Oliy Majlis Qonunchilik palatasida deputatlar va notariuslar oʻrtasida ochiq muloqot boʻlib oʻtdi

15:06 12 Sentyabr 2025 Jamiyat
177 0

Foto: «Xalq soʻzi»

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari qoʻmitasi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Notarial palatasi hamkorligida “Aholiga davlat xizmatlarini koʻrsatishda korrupsiya va byurokratiyaning oldini olishda notariatning oʻrni” mavzusida ochiq muloqot oʻtkazildi.

Tadbir doirasida Qoʻmita va Notarial palata oʻrtasida hamkorlik memorandumi imzolandi. Ushbu hujjat qonun ijodkorligi jarayoni samaradorligini oshirish, huquqni qoʻllash amaliyotini soddalashtirish, qonunchilik tizimini yanada ixcham va xalqchil qilish hamda ijtimoiy munosabatlarni tartibga solishda qonunlarning taʼsirini kuchaytirishni koʻzda tutadi.

Shundan soʻng, Qoʻmita aʼzosi, deputat Abdumannon Boʻriyev deputatlik soʻrovi doirasida amalga oshirilgan oʻrganishlar natijalarini taqdim etdi. Uning maʼlum qilishicha, oʻrganishlar Toshkent shahri va viloyati notariuslari oʻrtasida oʻtkazilgan boʻlib, bu jarayon haqida tegishli tashkilotlar xabardor boʻlmagan. Deputatning taʼkidlashicha, notariuslar qonunchilikdagi mavjud muammolar va ularni hal etish boʻyicha oʻz takliflarini bildirgan.

Qoʻmita raisi Jahongir Shirinov qonunlarni takomillashtirish jarayonida mutaxassislar fikrini oʻrganish muhimligini taʼkidladi.

Foto: «Xalq soʻzi»

– Prezidentimiz taʼkidlaganidek, qonunlar xalqchil boʻlishi shart. Shu bois amaliyotdan kelib chiqib mutaxassislarning takliflarini inobatga olish – biz uchun ustuvor vazifadir, – dedi Shirinov.

Muloqot davomida Zangiota tumanida xususiy amaliyot olib borayotgan notarius Abdubositxoʻja Boisxoʻjayev va Olmazor tumanida xususiy amaliyot bilan shugʻullanuvchi notarius Shoira Bilolxoʻjayeva sohada amalga oshirilayotgan islohotlar natijalari, fuqarolar va notariuslar uchun yaratilgan qulayliklar hamda yechim kutayotgan muammolar haqida maʼlumot berishdi.

Shuningdek, tadbirda Adliya vazirligi Notariat, advokatura va mediatsiya boshqarmasi boshligʻi Maʼsum Hatamov, Oliy sud, Bosh prokuratura va Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Kadastr agentligi vakillari ishtirok etdi soʻzga chiqdi.

Muloqot yakunida notariuslarning korrupsiyaning oldini olishdagi oʻrni va bu yoʻnalishdagi ahamiyati alohida qayd etildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер