Alisher Navoiyning quyidagi mazmundagi fikrlarini esga olish lozim: “Fors tilini afzal koʻrib, unda ijod qilishni osonroq, deb oʻylaydigan turkiy yoshlar haqiqatni toʻliq anglamaydilar. Asl haqiqat shundaki, turkiy til ularning ona tili boʻlgani uchun bu tilda yozish ularga ancha osonroqdir, chunki bolalikdan bu tilni mukammal bilishadi va uning barcha boyliklari va imkoniyatlari ularga ochiq-oydin koʻrinadi”.
Afsuski, Navoiy davriga xos boʻlgan ilmli odamlar uchun mashhur boʻlgan rivoyatlar, paygʻambarlar qissalari va tasavvufiy aqidalarni sobiq ittifoq davrining mashʼum siyosati sabab oʻrganish imkoniyatidan mahrum boʻldik. Natijada Navoiy tilini lugʻatlardan oʻqib tushunsakda, uning chuqur mazmun-mohiyatini va nozik badiiy sanʼatini toʻliq anglashda qiynalmoqdamiz.
Oʻzbek tilining sof va tiniqligini himoya qilgan benazir shoir va mutafakkir Alisher Navoiyning izchil va samimiy kurashi bugungi globallashuv davrida, milliy tillar taraqqiyoti uchun qaygʻurish zarurati yanada kuchaygan sharoitda oʻta dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Mashhur adabiyotshunos va tilshunos olimlarimizning taʼkidlashicha, shoirning soʻz tanlash va undan foydalanish sanʼati oʻziga xos va noyob ijodiy mahorat maktabiga aylanishi mumkin.
Jahon adabiyoti tarixidan maʼlumki, ulugʻ adiblar badiiy asar tiliga va undagi har bir soʻz hamda iboraning maʼnaviy-estetik qiymatiga masʼuliyat bilan yondashgan. Alisher Navoiyning poetik mahorati va soʻzga boʻlgan ulkan masʼuliyatli munosabati bu borada eng oliy namuna boʻlib, asrlar davomida rivojlangan anʼana badiiy ijodning muqaddas qonuniyatiga aylandi.
Erkin Vohidov oʻz davrida ona tilimizning tolmas kurashchisi boʻlib maydonga chiqdi. Uning ijodi, jumladan, “Soʻz latofati” asari bu borada alohida eʼtiborga loyiq. Kitob xalq tafakkurini boyitib, til boyligini tomchida quyoshdek aks ettiradi. Muallif daho ajdodimiz Alisher Navoiyning “Muhokamat ul-lugʻatayn”idan ilhomlangan. Uning anʼanasini ixlos bilan davom ettirgan. Kitobdagi turkiy-arab-fors soʻzlar etimologiyasi, xalq maqollari sharhlari shoir falsafasini koʻrsatadi. «Gap koʻp, koʻmir oz, degan iborada men chuqur maʼno, tagdor fikr koʻrmadim. Suhbat choʻzilsa, sandalning choʻgʻi sovib qolgani uchun shunday deydilarmi? Bu gapda na badiiyat, na hikmat bor.
Oʻylashimcha, bu ibora aslida gap koʻpku, umr oz boʻlgan.
Ku qoʻshimchasining keyingi soʻzga qoʻshilib ketishidan umr koʻmirga aylangan. Asliyatni tiklasak, dunyoning dardini aytishga umr yetmaydi, degan falsafiy xulosa chiqadi». Bunday tahlillar shoirning milliy gʻamlarini ham aks ettiradi.
1980-yillarga kelib Erkin Vohidov ijodida milliy adabiyot istiqboli uchun muhim yangi gʻoyalar paydo boʻldi. “Avval Soʻz kelgan, Ollohning «boʻl” degan nidosi kelgan va mayda zarrachalar olamidan yangi Olam yaralgan. Agar shu ilohiy Soʻz kelmaganda olam kukunligicha qolgan boʻlardi». Ushbu asar shoirning soʻz bilan bogʻliq oʻy-fikrlari, ilmiy-nazariy qarashlari, insoniy tajribalari, milliy qadriyatlar, urf-odatlar, madaniy-diniy dunyoqarashini ifodalaydi. Inson hayotida soʻzning ahamiyati, millatlar oʻrtasidagi bogʻlanish va insoniyat birligi gʻoyasi chuqur seziladi.
Erkin Vohidov ijodi xalqning barcha qatlamlari tomonidan qadrlanib, sevilib oʻqiladi. “Soʻz latofati” kitobidagi “Ibtido”, “Uch daryodan suv ichgan dengiz”, “Axiy, men bitdim”, “Kenguru va belmes”, “Boʻyinbogʻ desang oʻlarmiding” maqolalari uning keng falsafiy-ilmiy dunyoqarashini namoyish etadi. Shoir badiiy va publitsistik asarlari bilan kitobxon qalblarini zabt etgan.
“Uch daryodan suv ichgan dengiz” maqolasida shoir shunday deydi: «Oʻzbek tilining buyuk dengizi ana shu uch buyuk daryo — turkiy, arabiy va forsiydan suv ichish barobarida eski lotin, xitoy, hind, moʻgʻul, rus, Yevropa tillaridan bahramand boʻlgan. Olimlarimiz allaqachon unut boʻlib ketgan koʻhna sanskrit soʻzlarini ham til xazinamizdan topganlar. Shu sabab tilimiz boy. Hech bir boshqa tilda boʻlmagan shakldosh soʻzlar sanʼati tuyuq oʻzbek tilida bor. Hech bir boshqa xalqda yoʻq askiya, soʻz oʻyini bizda mavjud».
Navoiy davri sheʼriyatida arab-fors soʻz-iboralari (zullisonaynlik) keng tarqalgan anʼana. Ular xalqlarning tarixiy-mushtarakligini aks ettirib, tillarni boyitadi va sheʼr mazmun-ohangini kuchaytiradi — bu umuminsoniy qadriyatlarning bayonidir. Erkin Vohidov sheʼr-dostonlarida ham oʻzbek tili lugʻati va tasvir vositalari ustalik bilan qoʻllangan, arab-fors unsurlari esa taʼsirni oshirgan.
Zero, Oʻzbekiston Qahramoni, ulugʻ shoirimiz taʼbiri bilan aytganda, bizning shunday ulugʻ sheʼriyatimiz bor, boylikda beqiyos ona tilimiz bor. Til millatning bosh belgisi hisoblanadi. Til bor — millat bor. Til yoʻq — millat yoʻq. Istiqlol unut boʻlgan davlatchiligimizni tikladi. Istiqlol unut boʻlgan davlatchiligimizni tikladi, yoʻq boʻlishga mahkum qilingan tilimizni, demakki millatimizni asradi va aziz qildi. Endi uning biz yoʻqotib ulgurgan boyligini tiklash, turlicha “izm” tamgʻalarini qoʻyib isteʼmoldan chiqarilgan soʻzlarni oʻrniga qaytarish, buning uchun mumtoz adabiyotimizni chuqur oʻrganish hozirgi avlod zimmasidagi sharafli burchdir.
Maʼsuma MOʻMINOVA.
Shahrisabz davlat pedagogika instituti dotsenti vazifasini bajaruvchi,
filologiya fanlari boʻyicha falsafa fanlari doktori (PhD).
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻrta Osiyodagi eng baland yangi yil archasi — Namanganda
- Nilufardan Qobiljongacha... Qobuljon Rossiyada etnik nafrat tufayli vahshiylarcha oʻldirilgan birinchi bola emas
- Oʻzbekistonda YTT va oʻzini oʻzi band qilgan shaxslar QR-kodsiz faoliyat yuritsa jarimaga tortiladi
- Yaldo tuni: Yerliklar bugun eng uzun tun va eng qisqa kunga guvoh boʻladi
- Hokim yordamchisi kimga yordamchi?
- Muhammad Rizo Ogahiy nomidagi xalqaro mukofot sovrindorlari maʼlum boʻldi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring