Ona men keldim degin...

Illyustrativ foto
“Albatta, bolalar uylari va ulardagi yetimlar soni kamaygani, xalqimizning yuksak ma’naviyati, iymon-insofi va bolajonligini ko‘rsatib turibdi. Lekin, mamlakatimizda umuman yetimlar bo‘lmasa, yanada yaxshi bo‘lar edi. Shuning uchun, imkon qadar ularni munosib oilalarga farzandlikka berishni tezlashtirish choralarini ko‘rish lozim”.
Shavkat Mirziyoyev.
Hofizaning qo‘shig‘ini tinglab, yuraklar sel bo‘lib ketadi. “Bolam kelsang qay mahal, ko‘zim yo‘lingga maxtal, qoshimga kelib har gal — “ona men keldim, degin...” Bu qo‘shiq emas nola. Ona va bola o‘rtasidagi mehrdan yaralgan rishta.
Bu qo‘shiqni bejiz esga olmadik. Yaqinda Kitob tumanidagi oilaviy bolalar uyi rahbari Nafosat Samiyeva qarovsiz qolgan to‘qqiz yoshli Umidani (ismi o‘zgartirilgan) ilk qabul qilayotganda beixtiyor unga qarab, “ona men keldim, degin” deb yubordi. Umida ham to‘qqiz yildan buyon ona diydoriga mushtoq emasmi, opaning bag‘riga o‘zini otib, “ona men keldim” deb ko‘zlaridan shoshqator yosh oqdi.
Binobarin, yurtimizda mehribonlik uylari tugatilib, yetim va qarovsiz qolgan farzandlar oilaviy bolalar uylariga jalb etilgach, ularning ruhiyati o‘zgardi, tafakkurida oila a’zosi ekani haqida ulug‘ tushuncha paydo bo‘ldi. Muhimi esa ota-ona, qo‘ni-qo‘shni, amma-xola va mahalladoshlar qurshovida oila atalmish qadrdon saltanatning a’zosi ekanini ular teran his qilishmoqda. Oilaviy muhitga ilk qadam qo‘ygan Umidaning “ona men keldim” deb o‘zini Nafosat opa quchog‘iga otishi ham oila atalmish muqaddas rishtalarning uzib bo‘lmasligidan dalolat berib turibdi. Chunki bolaning begonasi bo‘lmaydi.
—To‘g‘risi Umidaning bag‘rimga bosganimda mening ham ko‘zlarimdan yosh chiqib ketdi,—deydi N. Samiyeva. —Bu tuyg‘uni so‘z bilan ifodalash anchayin mushkul. Bu qalban yaqinlik, mehr va oqibat rishtalarining tutashuvidir. Umida 9 yoshga qadam qo‘yayotgan bo‘lsa-da, hali maktab ko‘rmagan, o‘qish yozishni bilmaydi. Shuning uchun uni bu yil 1 sinfga chiqaraman. Lekin zehni o‘tkir, fikrlari teran qizaloqligi fikrlaridan sezilib turibdi.
Oilaviy muhitga ko‘nika boshlagan Umidaning fikrlari bilan qiziqdik.
-Bu yerda opalarim bor,- deydi u. –Ular shunday mehribonki, asti qo‘yaverasiz. Menga o‘qish va yozishni o‘rgatishyapti. Yaqinda maktabga boraman, onajon menga sumka, daftar-qalam olib berdi.
-Kelgusida kim bo‘lmoqchisan?
-Shifokor bo‘laman, hammani davolayman. Dunyoda hech kim kasal bo‘lmaslini istayman...
2022 yilda Nafosat Samiyeva tashkil etgan bu oilaviy bolalar uyida Umida bilan birga yana 4 nafar farzand tarbiyalanmoqda. Mubina Tojiboyeva 12 yoshda, Bo‘rixol Eshnazarova 11 yoshda Karomat Nazarova 10 yoshda va Jonibek Eshnazarov 9 yoshda. Ular Nafosat opani “ona” deb chaqirishadi, o‘z onasiday ko‘rishadi. Eng muhimi ular yuragida yetimlik degan tuyg‘u batamom o‘chib ketgan. Bir oila farzandlari bo‘lib, ulg‘ayishmoqda. Bu mamlakatimizda yetim bolalarni oilaga qaytarish, oilaviy muhitda kamolga yetkazish yo‘lida olib borilayotgan siyosatning amaliy natijasidir.
Umidaning onasi Farog‘at Aminova (ismi o‘zgartirilgan) hayoti havas qilgulik emas. U umidi va ishonchi bo‘lib dunyoga kelgan qizalog‘i Umidaning taqdiri bilan qiziqmadi. Hatto tug‘ilganlik to‘g‘risida guvohnoma olishga ham shoshilmadi. Ajablanarlisi, Umida 9 yoshga qadam qo‘yayotganda ham tug‘ilganlik to‘g‘risida guvohnomasi yo‘q edi. Bunda faqat onani ayblasak xato bo‘ladi. Nahotki qo‘ni-qo‘shni, mahalla ko‘y, qavmu qarindoshlar Umida taqdiriga befarq bo‘lishsa? Xo‘p, ona loqayd ekan, nazoroat organlari qayoqqa qaradi? 9 yoshga qadam qo‘yayotgan qizchaning hali hujjati yo‘q ekanligini eshitib, yelka qisib qo‘yamiz, xolos. Ammo unda o‘zimizning ham aybimiz borligini o‘ylab ko‘rmaymiz, Nega shunday?
-Umida Surxondaryo viloyatining Sariosiyo tumanida dunyoga kelganini aniqladik,- deydi Qarshi tumani hokimligi Bolalarni himoya qilish shoʻbasi mudiri Ma’mur Abdullayev. – Surushtiruvlarimiz natijasida u 2014 yilning 23 avgustida tug‘ilgani to‘g‘risidagi hujjatni topdik. Ammo Surxondaryo va Qashqadaryo viloyati arxivlari birorta FXDYO organi tomonidan unga guvohnoma berilmagani ma’lum bo‘ldi. Bunday holatda Farog‘at Aminova vaqtincha ijarada yashagan Qarshi tumanidagi Bog‘obod mahallasi Saroy qishlog‘i asos qilib olinib, Qarshi tuman hokimligi Bolalar masalalari bo‘yicha tuman komissiyasi tomonidan hududiy FXDYO organi orqali Umidaga tug‘ilganlik to‘g‘risida guvohnoma rasmiylashtirildi. Komissiya xulosasiga ko‘ra, qizchani oilaviy bolalar uyiga joylashtirdik.
Hechdan ko‘ra kech deganlaridek, Umida oilaviy muhitdagi mehribon qo‘llarga o‘tgani quvonarli, albatta. Yaqinda u maktabga chiqadi, xat-savodli bo‘ladi. Ammo onasi Farog‘at-chi? Uning kelgusi taqdiri nima bo‘ladi?
-Farog‘at Aminova bilan u qamoqqa olingan muassasada uchrashdim,- deydi M. Abdullayev. – Sayoq yursang, tayoq yeysan, deganlaridek, bu ayol o‘g‘irlikda gumon qilinib, xibsga olingan. Eshitishimga qaraganda u ijara haqini to‘lay olmay, qabix ishga qo‘l urganlikda gumon qilinmoqda. Unga qizi Umidaga tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnoma rasmiylashtirilib, oilaviy bolalar uyiga joylashtirilgani haqida aytganimda hungrab yubordi. Qizini ishonchli qo‘llarda ekanidan boshi ko‘kka yetdi. Qilgan ishlaridan pushaymonligini, kelgusida halol yashab, farzandi oldida onalik burchini ado etishi haqida gapirdi.
Bilasizmi, hatto Farog‘atning qo‘lida pasporti ham yo‘q. Kimlardir olib qo‘yib, qaytarib bermagan yoki aldovlarga duchor qilishgan. Alqissa, gazetxonda hayotda bunday aldanganlar ko‘p-ku, nega siz aynan shu ayol taqdiri haqida yozyapsiz, degan savol tug‘ilishi tabiiy. Gap shundaki, farzandlarning yengil-yelpi yo‘lga kirib ketishi, sayoq yurishi yoki jinoyatga qo‘l urishi bu faqat o‘sha shaxsning fojeasi emas. Bu – sizning, bizning, qolaversa barchamizning xatomiz yoki befarqligimiz oqibatidir. Agar bir bola yomon yo‘lga kirsa, “u birovning bolasi” yoki “menga nima?” deb qo‘l siltab qo‘yamiz. Axir u begona emas, o‘z millatimiz, o‘z yurtimiz, jonajon O‘zbekistonimiz farzandi-ku! Agar befarqlik, loqaydlik davom etaversa, bu fojea bir kun kelib, o‘zimizning boshimizga ham tushmasligiga kim kafolat beradi?
Shunday ekan, bu ayol taqdiri, o‘nlab Farog‘atlarning taqdiriga saboq bo‘lishini istaymiz. Vaqti kelib ularning oilasi bo‘lishini, ona sifatida farzandi yutuqlaridan quvonishini, har doim sog‘inib yashashini xohlaymiz. Bir kun kelib Farog‘at ham qilmishidan pushaymon bo‘lib, o‘zi uchun yangi, yorqin hayot yo‘lini tanlashiga, kasbli, ishli, uyli va oila bo‘lib, har kuni tilida shu so‘zlar yangrashiga ishongimiz keladi: “ona men keldim degin”, “mana men keldim degin”...
Faxriddin BOZOROV, “Xalq so‘zi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistonda doimiy aholi soni har kuni necha kishiga oshyapti?
- Shahram Gʻiyosov tajribali raqibini muddatdan oldin magʻlub etdi
- Yana bir bozor auksionga qoʻyildi
- Oʻzbekiston pasporti xalqaro indeksda past natija qayd etdi
- Abdulaziz Komilov Italiyaning eng yuqori davlat mukofoti bilan taqdirlandi
- Samarqand yana bir nufuzli forumga mezbonlik qiladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring