Yaxshilik javobsiz qolmaydi

Botir MADIYOROV/“Xalq soʻzi”. Bahorning ilk kunlari Qoʻqon davlat pedagogika institutining pedagogika va ijtimoiy fanlar fakulteti 1-bosqich talabalari ibratli tashabbusi tufayli ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilarining malomatiga qoldi. Ular darsdan soʻng shaharning katta koʻchalaridan birini turli chiqindilardan tozalashdi. Shundan soʻng hududdagi yakka-yolgʻiz keksalar, oʻzgalar koʻmagiga muhtoj oilalar xonadonlarini saranjom-sarishtalab duosini olishdi. Shunday xayrli ishga bel bogʻlagan yigit-qizlar tengdoshlariga oʻrnak boʻlishi uchun ish jarayonidagi lavhalarni ijtimoiy tarmoqqa joyladi. Afsuski, ularni qoʻllab-quvvatlash oʻrniga ezgu tashabbuslari notoʻgʻri talqin qilindi. Bir toifa foydalanuvchilar yoshlarning bu xatti-harakatlarini shunchaki “piar” deya ayuhannos solgan boʻlsa, ikkinchi toifa majburiy mehnatga yoʻyib, har xil izohlar qoldirishdi.
— Ochigʻi, ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari mazkur tashabbusga oʻta salbiy munosabatda boʻlganini tushunmadik, — deydi loyiha tashabbuskori, pedagogika va ijtimoiy fanlar fakulteti 1-bosqich talabasi Oydinoy Xolmirzayeva. — Tengdoshlarimiz ham mahalla yoki shahar koʻchalarining ozoda va obod boʻlishiga oʻz hissasini qoʻshishini istagandik. Bizni ayblayotgan ijtimoiy tarmoq faollari ham boʻsh vaqtini faqat internet tarmoqlarida oʻtkazib, bizni muhokama qilguncha yordamga muhtojlarga qarashsalar yaxshi boʻlardi. Axir, internet faqat muammolarni yozadigan maydon emas-ku, oʻz oʻrnida ezgu ishlarning ham targʻibotiga ehtiyoj seziladi.
Darhaqiqat, koʻklamda hasharlar uyushtirish, xonadonlar, mahallalarni ozoda va sarishta qilish, oʻzaro mehr-muruvvat koʻrsatish xalqimizning azaliy anʼanasi emasmi? Bu ishni majburiy mehnatga chiqarish qanchalik toʻgʻri? Bundan kimga qanday naf tegadi? Aslida talabalar bu ishni koʻngil istagi bilan bajardi. Ular hech kimdan olqish kutgani yoʻq. Toʻgʻri, yaxshilik javobsiz qolmaydi. Ammo insoniylik, yaxshilikka moyil yoshlarni bir ogʻizgina shirin gap bilan olqishlab qoʻyish shunchalik qiyinmi?
Mamlakatimizda keyingi yillarda barkamol avlod orzusi yoʻlida keng koʻlamli islohotlar olib borilayotgani barchamizni behad quvontiradi. Yangi avlodni kuchli bilim va keng dunyoqarashga ega boʻlib, mustaqil fikrlay olishi islohotlarning muhim samarasi ekanligi aniq. Tashabbus yoʻq joyda taraqqiyot boʻlmaydi. Biz qachon yaxshi niyatda qadam tashlagan yoshlarga balli, deya bundanda katta tashabbuslarga ragʻbatlantirishni oʻrganamiz?
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Ayrim oilalarga bir martalik moddiy yordam beriladi
- Oʻzbekistonda doimiy aholi soni har kuni necha kishiga oshyapti?
- Shahram Gʻiyosov tajribali raqibini muddatdan oldin magʻlub etdi
- Samarqand yana bir nufuzli forumga mezbonlik qiladi
- Markaziy bank shoshilinch ogohlantirish bilan chiqdi
- “Leapmotor” Oʻzbekistonda oʻtkazilgan avtomobil testi natijalaridan noroziligini bildirdi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring