“Ochiq byudjet” axborot portali orqali jamoatchilik fikri asosida shakllangan tadbirlarni moliyalashtirish yanada kengayadi — Prezident qarori

23:43 22 Sentyabr 2021 Hujjatlar
2357 0

“Ochiq byudjet” axborot portali orqali jamoatchilik fikri asosida shakllangan tadbirlarni moliyalashtirishni yanada kengaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori 

Fuqarolarni byudjet jarayoniga jalb qilish mexanizmining ishga tushirilishi joylarda aholini qiynab kelayotgan muammolarning yechimini topish va jamoatchilikni byudjet jarayonining ishtirokchisiga aylantirishda alohida vosita boʻlib xizmat qilmoqda.

2021-yilda oʻtkazilgan tashabbusli byudjetlashtirish jarayonida fuqarolardan kelib tushgan murojaatlarda bayon etilgan oʻrinli va dolzarb muammolarni qisqa muddatlarda bartaraf etish, davlat byudjetini shakllantirish va hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish loyihalarini ishlab chiqish jarayoniga aholini faol jalb etish maqsadida:

1. Moliya vazirligi hamda Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligining Oʻzbekiston Respublikasi respublika byudjetidan 1-ilovaga muvofiq 2021-yil 1-oktyabrga qadar:

Fuqarolar tashabbusi jamgʻarmasida (keyingi oʻrinlarda – Jamgʻarma) 1 milliard soʻmdan kam mablagʻ shakllangan tuman va shaharlar uchun qoʻshimcha 57,9 milliard soʻm;

“Ochiq byudjet” axborot portali orqali kelib tushgan takliflar soni 100 tadan ortiq boʻlgan tuman va shaharlarga qoʻshimcha 59,5 milliard soʻm mablagʻ ajratish toʻgʻrisidagi takliflari maʼqullansin.

2. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq 2022-yil 1-yanvardan boshlab tuman va shaharlar byudjetlari parametrlarida hududiy ichki yoʻllarni taʼmirlash uchun ajratiladigan mablagʻlarning 50 foizi “Ochiq byudjet” axborot portali orqali jamoatchilik fikri asosida aniqlangan ichki yoʻllarni taʼmirlashga yoʻnaltiriladi.

Moliya vazirligi ikki oy muddatda hududiy ichki yoʻllarni taʼmirlash uchun ajratiladigan mablagʻlarning 50 foizini “Ochiq byudjet” axborot portali orqali jamoatchilik fikri asosida aniqlangan ichki yoʻllarni taʼmirlashga yoʻnaltirish tartibini ishlab chiqsin va tasdiqlasin.

3. Belgilansinki:

tuman va shahar hokimlari Jamgʻarmaga mablagʻlarning oʻz vaqtida oʻtkazilishi hamda Jamgʻarma mablagʻlaridan maqsadli foydalanilishi boʻyicha shaxsan javobgar hisoblanadi;

tumanlar va shaharlar hokimliklari tomonidan har chorakda chorakdan keyingi oyning 25-sanasiga qadar jamoatchilik fikri asosida shakllantirilgan tadbirlarni moliyalashtirish boʻyicha maʼlumotlar oʻzlarining rasmiy veb-saytlari va “Ochiq byudjet” axborot portaliga joylashtirib boriladi;

mazkur bandning uchinchi xatboshisida nazarda tutilgan qoidani buzish byudjet jarayonining ochiqligini taʼminlash tartibini buzish deb baholanadi.

4. Moliya vazirligi:

uch oy muddatda “Ochiq byudjet” axborot portali hamda tuman va shaharlar hokimliklarining rasmiy veb-saytlarda tashabbusli byudjetlashtirish natijalari boʻyicha maʼlumotlarni joylashtirib borish tartibi va shakllarini tasdiqlasin;

xalqaro tashkilotlarni jalb qilgan holda tashabbusli byudjetlashtirish jarayonida hududlar tomonidan yoʻl qoʻyilgan kamchiliklarning tahlillari asosida ushbu jarayonni takomillashtirish boʻyicha Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritib borsin;

fuqarolarning tashabbusli byudjetlashtirish jarayoniga jalb etilishi darajasi boʻyicha hududlar reytingini joriy etsin hamda uni “Ochiq byudjet” axborot portaliga joylashtirib borsin;

tashabbusli byudjetlashtirish jarayonini boshqarishda moliya organlarining vazifalarini aniq belgilagan holda mazkur jarayonni muvofiqlashtirib borsin.

5. Tashabbusli byudjetlashtirish jarayonini yanada takomillashtirish boʻyicha “Yoʻl xaritasi” 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

6. Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi Yoshlar ishlari agentligi va Moliya vazirligi bilan birgalikda:

tashabbusli byudjetlashtirish jarayonini amalga oshirish mexanizmi va uning mohiyatini aholi oʻrtasida tizimli ravishda keng yoritib borilishini taʼminlasin;

har bir mahalla va ovulda “Ochiq byudjet” axborot portalida taklif qoldirish va ovoz berish jarayoniga koʻmaklashuvchi “mobil” guruhlar hamda “tashabbuskorlar burchagi”ni tashkil etsin;

7. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib moliya vaziri T.A.Ishmetov hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari belgilansin.

Qaror ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun masʼul idoralar Bosh vazirining oʻrinbosari J.A.Qoʻchqorov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent shahri, 2021-yil 22-sentyabr.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?