Olis va chekka hududlarda ishlayotgan shifokorlar uchun qator imtiyozlar belgilandi

19:01 25 Aprel 2022 Jamiyat
2104 0

“Birlamchi tibbiy-sanitariya yordamini aholiga yaqinlashtirish va tibbiy xizmatlar samaradorligini oshirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Prezident qarorida 2022-yil 1-iyuldan boshlab olis va chekka hududlarda oilaviy shifokor punktlari va oilaviy poliklinikalar shifokorlari uchun yangilangan “Qishloq shifokori” dasturi qabul qilinishi belgilandi.

Unga koʻra, olis va chekka hududlarda:

— Oilaviy shifokor punktlari va oilaviy poliklinikalarda faoliyat yuritayotgan barcha shifokorlar oylik ish haqiga qoʻshimcha 2 million soʻm miqdorda oylik ustama belgilanadi hamda ularga ipoteka asosida uy-joy sotib olishda uy-joy qiymatining 50 foizigacha qismi bazaviy hisoblash miqdorining 500 barobaridan oshmagan miqdorda mahalliy byudjet mablagʻlari hisobidan qoplab beriladi;

— uzluksiz uch yil ishlagan shifokorlar klinik ordinaturaga test sinovlarisiz qabul qilinadi;

— Sogʻliqni saqlash vazirligi uchun yangilangan olis va chekka hududlar roʻyxati tasdiqlanadi; 

— hududiy hokimiyat organlariga oilaviy shifokor punktlari va oilaviy poliklinikalardagi shifokorlarga boʻlgan talabni mahalla kesimida aniqlash, shifokorlarni jalb etish va ehtiyojga koʻra kelgusida ularga uy-joy ajratish vazifasi yuklandi.

2022-yil 1-sentyabrdan boshlab shifokorlarning yakka tartibda oilaviy shifokorlik faoliyatini yuritishiga ruxsat beriladi.

Ular uchun alohida tibbiyot muassasasi ochish talab etilmaydi va ushbu toifadagi shifokorlarga oʻz uyida yoki ijaraga olingan binoda tibbiy xizmatlar koʻrsatishga ruxsat beriladi. Bunday shifokorlar tomonidan oʻziga biriktirilgan aholiga bepul koʻrsatiladigan xizmatlar uchun toʻlov Davlat tibbiy sugʻurtasi jamgʻarmasi orqali beriladi.

Yakka tartibda oilaviy shifokorlik faoliyatini yuritish tajribasi dastlab 2022-yil yakuniga qadar Sirdaryo viloyatida, keyinchalik esa bosqichma-bosqich boshqa hududlarda joriy etiladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?