Odamlarni rozi qilish — ulug‘vor maqsadimiz

Hasan PAYDOEV - "Xalq so'zi"
Davlatimiz rahbarining “Hududlarni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha sektorlar faoliyatini yanada takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori joylarda ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotni jadallashtirish orqali aholi turmush farovonligini yuksaltirishning muhim omili bo‘lib xizmat qilmoqda.
Birgina Yozyovon tumani prokurori rahbarligidagi 2-sektor hududida jami oltita mahalla fuqarolar yig‘ini mavjud bo‘lib, ulardagi 3785 ta xonadonda 21 ming 688 nafar aholi istiqomat qiladi.
Xo‘sh, ularning roziligiga erishish, muammolarini hal etishda qanday ishlar amalga oshirilyapti?
Muxbirimiz Yozyovon tuman prokurori, 2-sektor rahbari I. Xodjaev bilan shular xususida suhbatlashdi.
— Barcha saʼy-harakatlarimiz aholi manfaatlariga qaratilgan. Birinchidan, bugungi kunda 2-sektorda o‘tkazilgan xatlov natijasida 310 nafar yoshlar “yoshlar daftari”ga ro‘yxatga olingan bo‘lib, ko‘rsatilgan amaliy yordam natijasida ushbu yoshlar daftardan to‘liq chiqarilishi taʼminlandi. — Ro‘yxatga olingan yoshlarning 51 nafariga subsidiya ajratish orqali mehnat qurollari (motoarra, payvandlash uskunasi, dori sepish uskunasi, tikuv mashinasi) berish orqali daftardan chiqarilishi taʼminlandi.
Xususan, sektor hududidagi “Qorasoqol” MFYda istiqomat qiluvchi I.Boltaboevga dori sepish, I.Tolipovga payvandlash uskunasi olib berildi. Natijada ular o‘zini-o‘zi band qilib, doimiy ish bilan taʼminlandi. Shuningdek, ro‘yxatdagi yoshlarning 19 nafariga kredit mablag‘lari ajratilib, daftardan chiqarildi.
Bundan tashqari, 97 nafariga dehqonchilik bilan shug‘ullanib daromad olishlari uchun 20 sotixdan yer maydonlari ajratib berilishi taʼminlangan. Ro‘yxatdagi yoshlarning 137 nafari tumandagi korxona va tashkilotlarga ishga joylashtirilishi natijasida bandligi taʼminlangan.
Yana bir muhim jihat. Sektorda o‘tkazilgan xatlov natijasida birinchi bosqichda, 223 nafar ayollar “ayollar daftari”ga ro‘yxatga olinib, ko‘rsatilgan amaliy yordam natijasida ular daftardan to‘liq chiqarildi.
Xususan, Yuqori mahallasida yashovchi, nogironligi bor fuqaro M.Ergashevaga tikuvchilik sexi binosi qurib berildi. To‘liq taʼmirdan chiqarilib, homiylik hisobidan 5 ta zamonaviy tikuv mashinasi bilan taʼminlanishi natijasida hozirda “yoshlar daftari”da turuvchi uch nafar yosh va “ayollar daftari”da turuvchi uch nafar ayol bandligi taʼminlandi.
“Аyollar daftari”da ro‘yxatda turuvchi 8 nafar ayollarga imtiyozli kredit mablag‘lari ajratilishi taʼminlandi. 40 nafarga yaqiniga moddiy yordam berildi. Besh nafariga tikuv mashinalari, yana shuncha fuqaroga parranda olib berildi. O‘n nafari ishga joylashtirildi, 31 nafariga oziq-ovqat mahsulotlari tarqatildi. Yuzlab xotin-qizlarga psixologik hamda huquqiy maslahatlar berildi.
Xususan, sektordagi “Yuqori” MFYda yashovchi fuqaro G.Sharipovaga parrandachilik faoliyati bilan shug‘ullanish uchun 30 mln. so‘m kredit mablag‘lari ajratilib, yashash uyida hozirda 400 dona tovuq parvarishlab kelmoqda. Shu kabi fuqaro M.Toshpo‘latovaga qandolatchilik mahsulotlari ishlab chiqarish uchun uskuna sotib olishga 30 mln. so‘m kredit mablag‘lari ajratildi. Hozirda qandolat mahsulotlari ishlab chiqarish bilan shug‘ullanib, daromad manbaiga ega bo‘lgan.
Shuningdek, “Guliston” MFYda yashovchi fuqaro F.Tursunqulovaga tikuvchilik faoliyati bilan shug‘ullanish uchun tikuv mashinasi sotib olishga 30 mln. so‘m kredit mablag‘lari ajratildi. Kredit hisobiga 5 ta tikuv mashinasi olib, hozirda yashash uyida uch nafar ishsiz fuqaroning bandligini taʼminlab, tikuvchilik bilan shug‘ullanyapti.
Bundan tashqari, sektorda o‘tkazilgan xatlov natijasida ikkinchi bosqichda, 301 nafar ayol “ayollar daftari”ga ro‘yxatga olinib, ko‘rsatilgan amaliy yordamlar natijasida 235 nafari daftardan o‘chirildi.
Bundan tashqari, 515 nafar oila “temir daftar”ga ro‘yxatga olinib, ko‘rsatilgan amaliy yordamlar natijasida 478 nafari daftardan chiqarildi. Xususan, daftarga olingan oilalarning 90 nafari fermer xo‘jaligiga ishga joylashtirilgan. 211 nafari o‘zini-o‘zi band qilish, 84 nafariga takroriy ekin ekish uchun yer maydonlari ajratib berilgan. Boshqa yo‘nalishlarda ham ularning bandligi taʼminlangan.
“Temir daftar”dagi oilalarni ijtimoiy himoyasi muntazam ravishda taʼminlanib kelinmoqda. Misol uchun, “Yuqori” MFYda yashovchi, 4 nafar voyaga yetmagan farzandi bor, ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqaro M.O‘rinovga (turmush o‘rtog‘i G.Otaxonova) homiylik mablag‘lari hisobidan 3 xonali uy joy qurib berilishi taʼminlandi. Bundan tashqari, “Guliston” MFYda yashovchi yolg‘iz ayol, ikki nafar voyaga yetmagan farzandi bor, uy-joyga muhtoj T.Hayitovaga ham homiylar hisobidan 2 xona uy qurib berilgan.
Daftardagi ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalardan o‘n nafariga 170 000 so‘mlik oziq-ovqat mahsulotlari berildi. Shuningdek, uch nafar fuqaroni har biriga 400 ming so‘mdan tabiiy gazdan bo‘lgan qarzdorliklari homiylar mablag‘i hisobidan to‘lab berilishi taʼminlandi.
Bular hammasi emas. “Mustahkam do‘stlik” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida joylashgan 35-umumiy o‘rta taʼlim maktabidagi 60 o‘rinli maʼnan eskirgan o‘quv binosi buzib tashlanib, o‘rniga 140 o‘rinli zamonaviy tipdagi 1,5 mlrd. so‘mlik qiymatdagi maktab o‘quv binosi hashar va homiylik yordami hisobidan qurib bitkazilyapti. Maktabning yangi binosi saylov kunlari arafasida foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan.
Olib borilayotgan ishlarning barchasi tag-zamirida odamlarni rozi qilishdek ulug‘vor maqsad mujassam. Zero, xalq manfaatlar hamma narsadan ustun.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Eron va Isroil oʻrtasidagi ziddiyatlar xronologiyasi yoxud bugungi “urush”ning ildizi qayerda?
- Parkentda yiliga 20 ming sayyohni qabul qiladigan turistik majmua ochilmoqda
- Oʻzgarishlarni soʻz bilan uygʻotgan jurnalist
- “100 milliondan ortiq gullar, modalar haftaligi hamda turfa taomlar taqdimoti”: Namanganda oʻtkazilayotgan 64-Xalqaro gullar festivalidan video va fotoreportaj
- Oʻzbekiston tarixida ilk bor mundial yoʻllanmasini qoʻlga kiritgan milliy terma jamoamiz Toshkentga qaytib keldi — Fotoreportaj
- Oʻzbekiston Tashqi ishlar vazirligi Isroil–Eron mojarosi yuzasidan bayonot berdi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring