Oilaviy ajrimlarda bola kim bilan qolishi kerak?

Foto: Arxiv surat
Bu borada sud amaliyotidagi boʻshliqlar haqida
Oila va bola Yer yuzida hayot abadiyligining timsoli. Har bir jamiyatda ushbu subyektlar manfaatlari davlat tomonidan muhofaza qilinib, mamlakatimizda ham ular himoyasi davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan biri hisoblanadi. Shu asosda bola huquqlari va qonuniy manfaatlarini taʼminlash xalqaro huquq normalariga mos ravishda sud idoralari tomonidan himoya qilinishi yoʻlga qoʻyilgan va fuqarolik sudlarida bola huquq va qonuniy manfaatlariga oid fuqarolik, oila, mehnat, uy-joy huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan nizolar (ishlar) koʻrib chiqiladi.
Bola huquqlari toʻgʻrisidagi Konvensiyada bola tarbiyasi va rivojlanishi uchun ota va ona ular birga yoki alohida yashashi yoki ular hozirda yoki oʻtmishda qonuniy nikohdan oʻtgan yoki oʻtmaganligidan qatʼi nazar, birgalikda javobgarlikni tan oladi. Ota-ona ajrashganda yoki alohida yashashni boshlaganida, BMTning Bola huquqlari boʻyicha qoʻmitasi bolaning kim bilan yashashi haqidagi nizolarda ota-ona oʻrtasida javobgarlikning teng taqsimlanishi faqat va faqat bola manfaatlariga xizmat qilishiga urgʻu berib oʻtgan. Shuningdek, bolaning doimiy aloqani saqlab qolish huquqi nafaqat uning ota-onasi, balki, agarda bu bolaning manfaatlariga zid boʻlmasa, yaqin qarindoshlari va ijtimoiy tarmoqlari (aka-uka va opa-singillari, buvi-bobolari, amma-xolalari va togʻa-amakilari,doʻstlari va bola yaqin shaxsiy munosabatda boʻlgan boshqa shaxslar)ga nisbatan ham tatbiq etilishi belgilangan.
Oʻzbekiston Respublikasi Oila kodeksining 75-moddasiga koʻra, ota-onalik huquqi bolalar manfaatlariga zid tarzda amalga oshirilishi mumkin emas. Boisi bolalar manfaatlarini taʼminlash ota-ona gʻamxoʻrligining asosini tashkil qilishi lozim. Ota-ona alohida yashaganda bolalarning qayerda yashashi ota-onaning kelishuviga binoan belgilanadi. Ota-ona oʻrtasida kelishuv boʻlmasa, nizo sud tomonidan bolalar manfaatlaridan kelib chiqib, ularning fikrini hisobga olgan holda hal etiladi. Bunda sud, bolaning ota-onadan, aka-uka, opa-singillaridan qaysi biriga bogʻlanib qolganligini, bolaning yoshini, ota-onasining axloqiy va boshqa shaxsiy fazilatlarini, ota-onaning har biri bilan bola oʻrtasidagi munosabatlarni, bolani tarbiyalash va uning kamoloti uchun shart-sharoitlar (ota-onasining mashgʻulot turi, ish tartibi, moddiy hamda oilaviy ahvoli va boshqalar) yaratish imkoniyatini hisobga oladi.
Respublikamiz Oliy sudi Plenumining 1998-yil 11-sentyabrdagi “Bolalar tarbiyasi bilan bogʻliq boʻlgan nizolarni hal qilishda sudlar tomonidan qonunlarni qoʻllash amaliyoti toʻgʻrisida”gi qarorining 3-bandiga asosan, sud boshqa-boshqa turadigan ota-onalar oʻrtasidagi ularning qaysi bolasi qaysi biri bilan yashash uchun qolishi toʻgʻrisidagi nizolarni hal etishda Oʻzbekiston Respublikasi Oila kodeksining 71-moddasida belgilangan ota va onaning huquq va majburiyatlari tengligiga asoslangan holda, voyaga yetmagan bolalarning manfaatlariga va xohishlariga mos keladigan hal qiluv qarori qabul qilishi lozim. Bunda sud ota-onadan birining moddiy-maishiy ahvoli ustunligining oʻzi bolani unga olib berish uchun asos boʻla oladigan shart hisoblanmasligini nazarga tutgan holda bolaning ota-onadan, aka-uka, opa-singillaridan qaysi biriga bogʻlanib qolganini, ota-onadan qaysi biri bolalariga nisbatan koʻproq gʻamxoʻrlik va eʼtibor koʻrsatayotganini, bolalarning yoshini, ota-onaning axloqiy va boshqa shaxsiy fazilatlarini, ota-onaning har biri bilan bola oʻrtasidagi munosabatlarni, bolani tarbiyalash va uning kamoloti uchun shart-sharoitlar (ota-onasining maʼlumot turi, ish tartibi, moddiy hamda oilaviy ahvoli va boshqalar) yaratish imkoniyatini eʼtiborga oladi.
Ruhiy va jismoniy zoʻravonlik sabab bola onasi (ayol)dan majburan olib qolingani holati boʻyicha mazkur toifadagi fuqarolik ishlari oʻrganilganida baʼzan bola onasidan majburan olib qoʻyilgani holatlari ham uchrab turadi. Xususan, daʼvogar Yo.D. sudga daʼvo arizasi bilan murojaat qilib, unda 2004-yildan beri birga yashagan turmush oʻrtogʻi - javobgar ajrimga ariza bergani, sud oʻylab koʻrish uchun muhlat tayinlanganini taʼkidlaydi. Shu muhlat ichida u bir oy bolalarini olib ota uyida yashab turgan. Shu vaqt ichida javobgar kelib bolalarni olib ketgan. Lekin “Sen bilan yashamayman” deb daʼvogarni uyga qoʻymagan. Ayol ishga borib-kelib, azbaroyi bolalarini koʻrish uchun yertoʻlada yashagan. Sogʻligʻini yoʻqotgach, ota-onasi uchastka nozirini, mahalla maslahatchilarini olib kelib, yashayotgan joyini koʻrsatganida turmush oʻrtogʻi uyga qoʻymasligini turli tuhmatlar bilan “oqlab”, ayolni axloqan buzuqqa chiqargan. Sud daʼvogarning daʼvo talabini qanoatlantirgan boʻlishiga qaramasdan, sud qarorining ijrosi taʼminlanmasdan qolmoqda. Javobgar qizlarini daʼvogarning tarbiyasiga bermasdan, ularning muloqotini ham cheklab qoʻygan.
Maʼlumki, qiz bola balogʻatga yetgani sayin ona maslahati va koʻmagiga muhtoj boʻladi. Yuqorida biz keltirgan misolda esa onadan qizlarning ajratib qoʻyilishi mohiyatan bola manfaatlariga ziddir. Qissadan hissa shuki, bolalar ishtirokida fuqarolik ishlarini koʻrishda bola va ota-onaning umuman, oilaviy munosabatlarning tabiatiga aniqlik kiritishda sud maxsus bilimlarga ega boʻlgan ekspert va mutaxassis xizmatiga ehtiyoj sezadi.
Maʼlum masala boʻyicha bolaning fikrini bilish muhim boʻlgan sud nizolari, yaʼni bolani oʻz tarbiyasiga olishda (bola kim bilan yashamoqchi) bolaning fikridan tashqari pedagog va psixolog yordamida bolaning taʼsirchanligi, oʻzgalar taʼsiriga qay darajada tushib qolishi, mustaqil qaror qabul qilish salohiyati, oʻz qarorlarini ongli qabul qilish va tushunish salohiyatini tekshirish lozim boʻladi. Shunga koʻra sudlar tarkibida maxsus oilaviy psixologlar faoliyati tashkil qilinib, ular bevosita mustaqil ekspert hisoblanishi joriy etilsa, maqsadga muvofiq boʻlardi.
Shuningdek, bolani olib berish bilan bogʻliq sud qarorini ijro etishda turli janjallarning yuzaga kelishi, ota yoki onaning bolani bermasligi, bola psixologiyasiga ruhiy, jismoniy tazyiqlar, bolaning sogʻligʻi yoki hayotiga xavf tugʻdirishi mumkin boʻlgan turli holatlarning sodir etilishi ijroni qiyinlashishiga yoki toʻxtatib turilishiga olib kelishini nazarda tutib, sud ijrochilari bolani olish va uni boshqa shaxsga berish bilan bogʻliq sudning hal qiluv qarorlarini majburiy ijro etishda, albatta, bolalarni himoya qilish shuʼbasi vakillari hamda ichki ishlar organi vakili va oilaviy psixologlar ishtirokida amalga oshirishi lozimdir.
Bundan tashqari sudlar bolani olish bilan bogʻliq sud qarorlari oʻz vaqtida ijro etilishini taʼminlash hamda sudga ijro etish usuli va tartibini oʻzgartirish toʻgʻrisidagi arizalar bilan murojaat qilish holatlarini kamaytirish maqsadida hal qiluv qarorining xulosa qismida:
* bolaning kimga olib berilayotgani, yaʼni otasi yoki onasiga, vasiylik va homiylik organiga yoki u qonunda belgilangan tartibda tayinlangan boʻlsa, vasiyga (homiyga) berilayotgani,
*ijro etish usuli va tartibi,
* bola manfaatlaridan kelib chiqib, qayerda ijro amalga oshirilishi,
* darhol ijro etish zarur deb topilsa, (bir yoshga toʻlmagan bola masalasi boʻlsa) bolani olish joyi va vaqti koʻrsatilishi shart.
Chunki mazkur toifadagi ishlar boʻyicha amaliyotda ijrosi taʼminlanmay qolish holatlari koʻplab kuzatilmoqda.
Mazkur toifadagi ishlarni sudda koʻrish uchun 10 yoshga toʻlgan bolaning fikri talab qilinadi, shu sababli sud binolarida psixologlar xonalari bilan birgalikda bolalar maxsus xonalarining ham tashkil qilinishi ayni muddaodir.
Yuqoridagi boʻshliqlarni bartaraf etish, tabiiyki, sudda shu kabi ishlar hajmining kamayishiga va nizolarni tez hamda qonuniy hal qilinishiga zamin yaratadi.
Gulnafis XUDAYBERDIYEVA,
Navoiy viloyat sudi sudyasi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Ish haqi, pensiya, nafaqa va stipendiyalar miqdori 10 foizga oshiriladi
- Eron va Isroil oʻrtasidagi ziddiyatlar xronologiyasi yoxud bugungi “urush”ning ildizi qayerda?
- Olimlar Alsgeymer kasalligidan himoya qiluvchi parhez haqida maʼlumot berishdi
- Dollar kursi oshishda davom etmoqda
- Parkentda yiliga 20 ming sayyohni qabul qiladigan turistik majmua ochilmoqda
- Oʻzgarishlarni soʻz bilan uygʻotgan jurnalist
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring