Oʻlishidan avval butun dushmanlarini afv qildi...  Pushkinning qizi Mariya Gartung hayoti va oʻlimi haqida

17:58 08 Iyun 2021 Madaniyat
1720 0

«Onasining nodir goʻzalligiyu otasining ulkan isteʼdodi unda birlashgandi, bunday xislatlar bir ayol uchun faqatgina xayol yohud orzu boʻlishi mumkin xolos», — deya yozadi Mariya Gartungning zamondoshlari.

Lev Tolstoy «Anna Karenina» romanining qahramoni Annaning tashqi koʻrinishini yaratar ekan Gartungning oʻziga xos yuz tasviridan foydalangan. Mariya Aleksandrovna va Tolstoy Tulada, bir mehmondorchilik vaqtida tanishib qolishadi. Maʼlumotlarga koʻra Pushkinning qizi yozuvchining eʼtiborini ilk qarashdayoq oʻziga tortib olgan. “Bu ayol kim boʻldi ekan?”, degan savoliga javob berilganida esa Lev Nikolayevich baland ovozda: “Ha, tushunarli. Uning sochlari nega bunchalik oʻziga xos ekani endi maʼlum boʻldi”, deya hayratiga yakun yasaydi.

«U Anna Karenina obrazida nafaqat xarakteri va hayoti, balki butun koʻrinishi bilan tasvirlangan. Hatto yozuvchining oʻzi ham buni eʼtirof qilgan», — deydi Tolstoyning qaynisinglisi Tatyana Kuzminskaya.

Keling, Annaning asardagi tasvirini bir esga solaylik: «Boshida, uning qora sochlari ustida moviy binafshalardan yasalgan gulchambar boʻlib, soch turmagi unchalik eʼtibor tortmasdi, ammo yelkalaridan oshib tushgan ikki oʻrim sochi oʻziga xos goʻzal boʻlib, uni koʻrgan odam bu chiroydan xangu mang boʻlardi. Boʻynida esa oʻziga yarashgan boʻyinbogʻi bor edi...»

Mariya Aleksandrovna Aleksandr Sergeyevichning katta qizi boʻlib, 1832-yilning 19-mayida Peterburgda tavallud topgan. Qizining choʻqintirilmasidan bir necha kun oldin Pushkin anglovsiz jahl bilan oʻz rafiqasi Vera Vyazemskayaga xat yozadi: “Endilikda oʻzim ishonishimga ham qaramay chorasiz vaziyatdaman...”

U shoirning “otasi haqida elas-elas boʻlsa ham xotiralari boʻlgan” yagona avlodi boʻlib, Pushkin halok boʻlganida Mariya 5 yoshida, oʻgʻil ukalari va singlisi Natasha esa juda kichkina edilar. Mariya oʻz uyida savod chiqargan va tahsil olgan. U 9 yoshidayoq olmoncha va fransuzchani yaxshi tushungan hamda bemalol gapira olgan. Keyinchalik esa nufuzli Yekatirinski institutida taʼlim oldi, u va ukalarining bilim olishi uchun otasining pedagog doʻstlari hamisha jiddiy shugʻullanishgan. Onasi Mashaning bolalikdagi shaddod boʻlishidan xavotir olishiga qaramay, bu “chirkin oʻrdak bolasi” ulgʻaygani sari oqqushga aylana boshladi.

1852-yilning dekabrida, institutni tugatgan onlarida Mariya Pushkin qizi xushsurat va juda oqila xonim boʻlib yetishgandi. Unga qanchadan-qancha zodagonlar oshiq boʻlishiga qaramay, Mariya Aleksandrovna juda kech — 28 yoshida turmush quradi. Uning umr yoʻldoshi general-mayor Leonid Gartung — Moskvada Imperatorning ot fermalarini boshqarardi.

Ularning nikohi 17 yildan keyin fojeali tarzda yakun topgan. 1877-yilda bosh general maslahatchisi, uni shu vazifaga koʻtargan amaldor Zanftelebe Gartungni maxsus veksel va qimmatli qogʻozlar oʻgʻirligida ayblaydi.

Shunday qilib Leonid Nikolayevich razil amaldorlar qurboniga aylandi. Sudya qaror qilgunicha bu sharmandagarchilikdan qochish uchun general oʻzini hibsxona binosida otib oʻldiradi. Gartungning choʻntagidan “Yaratganga ont ichamanki hech narsa oʻgʻirlaganim yoʻq va dushmanlarimni kechirdim”, degan yozuvli qogʻoz-xat topiladi. Sud tomonidan Gartung aybdor degan xulosaga kelinadi, ammo bu qaror endi umuman maʼnosiz edi.

Erining vafoti Mariya Aleksandrovna uchun katta zarba boʻldi. U qoʻshnilariga maktubida shunday yozadi: «Men bu vaziyatning boshidayoq erimning beayb ekaniga amin edim. Biz 17 yil davomida birga yashadik, men uni yaxshi bilardim, u hamisha goʻzal xulqli va haqiqatgoʻy boʻlishga urinardi. Oʻlishidan avval butun dushmanlarini afv qildi, biroq men ularni kechirganim yoʻq, kechirmayman ham».

Mariya umrining soʻnggi daqiqalariga qadar umr yoʻldoshiga sodiq qoldi. Oilasining avlodi yoʻqligi sabab Mariya qarindoshlari bilan yashashga majbur boʻldi. U bolalar tarbiyasi bilan shugʻullanar va otasini xotirlab oʻtkazilgan har bir yigʻilishda faol ishtirok etardi. 1880-yilda Moskvada Pushkin haykalining ochilishda ham ukalari va singlisi bilan qatnashgan.

Ochlik hukm surgan inqilob yillarida Mariya Moskvaga koʻchib oʻtdi. U bu yerda faqat poldan iborat, hatto xona jihozlari ham yoʻq bir uyda ijarada turadi. Keyinchalik esa Yangi Arbatin urushi davrida xaritadan oʻchirilgan Sobache koʻchasidagi bir uyda kun kechiradi.

Afsonaviy “qora baron” deya nomlangan Pyotr Vrangelin va sanʼatshunos Nikolay Vrangelin onasi baronessa Mariya Dmitriyevna Vrangel chorasiz vaziyatda boʻlishiga qaramay, yangi hokimiyat rahbarligi ostida boʻlgan davlatda yashayotganlarning orasida dahshatli vaziyatga tushganlarga koʻmak qilishga urinardi. Shuning uchun ham Natalya Nikolayevnaning ikkinchi nikohidan tugʻilgan qizi Aleksandra Petrovna Arapova (qizlik familiyasi Lanskaya) Mariya Aleksandrovnaga yordam qilish va yashash joyi topish kerak qabilidagi maktubi Mariya Dmitriyevnaga yoʻllagandi. Oz boʻlsada Mariya Dmitriyevna yordam berishga muvaffaq boʻldi. 1918-yilning oxirida Xalq maorif komissarligining rahbari Anatoli Luncharskiy “shoir Pushkinning Rossiya adabiyoti oldidagi xizmatlariga koʻra” qizi Mariya Aleksandrovna uchun mukofot berilishi haqida qaror qabul qiladi.

Xalq maorif komissarligida «A.S.Pushkinning qizi Mariya Aleksandrovna Gartungning moddiy taʼminoti haqida» masalasi muhokamaga qoʻyiladi va ijobiy natijaga erishiladi. Yaʼni: 1.Mariya Gartungga 2400 rubl miqdorida bir martalik yordam puli ajratilsin; 2.Unga nima yordam zarur boʻlsa Xalq maorif komissarligiga murojaat qilsin.

1919-yilning 24-yanvarida oʻtkazilgan Xalq maorif komissarligining yigʻilishida Mariya Gartungga «adabiy nashr boʻlimining hisobidan har oyda 1000 rubl miqdoridagi subsidiya tayinlanishi» qarori ham qabul qilinadi.

Baʼzi maʼlumotlar Mariya Aleksandrovna bu pul mukofotini bir necha martga olgani, qolgan manbalar esa uning bu pulning qorasini ham koʻrmagani haqida xabar beradi. Mariya Gartung 1919-yilning 7-mart sanasida ochlikda olamdan oʻtgan degan maʼlumotlar ham saqlanib qolgan.

Yolgʻiz qolgan Mariya Aleksandrovna umrining oxirigacha oʻzi ham elas-elas xotirlaydigan, ammo u uchun afsonaga aylangan Pushkinning Tverskoy Bulvaridagi haykalini ziyorat qilishga kelib turgan.

Rus tilidan
Rahmat BOBOJON tarjimasi

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?