Omoch bilan dehqonchilik maktabini yaratgan qiziltomliklar

16:53 27 Sentyabr 2024 Jamiyat
293 0

Jahongir BOYMURODOV/“Xalq soʻzi”. Hali ham omoch bilan yer haydab dehqonchilik qiladigan, boshoqli, dukkakli ekinlarni qoʻlda oʻrib, hoʻkiz, ot yordamida yanchib hosilini oladigan, oddiy tegirmondan voz kechmagan qishloqlar borligini tasavvur etish qiyin. Ammo Qamashi tumanidagi Qiziltom qishlogʻi aholisining kundalik turmush tarzi shunday. Sababi baland togʻlar orasida joylashgan bu manzilga texnika olib kelish, olib kelganda ham uni yoqilgʻi bilan taʼminlash imkoni yoʻq.

Shunga qaramay, qishloq ahli tomorqachilikda tilga tushayotgani eʼtiborga molik. Biz qiziltomliklarning dehqonchilik ishlari bilan tanishish maqsadida ushbu qishloqqa tomon yoʻlga tushdik.

Qiziltomga borish uchun dastlab Qarshi shahridan Qamashi tumanining Qiziltepa qishlogʻiga qadar qariyb 70 chaqirim yoʻl bosib oʻtish lozim. Bu yerdan to Maydanak choʻqqisiga borguningizga qadar esa yana 80 chaqirim togʻli yoʻl, 20 dan ortiq qishloqlarni bosib oʻtasiz. Maydanak choʻqqisiga yetgach yoʻl ham, qishloqlar ham tugagandek taassurot uygʻonadi. Chunki naryogʻi yam-yashil archazorga burkangan baland choʻqqilar, ularning ortida yovvoyi tabiat goʻzalliklaridan boshqa biror narsa boʻlishi mumkinligiga ishonish qiyin. Ammo ana shu choʻqqilar ortida nafaqat tuman, balki Qashqadaryo viloyatidagi eng chekka qishloqlardan biri — Qiziltom qishlogʻi joylashgan. Qishloqdagi yuzdan oshiq xonadonda mingga yaqin aholi istiqomat qiladi.

Baland togʻ qoyalari oralab oʻtgan tuproq yoʻl orqali Qiziltomga borish oson ish emasligini safarimiz davomida his etdik. Maydanak choʻqqisiga qadar oddiy mashinalarda harakatlanish mumkin boʻlsa, naryogʻiga togʻ yoʻllarida yurishga moslashgan maxsus texnikalar zarur. Ularsiz Qiziltomga borib boʻlmaydi. Shu bois ham bu qishloq tashqi olamdan ancha uzilib qolgan. U yerga masʼul rahbarlarning ham oyogʻi doim yetavermaydi, muammolar ham kam emas. Ammo biz hozir bular haqida toʻxtalmoqchi emasmiz. Ana shu goʻzal tabiat qoʻynidagi odamlarning qiyin murakkab sharoitda ham dehqonchilik qilib, bu borada oʻziga xos maktab yaratgani haqidagi taassurotlarimizni siz bilan boʻlishishni istaymiz.

Qiziltomning gir atrofi baland qoyalar bilan oʻralgan boʻlsa-da, aholi dehqonchilik qiladigan soylikdagi tuproq nihoyatda mayin, unumdor ekan. Shu qishloqlik Tursoat Bolliyev buning sababini quyidagicha tushuntirdi.

— Qishlogʻimizga texnikalar kirib kelishi oson ish emas, — deydi u. — Texnika boʻlganda ham yoqilgʻi boʻlmaydi. Shu sabab barchamiz hoʻkiz bilan omoch tortib, yer agʻdaramiz. Natijada yer qotib qolmaydi. Tuproqqa doim qoʻlda ishlov berilgani bois toshlardan tozalab turiladi. Bundan tashqari, bu yerlarga turli mineral oʻgʻitlarni olib kelish ham muammo. Asosan mahalliy oʻgʻitlardan foydalanamiz. Tuprogʻimizning mayin va unumdorligining boisi shunda.

Tursoat Bolliyevning maʼlumot berishicha, ekin yerlarining bir qismi hududdagi buloqdan sugʻorilsa, lalmikor maydonlarda arpa, bugʻdoy, noʻxat, zigʻir, maxsar va shu kabi ekinlarni yetishtirish imkoni mavjud.

Aholi sugʻoriladigan maydonlarda asosan kartoshkachilik bilan shugʻullanar ekan. Bu borada ular katta tajriba toʻplashgan. Omoch bilan haydalgan yerda buloq suvini simirib yetilgan kartoshkalar salmoq borasida ham, chiroy borasida ham har qanday bozorning old mahsuloti boʻla oladi.

— Har yili 60 sotixdan koʻproq maydonda kartoshka yetishtiraman, — deydi shu qishloqlik Feruz Raupov. — Yiliga 50 tonna atrofida sara kartoshka olamiz. Bundan tashqari, lalmi maydonda noʻxat, arpa yetishtiramiz. Hovlida mevali daraxtlarimiz, biroz chorvamiz bor. Yil boʻyi tomorqa va chorva ishlari bilan band boʻlamiz. Shu mehnatlarimiz ortidan dasturxonimiz toʻkis, hayotimiz farovon.

Biz borgan kuni Qiziltomda barchaning kayfiyati chogʻ, erkaklarning aksariyati hasharga chiqib ketishgan ekan. Ularning aytishicha, Hukumatimiz tomonidan “Barcha islohotlar inson qadri uchun” tamoyili asosida amalga oshirilayotgan keng koʻlamli qurilish, bunyodkorlik, obodonlashtirish ishlarining shabadasi Qiziltomga ham yetib kela boshlabdi. Tegishli dastur asosida qishloqqa kelayotgan yoʻlning bir qismida taʼmirlash ishlari amalga oshirilayotgan, bundan ruhlangan qishloq odamlarining ham oʻzlari tashabbus koʻrsatib, hasharga oshiqqan ekan.

Odamlarning aytishimcha, qishloq ahlining hayoti yanada farovonlashishida bu yoʻl juda katta ahamiyatga ega.

— Barcha xonadonlar tomorqadan kartoshka hosilini yigʻib olishgach, uni tuman markaziga olib borish uchun yuk mashinasi yollaymiz, — deyishdi ular. — Oʻtgan yili bitta yuk mashinasi 5 million soʻm bilan kelgandi. Mana endi yoʻl yaxshilangach, 2 million soʻmga ham keladigan yuk mashinalari topiladi. Yoki oʻzimiz tuman markaziga borib qaytishimiz uchun kamida 1 million soʻmni yoʻlga sarflardik. Endi shuning yarmi bilan ham markazga borib kelish imkoni tugʻiladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер