Nuri “soʻnayotgan” ziyo maskani

18:24 24 Mart 2025 Jamiyat
201 0

Abdulaziz Yoʻldoshev/“Xalq soʻzi”. Bir paytlar Samarqand shahrining Sartepa mavzesidagi kutubxona shahardagi eng namunali ziyo maskanlaridan boʻlgan. Afsuski, bugun ushbu kutubxonaning tilga tushgan shon-shuhrati oʻtmishda qoldi. Ilgari kutubxonada 12 ta boʻlim boʻlib, oʻndan ortiq xodimlar oʻn mingdan ortiq kitob ixlosmandlariga xizmat koʻrsatgan. Ayni paytda kutubxona joylashgan binoni oʻz nomi bilan atashga til bormaydi. Ziyo maskani shahar madaniyat boʻlimi tasarrufiga oʻtkazilgach, uning maqomi ham oʻzgarib “madaniyat markazi” deb atala boshlandi. Yangi nom ostida yuritilayotgan kutubxonaga tegishli minglab kitoblar bir xonaga toʻplandi. Bu xonada kitoblarni saqlash uchun mutlaqo sharoit yoʻq. Pollar eskirgan, isitish tizimi izdan chiqqan. Boshqa narsalar haqida hatto oʻylashga ham uyalasan, kishi! Vaqtida bu kitob javonlarini toʻldirishning oʻzi boʻlganmi?

— Mazkur ziyo maskani ilgari eng gavjum mutolaa maskani boʻlgan. Bu kitoblar qancha insonlarning hayotini oʻzgartirib, qobiliyatini rivojlantirgan, — deydi Oʻzbekiston Jurnalistlar uyushmasi aʼzosi Baxtiyor Sharipov. — Shunday bebaho muassasaning kitoblari zaxa tortib borayotganini shunchaki kuzatish ogʻir. Kutubxonadagi ilmiy-ommabop adabiyotlar, mumtoz adabiyot, sifatli nashr etilgan bolalar kitoblarini oʻqishga hali koʻp yillar davomida ehtiyoj seziladi.

Ilgari kutubxonada oʻndan ortiq xodimlar faoliyat yuritgan boʻlsa, bugungi kunda hatto qorovullik shtati ham qolmagan. Koʻp qavatli turar-joyning birinchi qavatida joylashgan bino jiddiy taʼmirga muhtoj. Sharoiti ogʻir xonada saqlanayotgan 60 mingdan ortiq kitoblar yaroqsiz holga kelib qolgan. Kitobxonlar soni kamayib, butun jamoatchilik eʼtiboridagi shunday mashhur qiroatxonaning nomi ham, nufuzi ham yoʻqolib bormoqda. Holbuki, mamlakatimiz rahbarining 2019-yil 7-iyundagi “Oʻzbekiston Respublikasi aholisiga axborot-kutubxona xizmati koʻrsatishni yanada takomillashtirish toʻgʻrisida”gi qaroriga binoan kutubxona va uning tarmoqlarini zamonaviy texnologiyalar bilan taʼminlash, fondini shakllantirish, yangi kitoblar bilan boyitish asosiy talab sifatida belgilangan. Shu bilan birga, kutubxonani madaniy, maʼrifiy markaz sifatida yanada kuchaytirish koʻzda tutilgan. Afsuski, biz fikr yuritayotgan kutubxona faoliyatida bu qulayliklarni yaratish masʼullarning eʼtiboridan chetda. Yoki ular ham koʻz oʻngida nurab borayotgan kutubxonani koʻrib-koʻrmaslikka olmoqda. Ayni paytda madaniyat markazi hamda kutubxona joylashgan binoning eshigiga qulf osilgan. Binoni qaysidir tadbirkor sotib olgani haqida taxminlar mavjud. Agar bu rost boʻlib chiqsa, endilikda bu kutubxona biror savdo-tijorat markaziga aylanib ketish ehtimoli yuqori. Jamiyatimiz uchun ham juda zarur boʻlgan bebaho kutubxonani “qoʻldan ketish”i nahotki, birorta mutasaddi yoki ziyoli xayriya egalarini tashvishga solmasa?! Biz yana mavzuga qaytamiz.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер