OʻFA bir nechta klubni ogʻirroq intizomiy jazo choralari bilan ogohlantirdi

20:30 23 Oktyabr 2025 Sport
397 0

“Navbahor lochinlari” va “Neftchi” futbol klublariga nisbatan Oʻzbekiston Superliga chempionatida toʻplangan ochkolaridan 3 ochko olib tashlanishi, bir nechta futbol klublariga nisbatan ogʻirroq intizomiy jazo choralari qoʻllanilishi mumkin. Bu haqda Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasi xabar berdi.

Bildirilishicha, OʻFA tomonidan Futbolchilarning maqomi va oʻtishi boʻyicha qoʻmitasi qabul qilingan qarorlar ijrosi tahlil qilingan. Qoʻmita qarorlariga muvofiq, klublarga qarzdorliklarni muddat belgilab, toʻliq bartaraf etish majburiyati yuklatilgan.

Bunda, “Navbahor lochinlari”, “Neftchi”, “Andijon”, “Xorazm”, “Buxoro”, “Qumqoʻrgʻon-1977”, “TerDU” futbol klublari qoʻmita qarorlarida belgilangan majburiyatlarni toʻliq bajarmasdan kelayotgani aniqlandi.

Jumladan, “Navbahor lochinlari” futbol klubi futbolchilar Jamshid Iskanderov, Ibrohim Yoʻldoshev, Diyorjon Turopov, Odil Hamrobekov, Abror Ismoilov, Shahzodbek Ubaydullayev, shuningdek murabbiy Muhiddin Ortiqov oldidagi qarzdorlikni toʻliq bartaraf etmagan. “Neftchi” futbol klubi esa futbolchilar Azizbek Amonov, Manuchehr Safarov, Shohruh Gadoyev oldidagi majburiyatni toʻliq bajarmagan.

Shuningdek, “Andijon” klubining “Paxtakor” va “Bunyodkor” futbol klubi oldidagi mashgʻulot kompensatsiyasi hamda transfer shartnomalari boʻyicha qarzdorligi mavjud. “Xorazm” va “Buxoro” futbol klublari ham “Paxtakor” futbol klubi oldidagi mashgʻulot kompensatsiyasi boʻyicha qarzdorligini bartaraf etmagan.

Bundan tashqari, “Qumqoʻrgʻon-1977” futbol klubi futbolchi Orzu Razzoqov oldidagi, “TerDU” futbol klubi futbolchilar Sarvar Husanov va Farrux Haydarovlar oldidagi qarzdorliklar boʻyicha moliyaviy majburiyatlarini bajarmay kelayotgani qayd etilgan.

Taʼkidlanishicha, qarzdorlik toʻlanmaganligi sababli, qoʻmita tomonidan 2025-yilgi mavsumda qishki transfer oynasida “Navbahor lochinlari” va “Neftchi” futbol klublariga keyingi ikki roʻyxatdan oʻtkazish davrida milliy va xalqaro miqyosda yangi futbolchilarni Liga roʻyxatidan oʻtkazishga taqiq qoʻyilgan.

Keyinchalik, Namangan viloyati hokimligi hamda Fargʻona viloyati hokimligi tomonidan qarzdorlikni toʻliq bartaraf etish boʻyicha kafolat xatlari taqdim etilgani hamda futbolchilar bilan tuzilgan qarzdorliklarni qoplanishi boʻyicha kelishuvlari inobatga olinib, qishki transfer oynasidagi taqiq vaqtincha olib tashlangan. Shu asosda qarzdorliklar qisman toʻlangan boʻlsada, klublar tomonidan belgilangan muddatlarda toʻliq toʻlovlar amalga oshirilmagan.

Mazkur futbol klublari qarzdorlikni belgilangan muddatda bartaraf etmagani uchun ularga nisbatan jarima intizom choralari qoʻllangan boʻlsada, shundan keyin ham qarzdorlikni bartaraf etmagan.

Futbolchilarning maqomi va transferi boʻyicha reglamentning 12-bis moddasi 1-bandiga muvofiq, klublar futbolchilar va boshqa klublar oldidagi moliyaviy majburiyatlarni, shuningdek, professional futbolchilar bilan imzolangan shartnomalar va transfer kelishuvlarida nazarda tutilgan talablarni oʻz vaqtida bajarishi shart. Mazkur moddaning 6-bandida esa moliyaviy majburiyatlarning takroriy ravishda buzilishi ogʻirlashtiruvchi holat sifatida baholanib, yanada qatʼiyroq jazo choralari qoʻllanilishi belgilangan.

Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasi aʼzosi sifatida “Navbahor lochinlari”, “Neftchi”, “Andijon”, “Xorazm”, “Buxoro”, “Qumqoʻrgʻon-1977”, “TerDU” futbol klublari qoʻmita qarorlarini bajarishi majburiy hisoblanadi. Biroq klublar tomonidan qarorlar ijrosi taʼminlanmayotgani va bepisand munosabatda boʻlayotgani ularga nisbatan ogʻirroq intizomiy jazo choralarini qoʻllashni taqozo qilmoqda.

Maʼlum qilinishicha, yuqoridagilardan kelib chiqib, 2025-yil 3-noyabr kuni Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasining tegishli qoʻmitasida mazkur futbol klublariga nisbatan ogʻirroq intizomiy jazo choralarini qoʻllash masalasi koʻrib chiqiladi.

Bunda, “Navbahor lochinlari” va “Neftchi” futbol klublariga nisbatan Oʻzbekiston Superliga chempionatida toʻplangan ochkolaridan 3 ochko olib tashlash (uch ochkodan mahrum qilish) hamda qishki transfer oynasida xalqaro va milliy darajada yangi futbolchilarni roʻyxatdan oʻtkazishga taqiq qoʻyish, shuningdek, “Andijon”, “Xorazm”, “Buxoro”, “TerDU” klublariga ham qishki transfer oynasida xalqaro va milliy darajada yangi futbolchilarni roʻyxatdan oʻtkazishga taqiq qoʻyish, “Qumqoʻrgʻon-1977” futbol klubini esa musobaqadan chetlashtirish choralarini qoʻllash masalalari kun tartibidan oʻrin oladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер