Olimlar kashfiyoti 5 ming marta, bozordagi tortishuv 2.5 mln marta koʻrilmoqda — Shoir maʼnaviyatga ehtiyoj haqida

09:35 12 Iyul 2024 Madaniyat
256 0

Qashqadaryoda “Maʼnaviyat festivali” davom etmoqda. Festivalning ikkinchi kuni Kitob, Dehqonobod va Kasbi tumanlarida davom etdi. Tadbirlar “Ajdodlarga ehtirom” loyihasi bilan start oldi. Xususan, Kasbi tumaniga tashrif buyurgan ijodkorlar, avvalo, Begali Qosimov uy-muzeyida boʻlishdi hamda mahalla ahli bilan uchrashib, ulugʻlarning holidan xabar olishdi. Shundan soʻng tumandagi “Obod mahalla markazi” bilan tanishishdi. Ushbu maskanning diqqatga sazovor jihati shundaki, unda 3 ta mahalla fuqarolar yigʻini joylashgan, atrofida koʻngilochar joylar, shu bilan birga maktab va bogʻcha bor. Shu sababli ham ushbu tadbirda 1 yarim mingga yaqin aholi qatnashdi. Unda shoir Eshqobil Shukur uch avlod uchrashuviga toʻxtalib, maʼnaviyat va maʼrifatning nega zarur ekanligi haqida fikr-mulohazalarini oʻrtoqlashdi.

“Yaqinda yurtimizdagi OAVdan birida bir tajriba oʻtkazildi: ekranning bir tarafiga oʻzbek olimlarining kashfiyoti, bir tomoniga bozorda ikki xotinning soch yulishgani haqidagi xabar qoʻyildi. Olimlar kashfiyoti 5 ming marta koʻrilgan bir chogʻda bozordagi tortishuv 2 million 500 ming marta koʻrilibdi. Aynan shu tajribaning oʻziyoq maʼrifat masalasi naqadar dolzarb ekanini koʻrsatadi”, deydi shoir.

Kitob tumanida ham xuddi shu kabi tadbir tashkil etildi. Unda poytaxtdan tashrif buyurgan ijodkorlar tumandagi mashhur Chinor atrofida otaxon va onaxonlar ishtirokida tarixni yodga olishdi.

Qayd etilishicha, ushbu chinor ichiga 80 kishini sigʻdirgan. Bir necha asr avval undan maktab oʻrnida foydalanishgan. Hozirda esa u turistlar diqqat markazida. Kitob tumaniga tashrif buyurgan ijodkorlar ishtirokida sportchi yoshlar bilan “Sport mening doʻstimsan” mavzusida uchrashuv oʻtkazildi.

Mahalladagi 45-maktabning sport zalida barcha sharoitlar mavjud. Bu yerda Ulugʻbek Jalolov sportning qoʻl jangi turi boʻyicha 300 nafardan ortiq yoshlarga murabbiylik qilib kelmoqda. Ayni vaqtda mahalla yoshlaridan tashqari qoʻshni Sariosiyo, Xoʻjailmkoni, Oqsuv, Toʻpchoq, Saroy, Iskana mahallasi yoshlari ham mashgʻulotlarga birdek qatnashib kelmoqda. Uchrashuv soʻnggida katta yutuqlarga erishgan yoshlarga esdalik sovgʻalari topshirildi.

“Maʼrifat” targʻibotchilar aql charxini yaxshi koʻrishlari hech kimga sir emas. Kitobda ular ishtirokida “Zakovat” intellektual oʻyini ham tashkil etildi. Unda sanʼatkorlar bilan bir qatorda tuman aholisi ham faol qatnashdi.

Dehqonobod tumanida ham tadbirlar oʻziga xos tarzda oʻtdi. “Inson qadri” loyihasi doirasida “Maʼrifat” targʻibotchilar jamiyati aʼzolari “Zavqiy” mahallasida istiqomat qiluvchi 102 yoshli Fayzulla bobo hamda kam taʼminlangan oilalar holidan xabar olishdi.

Shuningdek, uchta tumanda ham tadbirlar gala-konsertlar bilan yakunlandi. Har bir hududda 2 mingga yaqin aholi unda ishtirok etdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер