Ona-tabiat. Uni onamiz kabi asray olyapmizmi?

12:44 16 Dekabr 2020 Jamiyat
32433 0

Daraxtlarni noqonuniy kesganlik uchun jarimalar miqdori oshirildi. Bu davlat byudjetiga tushumlarni oshirishga qaratilgan chorami yoki yashil tabiatni asrab-avaylashga boʻlgan yana bir qadammi? Jinoyat kodeksining 198-moddasi, Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksining 78, 79-moddalariga kiritilgan oʻzgartishlar ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokama qilinmoqda.

Ekologik muammolarning achchiq oqibatlari haqida gapirganda uzoqqa borish shart emas. Orol dengizining qurib qolishi misolida biz ekologik inqiroz keltirib chiqaradigan oqibatlarning guvohi boʻldik. Atrof-muhitga bunday masʼuliyatsiz munosabat ona tabiat tomonidan juda katta kuch va gʻazab bilan javob qaytarilishi mumkinligini boshdan kechirdik.

Bugun Yer sharining ekvator chizigʻiga yaqin joylashgan davlatlar hududiga qurgʻoqchilik katta xavf solayotgan, qirgʻoqlarini okean suvlari yuvib turgan mamlakatlar esa toshqinlar va toʻfonlar natijasida zarar koʻrayotganini kuzatyapmiz. Umuman olganda butun ekotizim koʻz oldimizda qulamoqda, har yili oʻn million gektargacha oʻrmon yoʻq boʻlib bormoqda. Maʼlumotlarga koʻra, har yili havo va suv ifloslanishidan toʻqqiz milliongacha odam vafot etadi, bu koronavirus pandemiyasining hozirgi zararlaridan olti baravar koʻpdir.

Qonun va normativlar hujjatlarga kiritilgan oʻzgartirishlar orqali jazo turlarining ortgani bu avvalo, jinoyat sodir etish darajasini kamayishiga olib kelishi shubhasiz. Negaki, baʼzi jinoyatlar aynan jazo turining mukammal boʻlmaganligi, yengilligi va boshqa koʻrinishlari sabab tez va qayta sodir boʻlaveradi. Bunday vaziyat qasddan ushbu ishga qoʻl uruvchilarning jazodan koʻra, qilgan jinoyatlaridan koʻproq manfaatdorlik topishlari ortidan boʻlishi mumkin.

Bugungi global davrda insoniyatni ekologik muammolar ham chetlab oʻtganicha yoʻq. Yashil tabiatni asrab qolish uchun avvalo, uni qonunan qaʼti himoya qilinishi, qonunbuzarliklarning oldini olish choralari koʻrilishi lozim. Aks xolda har qanday qilingan koʻkalamzorlashtirish, oʻrmonzorlashtirish ishlari yetarli darajada foyda bermaydi.

Shuningdek, ushbu qonun buzilishlarining oldini olish uchun davlat monitoringidan ruxsatnomalar olish tartibini ham koʻrib chiqish lozim boʻladi. Negaki, baʼzi hollarda aholi turmush tarzi uchun zarur boʻlgan oʻsimliklarni qasddan emas aksincha hayotiy ehtiyoj natijasida zarar yetkazishga majbur boʻlib qolishi mumkin. Ushbu vaziyatda sodir boʻlishi mumkin boʻlgan qonunbuzarlikni oldini olish choralari koʻrilishi lozim. Yaʼni, daraxtlarni kesish, yashil tabiatga zarar yetkazish sabablari puxta oʻrganilib chiqilishi zarur.

Kuz-qish mavsumida oʻrmon, saksovulzor hamda boshqa hududlarda yashil tabiatga tajovuz kuchayadi. Internet va ijtimoiy tarmoqlar orqali kuzatamizki, qonunbuzarlarning masʼul xodimlardan yuk mashinalarida qochishlari yoki ularga nisbatan jismoniy kuch ishlatish holatlari mavjud. Hayotiy majburiyat yuzasidan jinoyatga olib keluvchi sabablarning oldi olinmas ekan, qonunlarning takror buzilish holatlari koʻpayib, birinchidan, korrupsiyaga, ikkinchidan, majburiy qonunbuzarlikka olib keladi.

Umuman olganda har birimizda ekologik madaniyat boʻlmas ekan, mavjud resurslardan oqilona foydalanish koʻnikmasi shakllanmas ekan ekologik xavf-xatarlar biz bilan yonma-yon boʻlaveradi.

Nodir JUMAYEV,
iqtisod fanlari doktori, professor

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер