Oltin iplardan yaralgan nafis sanʼat

16:01 11 Avgust 2025 Jamiyat
292 0

Buxoro necha-necha asrlar davomida nainki Buyuk ipak yoʻlidagi muhtasham savdo markazi, balki milliy hunar va sanʼatning betakror oʻlkasi sifatida ham nom qozonib kelmoqda. Ushbu qadimiy shaharda avloddan-avlodga oʻtib kelayotgan eng yuksak sanʼatlardan biri — bu zardoʻzlik hisoblanadi.

— Buxoro zardoʻzlik maktabi oʻzining betakror uslubi va yuksak sanʼat darajasi bilan ajralib turadi,— deydi mashhur usta zardoʻz Baxshulla Jumayev. —bu juda murakkab kasb. Chunki tarkibida oltin va kumush boʻlgan nafis ip tolalar bilan ishlash oson emas. Chuqur sabr, katta matonat kerak. Xuddi igna bilan quduq qaziganga oʻxshaydi. Shu kasb bilan 50-yildan buyon shugʻullanib kelyapman. 1997-yilda “Hunarmand” uyushmasi tashkil etilgani munosabati bilan hunarmandlarga yer ajratib berish masalasi qoʻyilgandi va biz eski shaharning qoq yuragida zardoʻzlik maktabi faoliyatini yoʻlga qoʻydik. Aynan shu manzildan ham uy, ham muzey, ham ustaxona sifatida foydalanib kelmoqdamiz. Katta oʻgʻlim Boburjon – miniatyurachi rassom. Nodir zargarlik bilan shugʻullanadi. Kelinlarimiz ayollar dizayni. Rafiqam Muqaddas Jumayeva kashtachilik bilan mashgʻul. Xullas, hamma oila aʼzolarimiz milliy hunarmandchilik bilan band. 500 dan ortiq shogirdlarim bor. Ularning baʼzilari bilan haligacha birga ishlab kelayotgan boʻlsak, ayrimlari hayotda oʻz yoʻlini topib ketishgan.

Suhbatdosh 2022-yilda yarim asrlik mehnat faoliyati uygʻunlashgan “Zardoʻzlik sanʼati” nomli kitob yozgani haqida soʻzlaydi. Usta zardoʻzning uy muzeyini zavq bilan sayohat qilar ekanmiz, devorda osigʻlik turgan diplom va tashakkurnomalarga havas bilan koʻz yugurtiramiz. Unda usta bundan 31-yil ilgari Pokistonda oʻtkazilgan Hunarmandlar festivali granprisini qoʻlga kiritganini koʻramiz. Xalqaro va dunyo miqyosida tashkil etilgan koʻrgazmalardagi muvaffaqiyatlarining son-sanogʻi yoʻq.

— Buxoroi sharifga tashrif buyuruvchi minglab sayyohlar milliy hunarmandchilik namunalari, ayniqsa, zardoʻzlik sanʼatiga katta qiziqish bilan qarashadi, —deydi Baxshulla Jumayev. —Buxorolik zardoʻzlar qoʻlida sayqal topgan buyumlarga mamlakatimizda va jahonda eʼtibor juda katta. Buni Buxoroga kelgan sayyohlarning zardoʻzlik buyumlarini, sovgʻa sifatida sotib olish bilan qanoatlanmasligida, ular ushbu sanʼatning yaratilish jarayoniga qiziqishida va zardoʻzlarning mehnatini havas bilan tomosha qilishlari misolida kuzatish mumkin. Ayniqsa, turli davlatlardan kelgan mehmonlar qoʻlda qavilgan choponlarga, duxobalarga, kamar va pardalarga maftun boʻlib, oʻzgacha zavq-shavq bilan tomosha qiladilar, sotib oladilar. Lekin, ular faqat goʻzallikni emas, zardoʻz yurak zarbini, sabr va muhabbati ramzini ham olib ketadilar. Chunki, har bir zardoʻzlik buyumi usta qalbining ramziy timsolidir.

Har zardoʻz qoʻlidagi ipda tarix bor, har bir naqshda maʼno. Zardoʻz matoga shunchaki ziynat bermaydi, u yaratgan naqsh-u oltin iplar moziydan soʻz ochadi. Iplarining tovlanishida Buxoro oftobi, naqshlarida esa yurtimizga boʻlgan cheksiz muhabbat va sadoqat mujassam. Zarli ip bilan solingan har bir gul, har bir bezak — yurtimiz madaniyati, oʻzligimiz, anʼana va qadriyatlarimizning aks-sadosidir.

Laylo HAYITOVA.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер