Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida xorijiy sarmoyadorlar ishtirokida xalqaro forum oʻtkazildi
Foto: “Xalq soʻzi”
Avval xabar berganimizdek, Olmaliq shahrida “Olmaliq kon-metallurgiya kombinatining uzoq muddatli rivojlantirish istiqbollari” mavzusida forum boʻlib oʻtdi.
“Yangi Oʻzbekiston: taraqqiyot, innovatsiya va maʼrifat” yoʻnalishidagi xalqaro sheriklik tashabbuslari haftaligi doirasida tashkil etilgan ushbu anjumanda kombinatning 50 ga yaqin xorijiy biznes hamkorlari ishtirok etdi.
Forumda OKMKni yaqin yillardagi rivojlantirish istiqbollari atroflicha muhokama qilindi. Xususan, xorijlik sarmoyadorlar ishtirokidagi seminar va suhbatlarda kombinatdagi ishlab chiqarish jarayonlari keyingi yillarda izchil barqarorlashayotgani aytib oʻtildi.
— Bugungi kunda OKMK mis-molibden, polimetall va oltin tarkibli maʼdanlarni qazib olish va qayta ishlash boʻyicha Markaziy Osiyoda yetakchi sanalib, mis mahsulotlarini ishlab chiqarish boʻyicha dunyodagi 30 ta yirik kompaniyalar safiga kiradi. Yillik mis ishlab chiqarish hajmi 148 ming tonnadan ziyodni tashkil etib, 18 turdagi mahsulotlarni 20 ta davlatga eksport qilmoqda,- deydi OKMK AJ Boshqaruvi raisi Abdulla Xursanov. —Kombinatning xomashyo zaxirasini “Qalmoqqir”, “Sariq-Choʻqqi”, “Yoshlik-1» ochiq konlari va 4 ta yerosti konlari tashkil etadi. Ushbu konlar “SRK Consulting” kompaniyasi ishtirokida oʻrganib chiqilib, ularning zaxiralari JORC kodeksiga muvofiq qayta baholandi hamda konlarning matematik-geologik modeli yaratildi. Baholash xulosalariga koʻra, “Yoshlik-1» koni dunyoda maʼdan tarkibida oltin-mis hajmi boʻyicha “yirik kon”, deya tan olingan.
2030-yilgacha kombinatni rivojlantirish konsepsiyasi doirasida “Yoshlik-1 konini oʻzlashtirish” va 3-Mis boyitish fabrikasini qurish ishlari jadal amalga oshirilmoqda. Shuningdek, yangi metallurgiya majmuasi obyektlari va 4- va 5-son mis boyitish fabrikalarini loyihalash-qurilish ishlari boshlandi.
“Yoshlik-1» konini oʻzlashtirish” loyihasini amalga oshirish natijasida 2030-yilda 500 ming tonna mis katodi, 50 tonna oltin, 300 tonna kumush ishlab chiqarishga erishiladi.
Forumda ishtirok etgan “JP Morgan” banki, “Deutsche Bank”, “KfW-IPEX Bank” hamda “Glencore”, “Falk Porsche” “Siemens”, “Zippelin”, “PWC”, “Ernst & Young”, “KPMG”, “SAP”, “Terralink”, “Aveva”, “Datamine”, “Sifra”, “Noventiq Worley”, “K&K Gold GROUP”, “Sebine Technology”, “Sepro mineral system”, “ME SOLUTIONS GP”, “ABM Anlagenbau und Maschinentechnik”, “Xingtai ME Mining Equipment”, “RWS optimum”, “UET Consulting”, “CRRC Dalian” kabi oʻnlab kompaniyalar vakillari ham OKMKdagi barqarorlik izchil davom etayotganini taʼkidlashdi.
— Xorijlik sarmoyadorlarning kombinat bilan hamkorligi taraqqiy etib borayotganidan mamnunman,-dedi “JP Morgan” bankining ijrochi direktori Yungxa Kim. — Bunday nufuzli korxona bilan sheriklik natijalari doimo samarali boʻladi. Mamlakatingizda tadbirkorlarga, xorijiy sarmoyadorlarga har tomonlama qulay imkoniyatlar yaratilganidan mamnunman.
— OKMK mahsulotlarining sifat darajasi mukammallashib, xorij bozorlarini egallayotgani kishini mamnun etadi,-deydi “Glencore” kompaniyasiyaning xaridlar boʻyicha direktori Mariya Samoylova. — Bu, ayniqsa, mis va rux mahsulotlari ishlab chiqarishni kengaytirish borasidagi yangi loyihalarda koʻzga yaqqol tashlanadi.
— Kombinat kelajagi nihoyatda istiqbolli,-deydi “Falk Porsche” kompaniya taʼsischisi Falk Porshe. — Korxona ishchi-xizmatchilarining moddiy va maʼnaviy imkoniyatlari yil sayin kengayib bormoqda. Bu albatta, mamlakatingizda olib borilayotgan iqtisodiy islohotlar mevasidir. Oʻzbekistonning geografik joylashuvi, yaqin va uzoq Sharq va Gʻarb davlatlari bilan erkin savdo rejimlari, GSP+ benefitsiari maqomi, Jahon savdo tashkilotiga aʼzo boʻlish ishlari, boy xomashyo resurslari hamda qoʻshma loyihalarni qoʻllab-quvvatlashga tayyorligi bularning barchasi uzoq muddatli hamkorlikni yoʻlga qoʻyishning istiqbolli yoʻnalishlaridir.
Tadbir davomida “B2B” muzokaralari va «Kon-metallurgiya sanoatida raqamli transformatsiya”, “Kombinatda istiqbolli loyihalar va chiqindilarni qayta ishlash,” «Kon-metallurgiya sanoatida togʻ-kon-metallurgiya va yuqori texnologik ishlab chiqarishni tashkil etish”, «Togʻ-kon sanoatida barqaror rivojlanish”, “Transport sohasida zamonaviy va ilgʻor texnologiyalarni joriy qilish” mavzularida panel sessiyalari hamda loyihalar taqdimoti boʻlib oʻtdi.
Shodiyor MUTAHAROV, “Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- “Matonatli Maryam” filmi keng jamoatchilikka taqdim etildi
- Kambagʻallikni qisqartirish: pul emas, aql-idrok va bilim muhim
- FIDE jahon kubogi chempioni Javohir Sindarovni kutib olish marosimi boʻlib oʻtdi (+fotoreportaj)
- Oʻzbekistonda xotin-qizlarga nisbatan raqamli zoʻravonlikka barham berish boʻyicha 16 kunlik kampaniya boshlandi
- “Barselona” La Ligada navbatdagi gʻalabasini qoʻlga kiritdi
- Saida Mirziyoyeva Dohadagi kino festivalga tashrif buyurdi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring