Oltin vodiyning shaffof gavhari
Mamlakatimiz har bir hududi nafaqat tabiiy iqlimi, balki boy tarixiy merosi, o’ziga xos udumlari, turmush tarzi, hatto turfa an’analari bilan bir-birini aslo takrorlamaydi. Shu bois ham bu yurtni ko’rmoq, uning havosidan nafas olmoq istagida dunyoning turli burchaklaridan tashrif buyurayotgan sayyohlar soni yil sayin ko’paymoqda. Xususan, turizm sohasidagi yuksak salohiyat, zamonaviy infratuzilmaga ega Andijon viloyatidan mahalliy va xorijiy mehmonlarning qadami uzilmaydi.
Farg’ona vodiysining sharqiy qismida joylashgan mazkur viloyat tarkibida 14 tuman va 11 shahar bo’lib, umumiy maydoni 4,2 ming km. kvadratdan iborat. Havosi mh’tadil. Yozda issiq, qishda sovuq. Ayni shu jihat yil davomida sayyohlik xizmatlarini taklif etish, sohaning yangi-yangi yo’nalishlarini o’zlashtirish imkonini beradi.
Hududda 370 dan ziyod madaniy meros ob’ektlari mavjud. Ularning har biri bamisoli o’tmishning o’qilmagan sahifasi. “Jom’e” va “Ahmadbek hoji mehmonxonasi” majmualari, “Qutayiba ibn Muslim”, “Shirmonbuloq”, “Imom ota” ziyoratgohlari Andijon tarixidan so’zlovchi maskanlar sifatida ko’pchilikning e’tiborini tortayotgan bo’lsa, “Mingtepa” yodgorligi, “Xontoq” va “Fozilmon ota” dam olish maskanlari don-i dunyoga ketgan. Bu erga hatto Frantsiya, Yaponiya, Xitoy kabi ko’plab xorijiy davlatlardan mutaxassislar tashrif buyurib, izlanishlar olib borishmoqda.
Andijonning Eski shahar qismidagi hunarmandlar rastasi esa kechayu kunduz mehmonlar bilan gavjum. Sababi, hunarmandlar shu erda istiqomat qilib, otameros kasb-korlarini yuritadilar. Bu esa sayyohlarga milliy hunarmandchilik mahsulotlari yaratilish jarayoniga yaqindan guvoh bo’lish, ayni chog’da uning ishtirokchisiga aylanish imkonini beradi.
Sayyohlarga sifatli xizmat ko’rsatish maqsadida viloyatda zamonaviy mehmonxonalar bunyod etilmoqda. Birgina Andijon shahrida “Bog’ishamol”, “Andijon”, “Andijon elita”, “Karvonsaroy”, “Afrosiyob”, “Hamkor” kabi 20 ta mehmonxona faoliyat ko’rsatayapti.
— Davlatimiz rahbarining sohaga oid Farmon va qarorlarida belgilab berilgan ustuvor vazifalardan kelib chiqib, viloyatda turizm va turistik xizmatlar eksporti hajmini oshirishning manzilli chora-tadbirlar loyihasi ishlab chiqildi, — deydi Turizmni rivojlantirish davlat qo’mitasining Andijon viloyati bo’yicha vakolatli vakili Adhamjon Usmonov. — Unga muvofiq, sayyohlik ob’ektlarini rekonstruktsiya qilish va obodonlashtirish, xizmat ko’rsatish sifatini oshirish, turizm va sayyohlik infratuzilmasini rivojlantirish borasidagi ishlar ko’lami kun sayin ortmoqda.
Qolaversa, sayyohlarga qo’shimcha qulayliklar yaratish maqsadida avtomobillarni ijaraga berish, dunyo bo’yicha aviabiletlar sotib olish xizmatlari yo’lga qo’yildi.
Sayyohlarni kengroq jalb etish, milliy urf-odat va ana’analarimizni ularga yaqindan tanishtirishda “Palov sayli” kabi tadbirlarning muntazam o’tkazilayotgani, zamonaviy infrutuzilma ob’ektlari bilan birga, choyxonalar bunyod etilayotgani qo’l kelmoqda. Masalan, “Mirpo’stin ota” ziyoratgohi yonida 1000 o’rinli choyxona foydalanishga topshirilishi ham viloyat turistik salohiyati oshishiga xizmat qilayapti.
Sayohat o’tmishni eslamoqdan boshlanadi
Andijonga tashrif buyurgan kishi borki, dastlab muzeylar faoliyati bilan tanishadi. Zero, mazkur madaniyat maskani o’tmish bilan bugunni bog’lovchi ko’prikdir. Bugungi kunda viloyatda 5 ta muzey faoliyat ko’rsatayotgan bo’lib, ular orasidan, ayniqsa, O’lkashunoslik muzeyiga tashrif buyuruvchilar soni ko’p.
1934 yilda tashkil etilgan ushbu muzeyda 30 mingdan ortiq noyob eksponatlar saylanayotgan bo’lib, ular Farg’ona vodiysi xalqlari tarixi, turmush tarzidan so’zlaydi. Vodiy tabiati, tabiiy boyliklariga oid eksponatlar, tarixiy hujjat va adabiyotlar, shu jumladan, 300 ga yaqin tasviriy san’at asarlari, 1000 dan ortiq amaliy san’at buyumlari mehmonlarda katta qiziqish uyg’otmoqda. Hozirgi paytda muzeyning Asaka, Shahrixon, Qo’rg’ontepa, Ulug’nor, Jalaquduq kabi tumanlarida filiallari ham ishlab turibdi.
O’lkashunoslik muzeyiga tutash hududda joylashgan Jom’e madrasasi tarixiy obidalardan yana biri bo’lib, u 1883-1890 yillarda bunyod etilgan. Masjid, madrasa va minoradan iborat majmuaning uzunligi 123 metr. Madrasa sharqqa qaratib qurilgan. Maydon o’rtasida peshtoq qad ko’targan. Uning ikki yonida bezakdor minora bor. Burchaklarida gumbazli darsxonalar, ularning o’rtasida ikki qavatli hujralar joylashgan..
Majmuaning g’arbiy qismida masjid bor. Uning tarhi to’g’ri burchakli xonaqoh va uch tomoni qator ustunli, shifti bezakdor ayvondan iborat. Minora balandligi 32 metr.
Andijon viloyati hokimligining tashabbusi bilan ayni paytda bu erda olib borilayotgan ta’mirlash ishlari majmuaga yangi hayot bag’ishlamoqda. Zero, u kelgusida viloyat madaniy-ma’rifiy tadbirlari o’tkaziladigan asosiy maskanga aylanadi.
Andijon hiloli
Hududda turizmni rivojlantirishda maqsadida tarixiy obidalar qayta ta’mirlanib, muqaddas qadamjolar obod qilinmoqda. Xususan, tarixi bevosita viloyat o’tmishi, qadriyati, aholi turmush tarzi bilan chambarchas bog’liq bo’lgan “Devonaboy” masjidi tanib bo’lmas darajada o’zgarib, yangicha qiyofa kasb etmoqda. Uning naqshinkor minoralari, zamonaviy va Sharq me’morchiligi uyg’unlashtirilgan loyiha asosida qad rostlagan hashamatli binosi, biri-biridan mahobatli to’rtta darvoza, bitta xonaqo, ko’shk va ayvonlari, muhtasham devorlari shahar husniga hilol kabi yarashib turibdi.
Xorijlik sayyohlarni o’ziga jalb etgan maskanlardan yana biri Marhamat tumanidagi Mingtepa arxeologik manzilidir. U ikki yarim ming yillik tarixga ega bo’lib, YUNESKO ro’yxatiga kiritilgan.
Manbalarda keltirilishicha, u Mingtepa Davan (Farg’ona) davlatining poytaxti bo’lgan. Xitoy ijtimoiy fanlar akademiyasi va O’zbekiston Fanlar akademiyasi hamkorligida besh yildan buyon olib borilayotgan izlanishlar natijasida bu erda 2-2,5 metr tuproq ostida katta shahar xarobalari topildi. Mudofaa devorlari, ichki va tashqi yo’llar, qal’a o’rni, aholi turmush tarzidan hikoya qiluvchi turli ashyoviy dalillar tarixning ochilmagan sahifasidan hikoya qilmoqda.
— Mudofaa devorlarining o’ziga xos uslubda pishirilgan loydan bunyod etilganligi o’sha davr me’morchilik san’atidan ogoh etadi, — deydi qadimshunos professor Boqijon Matboboev. — Necha ming yillar o’tgan bo’lsa-da, devorlar yaxshi holatda saqlangani, mustahkam sopol buyumlar, qurilish ashyolari topilgani o’sha davrda hunarmandchilik rivojlanganidan dalolat beradi.
Ayni paytda O’zbekiston — Xitoy qo’shma xalqaro arxeologik kompleks ekspeditsiyasi Farg’ona vodiysidagi eng katta qadimshunoslik yodgorligi – Mingtepa shahri xarobasida qidiruv ishlari olib bormoqda. Qazishmalarda O’zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Arxeologiya instituti (Samarqand), Xitoy Xalq Respublikasi Ijtimoiy Fanlar akademiyasi Arxeologiya instituti (Pekin), Bobur xalqaro jamoat fondi mutaxassis olimlari hamda Andijon davlat universiteti tarix fakulteti talabalari, professor-o’qituvchilari faol qatnashmoqdalar.
Qazishma ishlari Mingtepa Buyuk Ipak yo’li boshlangan miloddan avvalgi II asrdan milodning V-VI asrlarigacha karvonlar qo’nim topgan, rivojlangan azim shahar bo’lganidan dalolat bermoqda. Asrlar hikmati va sirlarini yashirgan ushbu maskanda arxeologik izlanishlar davom etmoqda.
Ham ziyorat, ham sayohat
Hududda muqaddas qadamjolarning ko’pligi keyingi paytda sayyohlikning yana bir turi — ziyorat turizmini rivojlantirish qo’l kelmoqda. “Fozilmon ota” ziyoratgohi shunday qutlug’ maskanlardan biri hisoblanadi. Ushbu qadamjoda ziyorat qilish, qur’on tilovat etish uchun shart-sharoitlar yaratilgan.
Maskanning yana bir e’tiborli jihati Fozilmon ota bulog’ining mavjudligidir. Uning ko’z yorganiga 600 yildan oshgani aytilmoqda. Shuncha vaqtdan buyon u hudud aholisining asosiy suv manbai hisoblanadi. Shifobaxshligi bois o’ndan ortiq kasalliklarga davolashda tavsiya etiladi. Buloq atrofidagi 56 tup chinor daraxtlari esa asrlarni qaritib, viqor bilan ko’kka bo’y cho’zmoqda.
“Fozilmon ota” ziyoratgohi xorijlik mehmonlarning ham e’tiborini o’ziga jalb etgan. Shu bois ham Italiya, Germaniya, Xitoy, BAA, Janubiy Koreya, Rossiya, Ukraina, Belorus, Qirg’iziston, Qozog’iston, kabi davlatlardan tashrif buyuruvchilar soni yildan-yilga ortib bormoqda.
O’zbekiston Shveytsariyasi
Mamlakatimiz rahbari 2017 yilning 2-3 iyun kunlari Andijon viloyatiga tashrifi chog’ida Xonobod shahriga tashrif buyurib, “O’zbekiston Shveytsariyasi” nomini olgan ushbu maskanni turistik maskanga aylantirish yuzasidan tegishli ko’rsatmalar berdi. Ayni paytda bu erda olib borilayotgan keng ko’lamdagi ishlar shaharning kelgusida sayyohlik markazlaridan biriga aylanishidan dalolat bermoqda.
Xonobod — vodiyning eng so’lim maskani. Shahar hududidan oqib o’tuvchi beshta daryo va kanallar, kattaligi jihatidan respublikamizda uchinchi o’rinda turuvchi “Andijon suv ombori” hudud iqlimining mo’’tadilligini ta’minlab turadi.
Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 28 iyuldagi “2017-2019 yillarda Andijon viloyatining Xonobod shahrini kompleks rivojlantirish to’g’risida”gi qaroriga muvofiq, kelgusi uch yil mobaynida 432 millard 600 million so’mlik qurilish va obodonlashtirish, infratuzilmani rivojlantirish ishlari bajariladi.
— Xonobod shahrida ichki va ekoturizm salohiyatini oshirish borasida olib borilayotgan ishlar andijonliklar ruhini ko’tarib yubordi, — deydi shahar bosh imom xatibi Mansurbek Rahimov. — Xayrli ishlar natijasida qariyb o’n yildan buyon qurilishi yakunlanmay turgan 200 o’rinli “Xonobod” sanatoriyasi shu yilning ko’klamida foydalanishga topshiriladi. Shuningdek, adirliklardagi 150 gektar bo’sh yotgan maydoninng 20 gektari aholi dam olish maskaniga aylantirilib, qolgan qismida yong’oq, pista, bodom, unabi bog’lari va tokzor barpo etiladi.
Aytish joizki, 2003 yilda qurilishi to’xtab qolgan “Dushanbe-Bishkek-Termiz” yo’lidagi Qoradaryo ustidan o’tuvchi ko’prik qurilishi ham shu yilning o’zida yakuniga etadi. Eng muhimi, “Andijon-Xonobod” yo’nalishi bo’ylab harakatlanuvchi elektrlashtirilgan poezd qatnovi yo’lga qo’yiladi. “O’zbekiston temir yo’llari” AJ tomonidan ushbu loyihani joriy yilning yakuniga qadar amalga oshirish maqsadida ishlar yanada jadallashtirilgan. Bularning bari “O’zbekiston Shveytsariyasi”ni mamlakatimizning eng so’lim sayyohlik maskaniga aylantirishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.
Ekoturizm istiqboli haqida gap ketganda, Paxtaobod va Ulug’nor tumanlaridagi suv havzalari atrofida mazkur yo’nalishda dastlabki loyihalar ijrosiga kirishilganini alohida qayd etish joiz. Baliqchi, Xo’jaobod tumanlarida esa gastronomik turizm keng quloch yoymoqda.
Bu erda shunday maskanlar tashkil etilganki, xorijlik sayyohlar milliy taomlarimizni tayyorlash jarayonlarini shunchaki kuzatibgina qolmasdan, bevosita ishtirok etish imkoniga egalar. Tabiiyki, shohona taomimiz bo’lmish palovning tayyorlanish jarayoni barchaga birdek qiziq.
Viloyatda turizm sohasining rivojlanishi o’z-o’zidan mehmonxonalar faoliyatini ham shakllantirmoqda. Andijon davlat universiteti hamda Andijon shahridagi 1-maishiy xizmat ko’rsatish kollejida mehmonxona faoliyatida xizmat qiluvchi mutaxassis xodimlar tayyorlanayapti. Yoshlarning 7 ta chet tilini o’zlashtirishlari uchun qo’shimcha darslar tashkil etilib, zamonaviy mehmonxonalarda amaliyot o’tashlariga imkon berilyapti. Turizm sohasi ravnaqi yo’lida olib borilayotgan bunday islohotlar esa oltin vodiyning shaffof gavhari — Andijon sayyohlik sohasida ham muvaffaqiyatlar eshigini ochishidan nishona bermoqda.
Saminjon HUSANOV,
“Xalq so’zi” muxbiri.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Ehtiyojmand oilalarga elektr va gaz boʻyicha kompensatsiya beriladi
- Tanzila Narbayeva Parlamentlararo ittifoqning 150-yubiley assambleyasi Prezidenti etib saylandi
- Toshkentda Parlament ayol aʼzolari forumining 39-sessiyasi boʻlib oʻtdi
- Oʻzbekistonda doimiy aholi soni har kuni necha kishiga oshyapti?
- Shahram Gʻiyosov tajribali raqibini muddatdan oldin magʻlub etdi
- Ayrim oilalarga bir martalik moddiy yordam beriladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring