Oliy Majlisi Senatining oʻttizinchi yalpi majlisida Baxtiyor Djaxangirovich Islamov Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi etib saylandi

17:57 10 Avgust 2022 Siyosat
640 0

Foto: Oliy Majlis Senati axborot xizmati

Joriy yilning 10-avgust kuni Toshkent shahrida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining oʻttizinchi yalpi majlisi boʻlib oʻtdi.

Unda Senat aʼzolari, sud va prokuratura organlarining vakillari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari qatnashdi.

Videokonferensaloqa tarzida oʻtkazilgan yalpi majlisni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Narbayeva olib bordi.

Dastlab senatorlar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan kiritilgan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi raisining vakolatini muddatidan ilgari tugatish toʻgʻrisidagi taqdimnoma muhokama qilindi.

Taʼkidlanganidek, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi K. Kamilov salomatligi tufayli oʻz xohishiga koʻra egallab turgan lavozimidan ozod etishni soʻrab murojaat qilgan.

Senat majlisda boʻlib oʻtgan muhokama natijasida uni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi lavozimidan ozod etish toʻgʻrisida qaror qabul qildi.

Shuningdek, majlisda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan taqdim etilgan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi raisligiga nomzod muhokama qilindi.

Muhokama yakunida senatorlar tomonidan sud tizimida hamda maʼmuriy organlarda rahbarlik lavozimlarida koʻp yillar mobaynida ishlab kelgan Baxtiyor Djaxangirovich Islamov Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi etib saylandi.

Ushbu masala yuzasidan Senatning tegishli qarori qabul qilindi.

Shundan soʻng Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi tarkibiga oʻzgartirishlar kiritish masalasi koʻrib chiqildi.

Maʼlumki, “Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy Qonuniga koʻra Konstitutsiyaviy sudning sudyalari belgilangan muddatga saylanadi.

Qayd etilganidek, amaldagi Konstitutsiyaviy sud tarkibining qonun bilan belgilangan amal qilish muddati joriy yilning avgust oyida tugaydi. Shu munosabat bilan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan taqdim etilgan Konstitutsiyaviy sudning yangi tarkibi Senat yalpi majlisida keng muhokama qilindi.

Senatorlar tomonidan maʼqullangan Konstitutsiyaviy sud sudyaligiga nomzodlar yuzasidan Senatning tegishli qarori qabul qilindi. Bunda yangi saylangan tarkib Konstitutsiyaviy sudning amaldagi tarkibi oʻz faoliyatini yakunlaganidan soʻng ishga kirishishi belgilandi.

Shuning bilan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining oʻttizinchi yalpi majlisi yakunlandi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?