Ogʻir maktab sumkasi bukrilikka olib kelishi mumkin — Sanepidqoʻmita

17:36 28 Avgust 2025 Jamiyat
287 0

Ogʻir maktab sumkasi bolaning tana shakliga salbiy taʼsir qiladi. Sanepidqoʻmita ogohlantirish bilan chiqdi.

Bildirilishicha, bola ogʻir sumka koʻtargani sababli bosh, boʻyin va yelka qismini oldinga egib oladi. Bunday davomli holat umurtqa pogʻonasining qiyshayishiga (skolioz), hatto bukrilikka ham olib kelishi mumkin.

“Farzandingizga maktab sumkasi sotib olayotganda ogʻirligi 700 grammdan 1 ming 200 grammgacha boʻlgan, oʻzidan yoqimsiz hid taratadigan sintetik material bilan ishlanmagan sumkalarni tanlashga eʼtibor qaratish lozim”, — deyiladi qoʻmita xabarida.

Jahon tajribasida qanday?

“American Occupational Therapy Association” uyushmasining maʼlum qilishicha, boshlangʻich sinf oʻquvchilarida ogʻir sumkalar bel, yelka va boʻyin ogʻrigʻi kabi muammolarni yuzaga chiqaradi. Bolalar koʻpincha tana vaznining 10–25 foizigacha boʻlgan yuk koʻtarishadi, bu esa ortopedik noqulaylik xavfining oshishiga sabab boʻladi. AQSH pediatriya akademiyasi maktab sumkasi bolaning tana vaznining taxminan 5–10 foizidan ogʻir boʻlmasligini, kasb terapiyasi mutaxassislari esa 10 foizdan oshirmaslikni maslahat beradi.

Qator mamlakatlar bolalar ogʻir sumka koʻtarmasliklari, oqibatda kelib chiqadigan xavflarning oldini olish boʻyicha choralarni kuchaytirgan. Jumladan, 2020-yilda Hindiston 1–10 sinflar uchun sumka ogʻirligi bola vaznining 10 foizidan oshirmaslikni belgilagan. Bu choralar kichik yoshdagi oʻquvchilarning orqa pogʻonasiga tushadigan doimiy yukni kamaytirishga qaratilgan. Shuningdek, mamlakatda 1–2-sinf oʻquvchilari uchun hech qanday uyga vazifa berilmaydi.

Yaponiya maktablarida esa boshlangʻich sinf oʻquvchilari uchun shakli va oʻlchamida qatʼiy talablar mavjud boʻlgan “randoseru” deb nomlanuvchi anʼanaviy sinf sumkalaridan foydalaniladi. Ushbu sumkalar odatda 30 sm balandlik, 23 sm kenglik va 18 sm chuqurlikda boʻlib, taxminan A4 qogʻoz kattaligidagi kitob, daftarlarni sigʻdira oladi.

Boʻsh vaznida bu sumkalar oʻrtacha 1,2 kg, ayrimlarida esa 1 kgdan ham yengilroq boʻlishi uchun yengil sintetik materiallar qoʻllaniladi. Shu tariqa Yaponiyada bolaning tana tuzilishiga va ergonomik holatiga zarar yetkazmaslik maqsadida sumka dizayni va oʻlchamini qatʼiy belgilash orqali aniq standartlarga amal qilinadi.

Mutaxassislar ota-onalarga maktab sumkalarini xarid qilishda quyidagi jihatlarga eʼtibor qaratishni eslatadi:

• ikki keng va yumshoq yelka bogʻichli;

• bel kamarli;

• orqa qismi qattiq formali sumkalarni tanlash;

• eng ogʻir buyumlarni orqaga yaqin joylashtirish;

• har kuni keraksiz narsalarni sumkadan chiqarib borish;

• sumkani toʻgʻri balandlikda taqish va iloji borida shkaflardan foydalanish.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер