Oliy Majlis Senatining 2023-yildagi faoliyati sarhisob qilindi
Foto: Akmal Muhammadov / “Xalq so‘zi”
Senatning qirq toʻqqizinchi yalpi majlisida Oliy Majlis Senatining 2023-yildagi faoliyati yakunlariga bagʻishlangan masala koʻrib chiqildi.
Taʼkidlanganidek, oʻtgan yil davomida Senat Konstitutsiya va qonunlarda belgilangan vakolatlari, shuningdek, 2022−2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasida aks etgan ustuvor yoʻnalishlardan kelib chiqib faoliyat yuritdi.

Jumladan, qonunchilik faoliyatini takomillashtirish, parlament nazoratini kuchaytirish, xalqaro va parlamentlararo munosabatlarni kengaytirish, mahalliy Kengashlar faoliyatiga koʻmaklashish, xalq bilan muloqot samaradorligiga erishishda parlament taʼsirini oshirish boʻyicha qator chora-tadbirlar amalga oshirildi.
Qayd etish joiz, joriy yilda milliy taraqqiyotimizning ustuvor yoʻnalishlarini qamrab olgan hamda inson qadri degan ulugʻvor tamoyilni oʻzida jamlagan yangilangan Konstitutsiya qabul qilindi.

Prezidentimiz tashabbusi bilan qabul qilingan “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasi esa boshlangan islohotlarimizni sifat va mazmun jihatdan yangi bosqichga olib chiqishi bilan ahamiyatlidir.
Bunday faol yangilanishlar sharoitida parlament, xususan Senatning ham oʻrni va roli tobora oshib bormoqda. Ayniqsa, senatorlar joriy yilda hududlarda sermahsul faoliyat yuritib, dolzarb ijtimoiy-iqtisodiy masalalar yechimiga oʻz hissalarini qoʻshdi.

Qonunchilik yoʻnalishida jami 91 ta qonun koʻrib chiqildi. Qonunlarni tizimli tahlil qilish va ularni takomillashtirish boʻyicha takliflar ishlab chiqish amaliyoti davom ettirilib, bir qator qonunlar ijrosi, huquqni qoʻllash amaliyoti va qonunosti hujjatlarining qabul qilinishini monitoring qilish yakunlari boʻyicha Hukumat oldiga tegishli vazifalar qoʻyildi.
Parlament nazorati doirasida Senat yalpi majlislarida 8 marotaba hukumat aʼzolari, davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, hududlar rahbarlarining axborotlari eshitildi.

Senatorlar hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholining haqli eʼtirozlariga sabab boʻlayotgan masalalarni oʻrganishga alohida eʼtibor bergan holda, senatorlar tomonidan Senat yalpi majlislari muhokamasiga 17 ta muammoli masalalar olib chiqildi va ulardan 9 tasi ijobiy hal etildi. Qolgan 8 tasi boʻyicha hozirgi vaqtda muammolarni ijobiy hal etish choralari koʻrilmoqda.
Shuningdek, byudjetni ijtimoiy yoʻnaltirish, jumladan mablagʻlarni hududlarda aholini tashvishga solayotgan dolzarb masalalarni hal qilishga yoʻnaltirishda Senat faol ishtirok etmoqda.

Yil davomida Senatning hududlarda olib borgan oʻrganishlari va uning yakunlari asosida hukumatga kiritgan takliflari asosida joylardagi muammoli masalalarni (maktab, bogʻcha, kasalxona, suvdan foydalanish, yoʻl qurish va h.k.) hal qilishga umumiy hisobda 1 trln soʻmdan ziyod byudjet mablagʻlari yoʻnaltirilishi taʼminlandi.
Senat qoʻmitalari tomonidan nazorat-tahlil faoliyati doirasida hududlarda 80 ga yaqin oʻrganish oʻtkazilib, tegishli qarorlar qabul qilindi.

Xalqaro parlament munosabatlari doirasida xorijiy davlatlar, xalqaro tashkilotlar, xalqaro moliya tuzilmalari va biznes vakillari bilan oʻtkazilgan 200 dan ziyod uchrashuvlarda hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi.
Ikki tomonlama parlament aloqalarini va hamkorlikni rivojlantirish maqsadida parlamentlararo guruhlarning 10 ta yigʻilishi boʻlib oʻtdi. Senat tashabbusi bilan 4 ta xalqaro tadbir oʻtkazildi.

Mahalliy Kengashlar faoliyatiga uslubiy-amaliy yordam koʻrsatish uchun mahalliy Kengashlar deputatlari uchun muntazam ravishda oʻquv kurslari, seminarlar tashkil etildi.
Mahalliy Kengashlar faoliyatini uslubiy jihatdan qoʻllab-quvvatlash maqsadida xalq deputatlari mahalliy Kengashlari tomonidan mahalliy byudjet ijrosi ustidan deputatlik nazoratini tashkil etish boʻyicha hamda parlament diplomatiyasi boʻyicha amaliy qoʻllanmalar ishlab chiqildi.

Bundan tashqari, Senat Raisi boshchiligida korrupsiya, odam savdosi va majburiy mehnatga qarshi kurashish, xotin-qizlar masalalari, gender tenglikni taʼminlash, xalqaro reytinglar bilan ishlash kabi qator dolzarb yoʻnalishlarda milliy tuzilmalar faoliyati izchil davom ettirildi.
Qayd etilgan yoʻnalishlarda olib borilgan islohotlar natijasida mamlakatimiz uchun ustuvor etib belgilangan nufuzli xalqaro reytinglarda Oʻzbekistonning oʻrni koʻtarildi.
Majlis davomida Senat faoliyati yakunlari koʻrib chiqilgach, 2024-yilga moʻljallangan parlament yuqori palatasining ustuvor vazifalari ham belgilab olindi.

Foto: Akmal Muhammadov / “Xalq so‘zi”
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- AQSH Rossiyaga bosim oʻtkazishning muqobil usullarini oʻrganmoqda
- Tramp Koreya yarimorolidagi mojaroga yakun yasashga vaʼda berdi
- Hindistonda “Montta” sikloni sababli qariyb 90 ming kishi evakuatsiya qilindi
- AQSH va Britaniya Suriya muvaqqat prezidenti Axmad ash-Sharʼani “qora roʻyxat”dan chiqardi
- G20 sammitining Janubiy Afrikada oʻtkazilishi sharmandali holat – Tramp
- Isroil zarbalari oqibatida Gʻazoda 90 dan ortiq kishi halok boʻldi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring