Oʻksik dillarga quvonch ulashib...

14:38 16 Oktyabr 2025 Jamiyat
233 0

Yaqinda ijtimoiy tarmoqlarda tugʻma nogiron ikkala oyogʻi yoʻq oʻttiz yoshlardagi janubiy osiyolik fuqaroning tirikchilik yoʻlidagi ayanchli faoliyati namoyish etildi. Ollohdan biror bir istaging bormi, degan savolga u “huzuriga borsam, qayta tugʻilish rost boʻlsa, qayta dunyoga keltirmasligini oʻtinib soʻrardim. Chunki nafaqadagi ota-onam va jamiyatga tashvish keltirishni istamayman”, deya javob berdi. Nogironlik chindan-da nainki bir inson yoki bir oila, balki butun jamiyatning tashvishi.

Mamlakatimizda rasman qayd etilgan nogironlar soni bir million 31 ming 609 nafarni yoki umumiy aholiga nisbatan 2,7 foizni tashkil etishi haqiqatdan ancha yiroqdek tuyuladi. Buning sababini uzoq yillar nogironlikni belgilashdagi toʻralarcha munosabat, sansalorlik va tizimda korrupsiyaning uya qurib olganligidan aholining bezganligi, xalqimiz hamon voyaga yetmagan farzandidagi nogironlikni belgilashga asos boʻladigan nuqsonlarni oshkor etmaslikka intilishi bilan izohlash mumkin. Shu oʻrinda soʻnggi oʻn besh yil avvalgi statistikaga eʼtibor qaratsak, 2009-yilda mamlakatimizda nogironlar soni 826 ming kishini tashkil etib, 2015-yilda 588 ming nafarga kamaydi. Oʻtgan davrda bu oʻzgarishlarni jamiyatda inson qadri ulugʻlanib, uning manfaatlari davlat manfaatlaridan ustuvor qoʻyilgani bilan izohlash mumkin.

Ayni paytda nogironlar uchun zarur infratizim yaratilib, ularni sogʻlomlashtirish choralari takomillashtirildi. Qator meʼyoriy xujjatlar qabul qilinib, ushbu toifadagi fuqarolarni qoʻllab-quvvatlash, ular uchun qulay ijtimoiy muhit yaratishga alohida eʼtibor qaratildi. Xalqaro taraqqiyot uyushmasi ishtirokida “Aholining zaif qatlamlarini integratsiya qilish uchun Oʻzbekistonning innovatsion ijtimoiy himoya tizimi (INSON)” loyihasini amalga oshirish uchun 30-yil muddatga, 5-yillik imtiyozli davr bilan 100 mln AQSH dollari miqdorida kredit ajratish toʻgʻrisida bitim imzolandi. Shu munosabat bilan davlatimiz rahbarining 2024-yildagi “Xalqaro taraqqiyot uyushmasi ishtirokida “Aholining zaif qatlamlarini integratsiya qilish uchun Oʻzbekistonning innovatsion ijtimoiy himoya tizimi (INSON)” loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilinishi tizimda mutlaqo yangi davrni boshlab berdi.

– Yangi tizimning afzalligi shundaki, unda nogironligi bor fuqarolarning sarsongarchiliklariga barham berildi, — deydi Ijtimoiy himoya milliy agentligi Navoiy viloyati boshqarmasi boshligʻi oʻrinbosari Husen Ravshanov. — Nogironlikni belgilashning oldingi tartibida fuqaro Navoiy viloyatimiz sharoitida 200-300 kilometr yoʻl bosib, tuman markaziga kelib murojaat qilardi. Yangi tartib boʻyicha u oʻz mahallasidagi ijtimoiy xodim yoki uydan chiqamagan holda yagona interaktiv davlat xizmatlari orqali buni amalga oshirish imkoniyatiga ega. Oʻtgan yilda yangi tizim va yangi platformada yuzaga kelayotgan nomuvofiqlarni aniqlab, yuzdan oshiq takliflarni berdik. Ularning aksariyat qismi inobatga olindi. Faoliyatimiz davomida eski va yangi platformalar asosida tibbiy ijtimoiy komissiyalar tomonidan 3,5 mingga yaqin xulosalar shakllantirilib, berilgan takliflarimiz asosida xulosalardagi barcha nomuvofiqliklar bartaraf etildi.

Tizimdagi islohotlardan asosiy maqsad nogironlikni belgilash jarayonida standartlashtirishni mustahkamlash boʻlib, Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 16-sentyabrdagi ”Nogironlikni belgilash tizimini raqamlashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasi hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq, nogironlikni belgilash tizimi jahon standartlari darajasida takomillashtirilishi nafaqat nogironlar, balki ularning oilalariga qulaylik yaratish maqsadlarini ham qamrab olgan.

Barcha tibbiy-ijtimoiy ekspertlar bir xil standartlar asosida ish olib boradi. Bunday yondashuv nogironlik guruhlari, muddatlari va tibbiy reabilitatsiyaga muhtojlikni aniqlashda shaffoflikni taʼminlaydi. Shuningdek, 18 yoshgacha bolalar uchun kasalliklar roʻyxati kengaytirilib, ularning bosqichlari va asoratlari aniq belgilab berildi. Bu esa yosh bolalarning nogironligiga doir qarorlarning tez va adolatli qabul qilinishiga xizmat qiladi.

— Ijtimoiy sohaga tadbiq etilgan raqamlashtirish tizimining muhim afzalliklaridan biri nogironlikni belgilash jarayoni toʻliq elektron tizim orqali amalga oshiriladi, — deya davom etadi H.Ravshanov. — Fuqarolar Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali yoki “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari va ijtimoiy xodimlar orqali oilaviy shifokorlarga murojaat qilish imkoniyati yaratildi. Masalan, avvallari xulosa tayyorlash uchun 25-30 daqiqa sarflangan boʻlsa, hozir 7-8 daqiqada barcha zarur maʼlumotlar avtomatik tarzda taqdim etiladi.

Nogironlikni belgilash tibbiy-ijtimoiy ekspertiza komissiyalarining asosiy vazifalaridan biridir. Qaror asosida ularning ish tartibi besh kunlikka oʻtkazildi. Bu shaxsning funksionalligi va tibbiy holatini toʻliq baholash imkonini beradi. Tibbiy-ijtimoiy ekspertiza komissiyalarida ishlash mumkin boʻlgan tibbiy mutaxassisliklar roʻyxati tasdiqlanib, bu oʻz-oʻzidan tizim samaradorligini oshirilishini taʼminladi.

Ilgargi tizimda fuqaroga nogironlikni belgilashda u oʻnga yaqin shifokorga yoʻnaltirilardi, — deydi Navoiy shahridagi 3-sonli poliklinikaning oilaviy shifokori Gulbahor Xoliqova. — Masalan, umurtqa pogʻonasida churrasi bor fuqaro kardiolog, endokrinolog va boshqa shu kabi shifokorlar koʻrigidan oʻtib, xulosalar olishi talab etilardi. Yangi tartib boʻyicha zarur tahlillar oilaviy shifokorlar tomonidan yigʻilib, tibbiy ijtimoiy ekspertiza komissiyasiga taqdim etiladi. Shular asosida fuqaroga nogironlik va uning guruhi belgilanadi.

Yangi tizim boʻyicha nogironlikni belgilashga asos boʻladigan kasalliklar roʻyxati ham sezilarli darajada kengaydi. Ilgari bunday kasalliklar roʻyxati 565 ta boʻlsa, hozirda 2074 tani tashkil etadi. Davolanish muddatlari talab qilinmaydigan holatlar 48 tadan 1071 taga, muddatsiz nogironlik belgilanadigan holatlar 39 tadan 69 taga koʻpaytirildi. Bu esa tibbiy reabilitatsiya va ijtimoiy himoya xizmatlarini muvofiqlashtirishga, nogironligi boʻlgan shaxslarning huquqlari kafolatlanishi va ularning ijtimoiy integratsiyasiga xizmat qilmoqda.

Endi maqolamiz avvalidagi nogiron yigit misoliga qaytsak. Nogironlarga eʼtiborsizlik jamiyatning fojiasi. U bunday fuqaroni hayotdan bezdirib, odamlar orasida ularga nisbatan mehr-oqibat va saxovatpeshalik bilan munosabatda boʻlish kabi fazilatlar ham yoʻqolishiga sabab boʻladi. Esingizda boʻlsa, yaqin-yaqinlarda ham mamlakatimizdagi aksariyat dorixonalarda nogironlar uchun maxsus yoʻlak yoʻlga qoʻyilmagan, koʻzi ojiz fuqarolar birovning yordamisiz ovoz berish imkoniga emasdi. Bu tabiiyki, ularning faol hayotdan ajralib qolishi, dillari oʻksishiga sabab boʻlardi. Bunday shaxslarning reablitatsiyasi esa nihoyatda ogʻir kechadi.

Temur ESHBOYEV

“Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?