OAV vakillari bilan uchrashuvda Oʻzbekiston va Ozarbayjon Prezidentlari oʻtkazilgan muzokaralar yuzasidan oʻz fikrlarini bildirdi

16:02 23 Avgust 2024 Siyosat
340 0

Ommaviy axborot vositalari vakillari bilan uchrashuvda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev oʻtkazilgan muzokaralar yuzasidan oʻz fikrlarini bildirdilar.

Davlatimiz rahbari Ozarbayjon Prezidentining Oʻzbekistonga davlat tashrifi ikki mamlakat oʻrtasidagi koʻp asrlik doʻstona munosabatlarni rivojlantirishda tarixiy voqea boʻlganini katta mamnuniyat bilan taʼkidladi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev tashrifning asosiy natijalaridan biri sifatida Ittifoqchilik munosabatlari toʻgʻrisidagi shartnomani alohida qayd etdi. Bu, Oʻzbekiston yetakchisi taʼkidlaganidek, davlatlararo hamkorlikni mustahkamlashda yangi sahifa ochilganini anglatadi va tomonlarning koʻp qirrali sheriklikni har taraflama rivojlantirishga qatʼiy sodiqligini tasdiqlaydi.

Tashrif davomida ittifoqchilik munosabatlarini chuqurlashtirish boʻyicha yangi takliflarni ishlab chiqish va amalga oshirishning samarali mexanizmi boʻlishi koʻzda tutilgan Davlatlararo oliy kengashning birinchi majlisi ham boʻlib oʻtdi.

Oʻzbekiston Prezidenti yil boshidan buyon Hukumatlararo komissiya majlislari, siyosat va xavfsizlik masalalari boʻyicha maslahatlashuvlar, parlament aʼzolari uchrashuvlari, hududlar forumi, shuningdek, bir qator madaniy va ishbilarmonlik tadbirlari oʻtkazilgani ushbu sammit muvaffaqiyatining poydevori boʻlganiga eʼtibor qaratdi.

Oʻzbekiston qardosh Ozarbayjonning ulkan yutuqlaridan xursand.

Davlatimiz rahbari qardosh mamlakatda iqtisodiyot, sanoat jadal rivojlanib, aholi turmush darajasi yaxshilanayotganini taʼkidladi. Ilhom Aliyevni Ozarbayjonning hududiy yaxlitligi tiklangani va azaliy ozarbayjon yerlari qaytarilgani bilan yana bir bor muborakbod etdi.

Ijtimoiy infratuzilma va ishlab chiqarish obyektlari faol qurilayotgan Qorabogʻ qayta tiklanayotganiga alohida eʼtibor qaratildi. Oʻzbekiston Ozarbayjonni bu olijanob ishda bundan buyon ham qoʻllab-quvvatlashga tayyor.

Ozarbayjon bizning muhim strategik hamkorimiz va ittifoqchimizdir. Bizni mushtarak tarixiy ildizlarimiz va koʻp asrlik doʻstligimiz, yagona din, oʻxshash madaniyat va anʼanalar bogʻlab turadi. Bularning barchasi har tomonlama hamkorlikni chuqurlashtirish uchun ishonchli poydevor boʻlib xizmat qilmoqda, dedi Oʻzbekiston rahbari.

Muzokaralar chogʻida Prezidentlar koʻp qirrali munosabatlarning barcha yoʻnalishlarini, jumladan, savdo, sanoat kooperatsiyasi, energetika, transport, qishloq xoʻjaligi va madaniyat sohalarini muhokama qildilar.

Tomonlar siyosiy muloqotni mustahkamlash, koʻp tomonlama platformalarda oʻzaro qoʻllab-quvvatlash, parlamentlar, hukumatlar, tarmoq idoralari va hududlar darajasida faol aloqalarni davom ettirishga kelishib oldilar.

Barqaror oʻsish surʼatlarini namoyon etayotgan savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish muhimligi taʼkidlandi. Shu munosabat bilan kelgusi yilni Oʻzbekiston va Ozarbayjon oʻrtasidagi iqtisodiy kooperatsiya yili deb eʼlon qilish hamda 20 ta asosiy yoʻnalish boʻyicha dastur qabul qilishga ahdlashildi.

Kuni kecha biznes forumi samarali oʻtgani, unda oʻnlab shartnoma va bitimlar imzolangani qayd etildi. Ushbu kelishuvlar doirasida mehmonxona, toʻqimachilik klasterlari, tikuvchilik fabrikasini barpo etish, qurilish materiallarini ishlab chiqarish kabi muhim loyihalar amalga oshiriladi.

Uchinchi mamlakatlardagi istiqbolli loyihalarda birgalikda ishtirok etish boʻyicha ishlanmalar mavjudligi aytildi. Shu maʼnoda, bunday loyihalarni ilgari surish maqsadida tashkil etilgan qoʻshma investitsiya kompaniyasi muvaffaqiyatli faoliyat yuritayotgani taʼkidlandi.

Transport bogʻliqligini, shu jumladan Transkaspiy yoʻlagini rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratildi.

Yetakchilar “yashil” energiya ishlab chiqarish va uni Ozarbayjon orqali Yevropa mamlakatlariga eksport qilish boʻyicha keng koʻlamli mintaqaviy loyihani amalga oshirishni tezlashtirishga kelishib oldilar.

Hududlar oʻrtasidagi aloqalarni faollashtirish maqsadida bu boʻyicha “yoʻl xaritasi” qabul qilinadi, shuningdek, Qoʻqon shahrida navbatdagi hududlar forumi oʻtkaziladi.

Davlat rahbarlari madaniyat, yoshlar va axborot siyosati, ilm-fan, taʼlim va sport sohalarida muloqot va almashinuvlarni kengaytirishga kelishib oldilar.

Mamlakatlarimizda har yili oʻzaro madaniyat va kino kunlarini, ijodiy jamoalarning koʻrgazma va safarlarini oʻtkazish anʼanasi endilikda nafaqat poytaxtlarda, balki aholining asosiy qismi istiqomat qilayotgan hududlarda ham davom ettiriladi.

Estrada sanʼatining afsonaviy yulduzlari Farruh Zokirov va Poʻlat Bulbul oʻgʻlining yuksak xizmatlari eʼtirofi sifatida Prezidentlar ularga ikki mamlakatning “xalq artisti” faxriy unvonlarini berishga qaror qildilar.

Yakunda davlatimiz rahbari ozarbayjonlik hamkasbiga taklif va tashabbuslarni qoʻllab-quvvatlagani uchun minnatdorlik izhor etdi. Samarali muzokaralar natijalari Oʻzbekiston-Ozarbayjon aloqalarini yanada rivojlantirishga kuchli turtki berishiga hamda qardosh mamlakatlar oʻrtasidagi doʻstlik va ittifoqchilik munosabatlarini mustahkamlashga xizmat qilishiga ishonch bildirdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер