Ohangaron tumanida umumiy qiymati 30 mln dollarlik yangi loyihaga tamal toshi qoʻyildi
Foto: Халқ сўзи
“Angren” erkin iqtisodiy zonasining Ohangaron tumani “Angren-1” blokida Xitoyning “Hua Tao Cermic Group” xorijiy korxonasi tomonidan keramik plitkalar va ularni ishlab chiqarish uchun xomashyo ishlab chiqarishga moʻljallangan yangi zavod qurilishi boshlandi.
Tantanali tadbirda tuman hokimi Abdurasul Abdullayev, korxona rahbariyati va masʼullari, mahalla faollari va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Tuman hokimi soʻzga chiqib, Ohangaron tumanida amalga oshirilayotgan qurilish-bunyodkorlik ishlari, aholi farovonligini oshirish yoʻlida olib borilayotgan islohotlar xususida soʻzlab, ayni paytda tumanda umumiy qiymati 2 mlrd dollarga teng boʻlgan 75 ta loyiha amalga oshirilayotganligini taʼkidladi. Mazkur loyihalar amalga oshishi natijasida tumanimizning sanoati rivojlanishi, iqtisodiy va eksport koʻrsatkichlari hamda aholi bandligini taʼminlash bilan bogʻliq samaradorligi yanada ortishi alohida qayd etildi. Shuningdek, tuman rahbari xitoylik hamkorlar bilan doʻstona aloqalar bundan keyin ham rivoj topishini, ushbu loyihani amalga oshirish bilan bogʻliq har qanday masalada tuman hokimligi hamkorlikka tayyor ekanligini bildirib oʻtdi.
Rasmiylarning kirish soʻzlaridan soʻng, yangi qurilayotgan zavod atrofida koʻchat oʻtqazish aksiyasi boʻlib oʻtdi va manzarali daraxtlardan iborat bogʻ tashkil etildi.
Soʻngra, tadbirning asosiy qismi, yaʼni zavod poydevoriga tamal toshi qoʻyish marosimi boʻlib oʻtdi. Tuman hokimining ezgu tilaklari muhrlangan oʻziga xos ramziy maktub poydevor ostiga tashlandi. Qurʼon tilovat tushirilib, xayrli ish oldidan jonliq soʻyildi.
Loyiha haqida maʼlumot:
Mazkur loyiha 2023-2025-yillarda Xitoy Xalq Respublikasining “Zibo Brosilk New Material Technology Partnership” kompaniyasi hamda xitoylik investor Jia Xiaohu tomonidan kiritilayotgan 30 mln dollar miqdoridagi toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy sarmoyalari hisobiga 3 bosqichda amalga oshirilishi rejalashtirilgan.
Loyihaning birinchi bosqichida, 2024-yil oxiriga borib, yiliga quvvati 6 mln metr kvadrat keramik plitkalar ishlab chiqarilishi yoʻlga qoʻyiladi. Ikkinchi va uchinchi bosqichlarda plitalar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish darajasini toʻliq oʻzlashtirish maqsadida, korxonaning oʻzida fritta, glazur, printerlar uchun boʻyoqlar hamda metall qoliplar (press-forma) ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish rejalashtirilgan.
Korxonaning toʻliq ishga tushirilishi natijasida 350 ta yangi ish oʻrinlari yaratiladi. 2026-yilga borib, korxonada 360 mlrd soʻmlik mahsulot ishlab chiqarilishi va shundan 11 mln. dollarlik qismi eksportga yoʻnaltirilishi belgilangan. Shuningdek, mahalliy davlat byudjetiga 3 mlrd soʻmlik soliq tushumlari kelib tushadi.
Korxonada ishlab chiqarilgan yuqori sifatli mahsulotlar ichki bozor va eksportga “Made in Uzbekistan” tamgʻasi ostida yetkazib beriladi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Harbiy xizmatni oʻtash bilan bogʻliq tartiblar yangilanadi
- Voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimi takomillashtirilmoqda
- Namanganda 3 ta yirik institut bitta universitetga birlashtiriladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring