“Oltin toʻp” tarixiga bir nazar
Zamonamiz, balki barcha zamonlarning eng yaxshi futbolchisi Lionel Messiga yettinchi bor “Oltin toʻp” sovrini topshirilgani haqidagi xabarlar tarqagan shu kezda bu nufuzli mukofotning tarixiga bir qur nazar tashlashni lozim topdik.
“Oltin toʻp” 1956-yilda “France Football” jurnali bosh muharriri Gabriel Ano tomonidan taʼsis etilgan. Xuddi shu yildan to 2006-yilgacha “Oltin toʻp”ni topshirish futbol jurnalistlari oʻrtasida ovoz berish yoʻli bilan amalga oshirilgan. 2007-yildan boshlab esa milliy terma jamoalarning murabbiylari va sardorlari ham ovoz berish huquqiga ega boʻldilar.
Avvaliga bu nufuzli sovrin faqat yevropalik futbolchilarga berilar edi. Biroq 1995-yildan boshlab har qanday millatga mansub futbolchiga topshiriladigan boʻldi. Faqat bir shart bilan: u Yevropa klubida oʻynayotgan boʻlishi lozim. Xuddi shu yilda “Oltin toʻp” ilk bor yevropalik boʻlmagan oʻyinchiga nasib etdi. Yoshi ulugʻ muxlislar gap “Milan” hujumchisi, afrikalik Jorj Vea haqida borayotganini payqanan boʻlsa kerak, albatta.
2007-yilga kelib, sovrin tartib – qoidasi yana oʻzgardi. Endi “Oltin toʻp”ga dunyoning har qanday klubida oʻynovchi istalgan millatga mansub futbolchi ega chiqishi mumkin. Shu bilan bogʻliq tarzda gʻolibni aniqlab beradigan jurnalistlar soni 52 nafardan 96 nafarga yetkazildi. Ular sovringa nomzod besh futbolchi nomini aniqlab beradi.
Qizigʻi, ushbu sovrinni eng koʻp nemis futbolchilari qoʻlga kiritishgan. Germaniyaning besh futbolchisi yetti bor “Oltin toʻp” sohibi boʻlgan. Darvozabonlarga kelsak, dunyoning eng zoʻr individual sovrini faqat Lev Yashinga nasib etgan. Sobiq SSSR terma jamoasi posboni 1963-yilda bu sovrinni boshi uzra dast koʻtarish baxtiga muyassar boʻlgan edi.
Nihoyat, koʻpchilikni qiziqtiradigan savol: “Oltin toʻp”ning narxi qancha?
Sovrin zargarlar sulolasi tomonidan tayyorlanadi. Uning narxi 13 ming yevro turadi. Tabiiyki, bu faqat sovrinning bahosi. Uni qoʻlga kiritgan futbolchi butun dunyo eʼtirofini qozongan boʻladi. Shu bilan bogʻliq tarzda ”Oltin toʻp” bahosi ham oshsa oshadiki, tushmaydi. Messi 2019-yilda shu sovrinni qoʻlga kiritganida “Barselona” unga 5 million yevro miqdorida mukofot puli bergandi. Maʼlumot tariqasida aytish mumkinki, Ronaldu oʻzining “Oltin toʻp”idan birini xayriya aksiyasi doirasida 600 ming funtga sotgan, tushgan mablagʻ jiddiy kasallikka chalingan bolalarni davolashga yoʻnaltirilgan edi.
Istam IBROHIMOV, "Xalq so'zi".
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- “Loʻlilar faqat tilanchimi?...” Ular yashayotgan mahalladan fotoreportaj
- Hokimlik Toshkentni “yuva boshladi“. Xoʻsh, suv sepish havo ifloslanishini kamaytiradimi?
- Yangilanayotgan Markaziy Osiyo: birlik, doʻstlik va hamkorlikning yangi bosqichi
- “Adabiyot va hayot”: Sultonboy Dehqonovning shaxsiy fotokoʻrgazmasi ochildi (+fotoreportaj)
- Nogironligi boʻlgan fuqarolarga 30 mln soʻmgacha foizsiz ssuda ajratiladi
- Kambagʻallikni qisqartirish: pul emas, aql-idrok va bilim muhim
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring