Oila a’zolarim qattiq qarshilik qilgan – Ikki din vakillari oila qurish tarixi

14:25 30 May 2024 Jamiyat
124 0

Oʻzbekistonni koʻp millatli davlat deb eʼtirof etamiz. Shunday ekan yurtimizda turli din vakillari ham istiqomat qilishi tabiiy. Savol tugʻiladi, agar ikki din vakili bir-biriga koʻngil qoʻysa, ular turmush qurishadimi? Bizning bugungi qahramonimiz ushbu savolga javob beradi. Maʼsuma Panasenko (qizlik familiyasi Mirzayeva) 30 yosh, millati oʻzbek, dini esa musulmon. Undan farqli ravishda turmush oʻrtogʻi esa Italiya fuqaro, dini xristian.

Doʻsti sababchi boʻlgan

“Pasportni stol”da ishlayman. Ishimiz sabab turli davlat fuqarolari bilan suhbatlashishga toʻgʻri keladi. Shu vaqtlarda turmush oʻrtogʻim doʻstiga biron oʻzbek qizi bilan tanishtirib qoʻy, oʻzbek xalqi yoqdi, shu yerdan uylanaman deb yurgan ekanlar. Tasodifmi yoki ataymi, doʻsti men bilan tanishtirdi. Avval Yevropa fuqarosi ekanligi uchun qiziqqanman, shunchaki gaplashganman. Ammo… hammasi oʻzgarib ketdi, munosabatlarimiz chuqurlashdi. Munosabatlar chuqurlashishi qoʻrquvimga sabab boʻldi. Chunki oilamdagilar meni xorij fuqarosiga uzatish yoki uzatmasliklarini bilmasdim. Umuman olganda boʻlajak xoʻjayinim bilan 2 hafta davomida 2-3 marta uchrashdik, keyin u vataniga uchib ketdi. Men “boʻldi, hammasi tugadi” deb oʻyladim. Ammo Italiyadan xabar kelib turdi. Telefon ham qilardi. 2-3 oydan soʻng niyati jiddiy ekanligini, men bilan oila qurmoqchiligini bildirdi.

Erga tegish niyatim boʻlmagan

Hayotimda sodir boʻlayotganlariga toʻyim oʻtguncha ishonmadim, umuman olganda, unga erga tegish niyatim boʻlmagan edi. Keyin u haqda oyimga aytdim va yaxshigina gap eshitib oldim. “Yigʻishtir, sen jinnimisan? Kimga erga tegmoqchisan?” deyishgan. Uyda katta toʻpolon boʻlgani esimda. Oʻshanda birinchi marta “bu boʻlmaydigan ish ekan, boʻldi, deb munosabatlarimizga nuqta qoʻymoqchi boʻlganman. Oʻzimizcha xayrlashgandik ham. Biroq bari-bir 2-3 oylik munosabatga bir ogʻiz soʻz bilan nuqta qoʻyib boʻlmas ekan, doʻst boʻlib qolish niyatida suhbatlarimizni davom ettirdik. Menda ishonchsizlik boridi, arzimagan narsaga “boʻldi, siz bilan gaplashishni istamayman” deb aloqani uzdim. Bizning munosabatlarimizdan qarindoshlarimiz ham xabar topgan edi. Orada 1 oy oʻtganda xolam oyimni “koʻndirganlarini” aytib qoldilar. Yana ichimda umid paydo boʻldi.

Tanaffusni uzoq qilishni istamadim, maʼlum vaqtdan soʻng unga yozdim va yana munosabat tiklandi. Oyisi Oʻzbekistonda ekani, manzillari, raqamlarini bildirib, ularni borib koʻrishimni aytdi. Oʻzbekchilik, u qancha iltimos qilmasin bormadim, borolmadim. U rosa iltimos qilgan edi.

Boshqa birovga turmushga berishmoqchi boʻlishdi

Shunday qilib, 2021-yil oxirida xoʻjayinim Oʻzbekistonga keladigan boʻldi. U mendan oʻziga yon bosib turishimni soʻradi. Men oʻz tasavvurimcha rozi boʻldim. Lekin uning uchib kelishidan 10 kun oldin uyimizda katta janjal boʻldi. Kuyovlikka 2 ta nomzod topilgan va men ulardan biriga turmushga chiqishim kerak edi.

Oʻshanda oila aʼzolarimdan shunaqa gaplar eshitganmanki, mening koʻnglim qattiq ogʻrigan, oyimning toblari qochib qolgan. Shu sabab unga yigʻlab xabar yozganman: “Chiptangni qaytar, meni oyim hech qachon rozi boʻlmaydi. U rozi boʻlmas ekan men ham rozi boʻla olmayman”.

Barchasi shov-shuv boʻldi

Mening bu gaplarimga u hech qanday ortiqcha reaksiya bildirmagan. Lekin Yangi yildan 3 kun oldin meni qidirib ishxonamga kelgan. Qoʻlida gul, shirinliklar. Men yangi ish joyim manzilini qayerdan topganiga hayron boʻlganman.

Bu voqea ishxonamizda xuddi kinolardagidek shov-shuv boʻlgan. Falonchining sevgani bor ekan, yigiti Italiyadan kelibdi. Italiyaga turmushga chiqarkan, deyishgan.

Uning oʻshandagi tashrifi mening fikrlarimni butunlay oʻzgartirib yuborgandi. Unga nisbatan ishonchim ortgan, qalbimda yanada iliqlik paydo boʻlgan. Tuygʻularim tiniqlashgan, bir qarorga kelgan boʻlsam-da, bu mavzuda oyim bilan gaplasha olmaganman, uni xolam bilan uchrashtirganman.

Toʻyimizga asosiy sababchi xolam boʻlganlar, 3 yil davomida doim meni qoʻllab-quvvatlaganlar. Vaziyat yumshab, xolamning saʼy-harakatlari bilan oxiri oyim ham toʻyga rozi boʻlganlar.

Hozir esa hammasi boshqacha. Oila aʼzolarim xursand. Qaynonam qizidek, hatto dugonasidek koʻradi. Baʼzida shu oxirgi 3 yilda oʻzimga katta imtihondan oʻtgandek tuyulaman.

SHAHNOZA TOʻRAMURODOVA,

jurnalist

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер