Ommaviy qabullar davom etmoqda

18:19 03 Noyabr 2022 Jamiyat
243 0

Prezident Xalq qabulxonasi Nukus shahrida tashkil qilgan navbatdagi ommaviy qabul tongda boshlanib, qariyb 14 soat davom etgani ham xalq bilan doimiy muloqot olib borish hayotning naqadar oʻtkir talabi ekanini yana bir marta isbotlab berdi. Ochiq-jonli muloqotlarda asosan elektr energiyasi, uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish, mehnat va bandlik, tadbirkorlik, sogʻliqni saqlash, ijtimoiy himoya kabi yoʻnalishlarda murojaatlar koʻp boʻldi.

Nukus shahridagi “Qutlimakon” mahallasida yashovchi Alisher Yoʻldoshev va Yunus Abdullayev murojaatlari asosida hududdagi 64 ta eskirgan simyogʻochlarni beton ustunlarga, eskirgan transformatorni yangisiga almashtirish belgilab olindi. Beton tayanchlar oʻrnatish ishlari esa shu kunning oʻzida boshlab yuborildi.

Muloqotlar davomida avvalgi murojaatlar boʻyicha sektorlar kesimida belgilangan vazifalar ijrosi ham oʻrganilib, bu boradagi ishlar jadallashtirildi. Aytaylik, Nukus shahridagi 21-daha 12 “b” uy aholisi murojaatlari asosida mazkur uyning tomini taʼmirlash belgilangan boʻlib, ayni paytda bu boradagi ishlar yakuniga yetkazilyapti. Eʼtiborlisi, bu uyning tomi yarim asrdan ziyod vaqt oʻtib, ilk marta yangilanyapti. Shuningdek, 3-sektorda joylashgan mazkur hududdagi 51-uyning yertoʻlasi tozalanib, yoʻlaklar, fasadlar taʼmirlanmoqda.

Nukus shahri 4-sektoridagi “Qattiagʻar” mahallasi aholisi murojaatlari tahlilidan soʻng ham koʻp qavatli uylarning tomi taʼmirlanyapti.

“Xalqlar doʻstligi” mahallasidagi 9 qavatli mana bu uyda yashovchi aholini esa lift masalasi anchadan beri oʻylantirib kelardi. Bu boradagi murojaatlar asosida ayni kunlarda mazkur lift ham yangilab berilyapti. Bu galgi qabullarda ayni shunga oʻxshash aholi hayoti va kayfiyatiga bevosita daxldor yangi-yangi masalalarni hal qilish boʻyicha aniq muddatli vazifalar belgilandi.

Qoraqalpogʻiston 2-sektori masʼullariga murojaatlar asosida nukuslik Jalgʻas Yesenbayevning kompyuter xizmatini, Orolboy Qozoqovning tikuvchilik korxonasi, Temur Saparovning esa avtomobillarni yuvish shoxobchalarini tashkil qilishi uchun imtiyozli kreditlar ajratish bilan bogʻliq masalalari hal qilib berildi.

Nukuslik Biybigul Jalolovaga uyida goʻzallik saloni ochib oʻzini-oʻzi band qilishi uchun yordam koʻrsatishga qaror qilingan boʻlsa, Yernazar Maksetovga veb dasturlash va axborot texnologiyalari yoʻnalishida oʻz ishini yoʻlga qoʻyishi uchun subsidiya hisobidan zamonaviy kompyuter jamlamasi olib beriladigan boʻldi.

Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universitetining sirtqi boʻlimi 4-bosqich talabasi Ulzoda Taumurodova esa murojaatidan soʻng oʻzi taʼlim olayotgan universitetga ishga qabul qilindi.

Jurnalistika ixtisosligi boʻyicha oliy taʼlim olgan nukuslik Guljayna Aynazarova esa Qoraqalpogʻiston teleradiokompaniyasi tizimida ish boshladi.

Nukus shahridagi Teleoray mahallasida yashovchi Indira Amandiliyevaning esa bir murojaati asosida bir yoʻla uch masalasiga yechim topildi. Ogʻir ijtimoiy ahvoldagi ayolning oʻzi maktabgacha taʼlim tashkilotiga, turmush oʻrtogʻi esa qurilish korxonasiga ishga qabul qilinadigan, nogironligi bor farzandini davolatishga amaliy yordam beriladigan boʻldi.

Nukusning “Qumbiz” mahallasida yashovchi Gulbahor Sarsenboyevaning ham toʻrt masalasi shu yerda bitdi: maktabgacha taʼlim tashkilotlardan biriga tarbiyachi boʻlib ishga olingan Gulbahorga ishdan soʻng uyida maktabga tayyorlov kursini yoʻlga qoʻyishi uchun sharoit yaratiladigan, talaba singlisiga kontrakt toʻlovining yarmi toʻlab beriladigan, ular oʻzini tiklab olguniga qadar ipoteka kreditiga olingan uy-joyi toʻlovini toʻlashga ham koʻmak koʻrsatiladigan boʻldi.

Xuddi shunday muloqotlar asnosida ogʻir ijtimoiy ahvoldagi bir qator oilalar talaba farzandlarining shartnoma toʻlovlarini toʻlash bilan bogʻliq masalalarga ham shu yerda yechim topildi. Deylik, ikki farzandini oliy taʼlim muassasasida oʻqitayotgan nukuslik Dina Dariboyeva oʻgʻlining ham shartnoma toʻlovi Yoshlar ishlari agentligi jamgʻarmasi hisobidan toʻlab berilishi belgilandi.

Nukusning Yoʻlchilar mahallasida yashovchi Diloram Ochilova, Shaydagul Majidova, “Janabazar” mahallasidan Bagʻdagul Izimova bir xil masalada murojaat qilishdi: uch ayolning ham uy-joyi termitlardan zarar koʻrgan, uchalasining-da uylarini taʼmirlashga qurbi yetmayotir. Oʻrganishlar asosida ularga bu borada amaliy koʻmak berilib, baʼzilariga qurilish materiallari olib beriladigan, ayrimlariga esa mablagʻ ajratiladigan boʻldi.

Xuddi shunday murojaatlar boʻyicha oʻrganishlar asosida nukuslik 2-guruh nogironi Rasul Nuriddinov, 1-guruh nogironi Qoʻnisboy Berdimurodov, boquvchisini yoʻqotgan, ogʻir ijtimoiy ahvoldagi Oygul Jumanazarova, Saltanat Toʻlaganova, Mayramgul Madreymova, Gulnoz Ayimbetova singari bir qator ehtiyojmand insonlarga uy-joyini taʼmirlashi, Alvina Yesbergenovaga hovlisida isitish tizimini yoʻlga qoʻyishi, Lola Norboyevaga tikuv mashinasi olishi, Dilafroʻz Davletovaga kredit qarzdorligini soʻndirishi uchun moddiy yordam koʻrsatilishi belgilandi.

Muxtasar aytganda, Prezident Xalq qabulxonasi Nukus shahrida tashkil qilgan navbatdagi ommaviy qabulda 360 nafar murojaatchining 402 ta masalasi koʻrib chiqilib, ularning 165 tasi yoki 41 foizi joyida hal qilindi, 40 nafar murojaatchiga huquqiy tushuntirish va maslahat berilgan boʻlsa, 197 ta murojaat nazoratga olindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер