“Obod xonadon” sohibiga quyosh batareyalari oʻrnatib beriladi

Botir MADIYOROV/“Xalq soʻzi”. Oltiariqning olis hududlari sirasiga kiruvchi “Azimobod” mahallasi keyingi yillarda tumanning eng obod va fayzli goʻshasiga aylanib bormoqda. Birgina oʻtgan yilning oʻzida mahalladagi ichki yoʻllar toʻliq asfaltlashtirildi, ichimlik va oqava suv tarmoqlari yangilandi. Maktabgacha taʼlim tashkiloti binosi zamonaviy mezonlar asosida taʼmirdan chiqarilib, oʻnlab yangi xizmat koʻrsatish va servis shoxobchalari bunyod etildi. Ayni paytda mahalliy byudjet mablagʻi hamda mahalla ahli homiyligi asosida hududdagi maktab uchun qoʻshimcha bino qurilmoqda.
Eʼtiborlisi, bu kabi xayrli ishlarning tashabbuskori, eng avvalo, azimobodliklarning oʻzi boʻlib, mahallaning meʼmoriy qiyofasi yangilandi, har bir oila muqim ish oʻrni va daromad manbaiga ega boʻlishiga erishilyapti.
“Azimobod” mahallasida istiqomat qiluvchi Xudoyberdi Qodirovni hamqishloqlari mirishkor dehqon sifatida hurmat qilishi bejiz emas. Boisi ona zamin bilan tillashish va dillashish hadisini olgan ushbu oila aʼzolari yilning toʻrt faslida ham tomorqa yumushlari bilan band boʻladi.
— Unumli foydalanishni bilganga yer xazina, — deydi xonadon sohibi. — Oilamiz birgalikda mehnat qilib, 10 sotix tomorqadan yiliga oʻrtacha 200 million soʻm daromad olamiz. Turli koʻkatlar, qulupnay, kartoshka, bodring, pomidor yetishtirish orqali yil davomida kattayu kichikning bandiligi taʼminlanadi.
Tabiiyki, uzumchilik oilaning asosiy daromad manbai hisoblanadi. Xonadonda yetishtiriladigan “Rizamat”, oq va qora rangli “Kelinbarmoq” navli uzumlar juda ham serhosil va xaridorgir.
Xudoyberdi aka oʻzi yashaydigan koʻcha yaqinidan oʻtgan poyezd yoʻli chetidagi oʻzlashtirilmagan yerlarni ham uzumzorga aylantirgan. Hozir kunda ushbu uzumzor ham moʻl hosil beradi. Bundan tashqari, tomorqasi atrofidagi boʻsh yerda uzum koʻchatlari oʻstirib sotadi.
Bu oila aʼzolarining yerga mehri besamar ketmadi. Yaqinda ular “Obod xonadon, obod koʻcha, obod mahalla” respublika koʻrik-tanlovida “Obod xonadon” nominatsiyasi gʻolibi sifatida eʼtirof etildi. Xudoyberdi aka va turmush oʻrtogʻiga sanatoriyda dam olish uchun imtiyozli yoʻllanma ajratilib, xonadonga 40 million soʻmlik quyosh batareyalari bepul oʻrnatib beriladigan boʻldi.
— Mehnat qilgan elda aziz deganlari shu boʻlsa kerakda, — deydi Xudoyberdi aka. — Bunday eʼtibor va ragʻbat bizni yanada gʻayrat-shijoatga undaydi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Ehtiyojmand oilalarga elektr va gaz boʻyicha kompensatsiya beriladi
- Tanzila Narbayeva Parlamentlararo ittifoqning 150-yubiley assambleyasi Prezidenti etib saylandi
- Toshkentda Parlament ayol aʼzolari forumining 39-sessiyasi boʻlib oʻtdi
- Oʻzbekistonda doimiy aholi soni har kuni necha kishiga oshyapti?
- Shahram Gʻiyosov tajribali raqibini muddatdan oldin magʻlub etdi
- Ayrim oilalarga bir martalik moddiy yordam beriladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring