Nurafshon kelajak sari ezgu intilishlar

11:40 18 Dekabr 2024 Siyosat
174 0

Nainki insoniyat, balki jamiki mavjudot nursiz, ziyosiz yasholmaydi. Qalbdagi yorugʻlik, olamdagi charogʻonlik barcha ezgulikning, bunyodkorliklarning asosidir. Shu maʼnoda, shahar-u qishloqlarimizning nurafshon boʻlishi, xonadonlarimizdan doim ziyo taralib turishi mamlakatimizdagi farovonlikdan, tinchlik-osudalik va farogʻatdan nishona.

Yaqinda poytaxtimizda Prezidentimiz ishtirokida yangi energetika quvvatlari ishga tushirilishiga va qator obyektlar qurilishi boshlanganiga bagʻishlangan tantanali marosimda qatnashar ekanman, koʻnglimda ana shunday yorugʻ oʻylar, tuygʻular joʻsh urdi. Mamlakatimiz hayotidagi chinakam tarixiy voqeaning guvohi boʻlganimdan hayajonga tushdim. Ishonchim komilki, bu jarayonlar Yangi Oʻzbekiston yilnomalariga oltin harflar bilan yoziladi.

Mazkur voqelik nafaqat meni, balki ushbu ajoyib tadbir ishtirokchilarini, shuningdek, marosimni hududlardan yoki televizor ekranlari orqali kuzatganlarni ham hayratga soldi — 18 ta obyektning foydalanishga topshirilishi va yana oltita loyiha doirasida qurilishning boshlanishi! “Hech shubhasiz, koʻz oʻngimizda faxrlanishga arzigulik voqealar sodir boʻlmoqda!”, “Bu loyihalar kelgusida iqtisodiyotning chinakam tayanchi boʻladi!”, “Iqtisodiyoti barqaror mamlakatning aholisi ham farovon yashaydi!”. Yuzlab xorijlik mehmonlar, soha ekspertlari va mutaxassislari yuz-koʻzidagi ana shu maʼno, hayrat va havas, samimiy eʼtiroflar mamlakatimiz uzoqni koʻzlab tanlagan yoʻlning naqadar toʻgʻriligini, barcha belgilangan maqsadlarga muqarrar erishajagimizni yana bir bor tasdiqladi.

Muammolarni hal etishning aniq rejasi

Oliy lavozimdagi faoliyatining ilk kunlaridanoq Prezident Shavkat Mirziyoyev energetik mustaqillikka erishmasdan turib, mamlakatning barqaror ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini taʼminlash imkonsiz ekanini taʼkidlagan edi.

Mazkur fikrning dolzarbligini tushunish uchun oʻsha yillardagi vaziyatni eslash kerak. Oʻsha paytda respublikadagi umumiy energetik quvvatlar taxminan 12,9 gigavattni tashkil etardi. Shu bilan birga, issiqlik elektr stansiyalarining aksariyat energobloklari eskirgan boʻlib, ularning foydali ish koeffitsiyenti past va yoqilgʻi sarfi yuqori edi. Quyosh energiyasining ulkan salohiyati mavjud boʻlishiga qaramay respublikada sanoat miqyosidagi quyosh fotoelektr stansiyalari va shamol elektr stansiyalari mavjud emasdi.

2012-yildan 2019-yilgacha davrda elektr energiyasi ishlab chiqarish yillik oʻrtacha 2,6 foizga oshganiga qaramay, bu mavjud talabni qondira olmadi va ehtiyojning taxminan 9,4 foizi qoplanmay qoldi. Shu bilan birga, 2030-yilgacha boʻlgan davrda iqtisodiyot va aholining elektr energiya isteʼmoli yillik olti-yetti foiz darajasida oʻsishi prognoz qilingan edi. Ushbu talablarga javob berish uchun 2030-yilga borib 120,8 mlrd. kilovatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqarilishi talab etilardi, yaʼni 2018-yilda ishlab chiqarilgan miqdordan 1,9 baravar koʻproq.

Yana bir muhim jihat shundaki, davlat rahbari 2018-yildagi yigʻilishlarning birida taʼkidlaganidek, mamlakatimizda ishlab chiqarilayotgan elektr energiyaning deyarli 85 foizi issiqlik elektr stansiyalari ulushiga toʻgʻri kelardi. Bu jarayon uchun 16,5 mlrd. kubometr tabiiy gaz va 2,3 mln. tonna koʻmir sarflanmoqda edi. Ammo bu kabi yondashuv zaxiralarning tugashiga olib kelishi muqarrar edi. Prezident aytganidek, bu kelajak avlodlar oldida kechirib boʻlmas xato va jinoyatdir.

Buni chuqur anglagan davlat rahbari aniq maqsadni belgiladi — qayta tiklanuvchi energiya manbalariga eʼtibor qaratgan holda generatsiya quvvatlarini jadallik bilan oshirish, energiya taʼminoti infratuzilmasini modernizatsiya qilish va takomillashtirish, energiya samaradorligini yuksaltirish! Prezident sohaning transformatsiyasi boʻyicha qator tashabbuslarni ilgari surib, ularni amalga oshirish yoʻlidagi izchil qadamlarni belgilab berdi.

Ahamiyatlisi, “yashil” energetika ekologiyani buzmaydi. Chiqindi hosil qilmaydi, atrofni ifloslantirmaydi. Manbalari qayta tiklanadi. Eng muhimi, tabiat goʻzalligiga ziyon yetkazmaydi, musaffo havoni bulgʻamaydi.

Aslida ona tabiatga mehr-muhabbat xalqimiz tiynatida bor, qonimizga singib ketgan. Ajdodlarimiz borliqni asrab-avaylashni qadriyat darajasiga koʻtargan. Asarlarida tarannum etgan. Buyuk shoir va mutafakkir bobomiz togʻlarni oʻyib, adirga suv chiqargan, vodiyga obihayot baxsh etgan Farhod timsolida komil inson gʻoyasini ilgari surgan.

Atoqli shoir Hamid Olimjon:

Vodiylarni yayov kezganda,

Bir ajib his bor edi manda.

Chappar urib gullagan bogʻin,

Oʻpar edim Vatan tuprogʻin,

deb yozarkan, tabiatdagi soflik, begʻuborlik, poklik, obodlikni alqagan. Mehrini, muhabbatini izhor etgan.

Bugun ajdodlarimizning ezgu anʼanalarini davom ettirgan holda tabiatga, mulki borliqqa eʼtibor va gʻamxoʻrlik yangi Oʻzbekistonda davlat siyosati darajasiga koʻtarildi. Prezidentimiz tomonidan 2025-yilning “Atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot” yili” deb eʼlon qilingani, “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida koʻkalamzor hududlarni kengaytirish, bioxilmaxillikni asrashga urgʻu berilayotgani bu boradagi ishlar naqadar keng koʻlam kasb etganidan dalolat.

Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan ishlab chiqilgan va qabul qilingan 2020 — 2030-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini elektr energiyasi bilan taʼminlash konsepsiyasi aynan “yashil” iqtisodiyotni rivojlantirish maqsadiga hamohangligi bilan diqqatni tortadi. Ushbu konsepsiya energetik mustaqillikni taʼminlash sohasidagi davlat siyosatining asoslarini belgilab berdi. Sohaning huquqiy bazasini takomillashtirishdan tortib, iqtisodiyot va aholining elektr energiyasiga ortib borayotgan talabini qondirishga qaratilgan aniq choralargacha boʻlgan masalalarni oʻz ichiga oldi.

Ushbu muhim hujjatda, xususan, elektr energiyasi ishlab chiqarishni 63,6 mlrd. kilovatt-soatdan 120,8 mlrd. kilovatt-soatga oshirish vazifasining yechimi belgilandi. Shuningdek, elektr energiyasi ishlab chiqarishning deyarli ikki barobar oshirilishi bilan bu maqsadlar uchun ishlatiladigan tabiiy gazni 16,5 mlrd. kubometrdan 12,1 mlrd. kubometrga qisqartirish, elektr energiyasini uzatish hamda taqsimlash jarayonidagi yoʻqotishlarni sezilarli darajada kamaytirish nazarda tutilgan.

Konsepsiyada qayta tiklanadigan energiya manbalarini rivojlantirishga jiddiy eʼtibor qaratildi. Xususan, gidroenergetika sohasida 62 ta loyihani amalga oshirish rejalashtirilmoqda, ulardan 35 tasi yangi GES qurilishi va 27 tasi mavjud GESni modernizatsiya qilishni nazarda tutadi. Bu esa 2030-yilga borib gidroelektrostansiyalarning umumiy quvvatini 3785 MVt ga yetkazish va suv hisobiga ishlab chiqariladigan elektr energiyasi hajmini 13,1 mlrd. kilovatt-soatga koʻpaytirish imkonini beradi. Boshqacha aytganda, oʻsish 2019-yildagiga nisbatan 2,2 barobar koʻpdir.

Alohida eʼtibor quyosh va shamol energiyasi asosidagi generatsiyani rivojlantirishga qaratildi. 2020 — 2030-yillar oraligʻida har yili joriy etiladigan qayta tiklanuvchi energiya manbalari quvvatlarining maʼlum maqsadli parametrlari boʻyicha 3 gigavatt shamol va 5 gigavatt quyosh elektr stansiyalari barpo etilishi nazarda tutilgan.

Agar shamol energetikasida asosiy yoʻnalish 100 — 500 MVt quvvatga ega yirik shamol parklarini yaratish deb belgilangan boʻlsa, quyosh fotoelektr stansiyalarini turli quvvatlarda qurish rejalashtirilgan. Yiriklari 100 — 500 MVt boʻlib, ular sanoat miqyosida energiya saqlash tizimlari bilan bosqichma-bosqich jihozlanadi. Oʻrta quvvatga ega boʻlganlari 20 MVtgacha boʻlib, sanoat korxonalari va industrial parklarda oʻz ehtiyojlari uchun elektr energiyasi ishlab chiqarishga moʻljallangan. Kichik quvvatli quyosh fotoelektr stansiyalari esa mamlakatning olis va yetib borish qiyin aholi yashash punktlarida, shuningdek, ayrim obyektlar, binolar va turarjoylar hududida barpo etiladi.

Belgilangan konsepsiya amalga oshirilishi Oʻzbekiston energetik xavfsizligini taʼminlashga imkon yaratadi, chunki 2030-yilga borib mamlakatda energiya isteʼmoli deyarli ikki barobar oshishi prognoz qilinmoqda.

Islohotlarga ishonch ifodasi

Bugungi kunda koʻplab mamlakatlarda sanoat korxonalari, ijtimoiy soha obyektlari, turarjoy binolarini energiya resurslari bilan taʼminlashdagi muammolar, ayni paytda elektr energiyasi narxining tez surʼatlar bilan oshib borayotgani haqidagi maʼlumotlar bilan tanishar ekanmiz, keyingi yillarda Prezidentimizning sohaga doir qarorlari oʻz vaqtida qabul qilinganini munosib baholashimiz kerak. Ammo bu qarorlar haqiqiy harakatga aylanishi uchun juda katta kuch sarflashga toʻgʻri keldi.

Koʻzlangan maqsadga erishish yoʻlida biz duch kelgan va yengib oʻtishimiz kerak boʻlgan eng muhim qiyinchiliklardan biri yangi energetika obyektlarini qurish va faoliyat koʻrsatayotganlarini modernizatsiyalashni moliyalashtirish hisoblanadi. Rejalashtirilgan va amalga oshirilishi kerak boʻlgan ishlar koʻlamini hisobga olsak, mamlakatning oʻz mablagʻlari yetarli emas. Demak, belgilangan maqsadlarga erishish uchun tashqi qarzlar va xorijiy investorlarni jalb etish nihoyatda muhim.

Bu borada, ayniqsa, oliy darajadagi xorijiy tashriflar, vazirlik va idoralar rahbarlari, ishbilarmon doiralar vakillari, turli mamlakatlar investorlari, kompaniyalar rahbarlari bilan boʻlgan uchrashuvlarda Oʻzbekiston iqtisodiyotiga, jumladan, uning yetakchi sektorlaridan biri — energetika sohasiga sarmoya kiritishga doimiy chaqirib kelayotgan Prezidentimizning alohida oʻrni borligini taʼkidlash lozim.

Mamlakatimizda yangi energetika quvvatlarini ishga tushirish va qator obyektlar qurilishi boshlanishiga bagʻishlangan tantanali marosimda xorijlik ishtirokchilar soniga qarab ham xulosa qilish mumkinki, chet el sarmoyadorlari sheriklik munosabatlarini oʻrnatish, Oʻzbekiston energetikasidagi loyihalarni ishlab chiqish va amalga oshirishni moliyalash hamda bevosita ishtirok etishi borasida qaror qabul qilishlari uchun davlatimiz rahbari kerakli soʻzlarni topa olgan.

Oʻzbekistonda “yashil” energetikani taraqqiy ettirish boʻyicha Birlashgan Arab Amirliklari, Saudiya Arabistoni, Turkiya, Xitoy va Germaniya kabi davlatlar kompaniyalari tomonidan amalga oshirilayotgan yirik loyihalar soʻzimiz isboti. Prezidentimiz taʼbiri bilan aytganda, ularning barchasi toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar ekanini hisobga oladigan boʻlsak, bu bizga va olib borilayotgan islohotlarimizga boʻlgan ishonchning yaqqol ifodasidir.

“Masdar” kompaniyasining rasmiy saytida taʼkidlanishicha, ochilish marosimi investitsiya va mamlakatimizda qayta tiklanadigan energiya manbalarini rivojlantirishni oʻz ichiga olgan BAA va Oʻzbekiston oʻrtasidagi uzoq muddatli hamkorlikdan dalolat beradi. Qolaversa, bugungi kunda “Masdar” kompaniyasi tomonidan qurilgan Markaziy Osiyodagi eng yirik, quvvati 500 MVtli “Zarafshon” shamol elektrostansiyasi Oʻzbekistonning 2030-yilgacha 20 GVt toza energiya quvvatini yaratish boʻyicha oldiga qoʻygan ulkan rejasining bir qismidir. Qayd etilishicha,“Masdar” kompaniyasi Oʻzbekistonda umumiy quvvati ikki gigavattdan ortiq boʻlgan toza energiya loyihalariga 2 mlrd. dollar sarmoya kiritish majburiyatini olgan va umumiy quvvati 4 GVt boʻlgan qayta tiklanadigan energiya loyihalarini ishlab chiqishning dastlabki bosqichida turibdi. Shunday qilib kompaniya nafaqat Oʻzbekistondagi, balki butun mintaqadagi eng yirik quyosh va shamol elektr stansiyalarini, shuningdek, energiya saqlash qurilmalarini bunyod etish boʻyicha birinchi loyihani amalga oshirish ustida ishlamoqda.

Shuningdek, saytda Birlashgan Arab Amirliklari energetika va infratuzilma vaziri Suhayl Muhammad Al-Mazruiyning soʻzlari keltirilgan:

— BAA va Oʻzbekiston barqaror rivojlanish hamda qayta tiklanadigan energiya manbalari boʻyicha umumiy qarashlarga ega, “Zarafshon” shamol elektr stansiyasi esa Oʻzbekistonda toza, emissiyasiz energiyani rivojlantirish borasidagi hamkorligimiz mustahkamligidan dalolat beradi. Energetika sohasida yangi quvvatlarni ishga tushirish va navbatdagi loyihalar qurilishiga start berish orqali Oʻzbekiston iqlim yetakchiligini namoyish etdi. Biz barqaror farovonlikning yangi davriga oʻtish yoʻlida koʻp yillik hamkorlikka umid qilamiz.

Oʻzbekistonning “yashil” energetika sohasidagi yana bir strategik sherigi Saudiya Arabistonining “ACWA Power” kompaniyasi hisoblanadi. Prezident Shavkat Mirziyoyev Saudiya — Oʻzbekiston Ishbilarmonlar kengashi raisi, “ACWA Power” kompaniyasi raisi Muhammad Abunayyan bilan uchrashuvda bugungi kunga qadar birgalikda umumiy qiymati qariyb 3 mlrd. dollarlik 4 ta loyiha muvaffaqiyatli amalga oshirilganini, oʻzaro hamkorlik jadal rivojlanib borayotganini katta mamnuniyat bilan qayd etdi. Energetika loyihalarini ishga tushirish marosimi boʻlib oʻtgan kuni Buxoro viloyatida “ACWA Power” bilan birgalikda tashkil etilgan, quvvati 500 megavatt boʻlgan 2 ta shamol elektr stansiyasi tarmoqqa ulandi, shuningdek, Samarqand viloyatida umumiy quvvati 1 gigavatt boʻlgan 2 ta quyosh elektr stansiyasi va Toshkent viloyatida 334 megavatt quvvatga ega energiya saqlash tizimi qurilishiga start berildi.

Muhammad Abunayyan Oʻzbekiston bilan hamkorlikka baho berar ekan, Prezident Shavkat Mirziyoyevning rolini alohida qayd etdi:

— Oʻzbekistonda kechayotgan ijobiy jarayonlar va erishilgan salmoqli natijalarning hech biri uzoqni koʻra oladigan davlat yetakchisisiz amalga oshmagan boʻlar edi. Buyuk yetakchi investitsiya loyihalarining muntazam kengayib borishiga doim katta eʼtibor qaratib kelmoqda.

Qayta tiklanadigan energiyaga oʻtish sohasi bu hamma davlatlar gapiradigan mavzu emas, yaʼni Oʻzbekiston Prezidenti oʻzining uzoqni koʻra olishi sababli aynan bu sohaga jiddiy eʼtibor qaratmoqda. Oʻzbekiston esa energiya almashinuvini amalga oshirish boʻyicha butun dunyoga namuna boʻlayotir.

Bunday yuksak baho davlatimiz rahbarining istiqbolga oid qarashi, kuch-gʻayrati va qatʼiyati xorijiy sheriklarning ishonchini qozonish hamda Oʻzbekistonga xorijiy investitsiyalarni yanada oshirish uchun muhim asos boʻlib xizmat qilayotganining yana bir ifodasidir.

Tabiatning moʻjizakor tuhfasi

Mamlakatda energetikani rivojlantirish haqida gapirganda, qayta tiklanadigan energiya manbalaridan, birinchi navbatda, quyosh va shamoldan foydalangan holda elektr energiyasi ishlab chiqarishni kengaytirish haqida alohida toʻxtalmasdan oʻtolmaymiz. Quyosh va shamolning “kuchi”, aslida, tabiatning moʻjizakor tuhfasidir.

Oʻzbekistonda “yashil” energiya yaratilishining bevosita guvohi boʻlishdek noyob imkoniyat bizga nasib etdi. Bu yil Mustaqillik bayrami arafasida Energetika vazirligi avgust oyi oxirida mamlakatimiz quyosh va shamol elektr stansiyalarida yil boshidan buyon ishlab chiqarilgan elektr energiyasi hajmi 3 mlrd. kilovatt-soatga yetganini maʼlum qildi. Mutaxassislarning fikricha, bu 1 mln. 875 ming xonadonning sakkiz oylik elektr energiyasiga boʻlgan ijtimoiy meʼyorini qondirish uchun yetarli.

Mamlakatda har yili oʻnlab milliard kilovatt-soat ishlab chiqarilayotgan elektr energiyasi fonida “yashil” energiyaning mazkur ulushi biroz kamdek koʻrinadi. Ammo qator holatlar mavjudki, ularni hisobga olsak, buni mamlakatimizning qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish borasida erishgan ulkan yutugʻi, deb haqli ravishda baholashimiz mumkin.

Oʻzbekistonda 100 megavatt quvvatga ega birinchi yirik quyosh fotoelektr stansiyalari yaqinda qurilgan: biri — Navoiy viloyatining Karmana tumanida 2021-yil avgust oyida, ikkinchisi Samarqand viloyatining Nurobod tumanida 2022-yilning may oyida ishga tushirilgan. 2022-yilda ular tomonidan 434 mln. kilovatt-soat, 2023-yilda 576,9 mln. kilovatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqarilgan. Joriy yilda ishga tushirilgan yangi quyosh va shamol energiyasidan foydalanadigan ishlab chiqarish quvvatlari tomonidan mamlakatimizda 5,7 mlrd. kVt/soatdan ortiq elektr energiyasi ishlab chiqarish rejalashtirilgan.

Yaqin kelajakda biz mamlakatda “yashil” energiya rivojlanishining yanada ajoyib surʼatlariga guvoh boʻlamiz. Bunga jarayonning dinamikasi ishonch beradi: agar soʻnggi bir necha yil ichida foydalanishga topshirilgan quyosh va shamol elektr stansiyalarining quvvati uch gigavattdan oshgan boʻlsa, bu yoʻnalishda yana 19 ming megavatt quvvatga ega oʻttizdan ortiq loyihalarni amalga oshirish ishlarining nihoyasiga yetkazilishi 2030-yilga borib qayta tiklanuvchi energiya manbalari quvvatini tubdan kengaytirish va uning mamlakat umumiy energetika balansidagi ulushini 54 foizga yetkazishdek yuksak maqsadni roʻyobga chiqarishda katta siljish boʻladi.

Quyosh, shamol va suv energiyasidan foydalangan holda ishlab chiqarishni jadal kengaytirish energetika sohasini yanada rivojlantirishda hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi. Eng muhimi, quyosh va shamol elektr stansiyalari, gidroenergetika quvvatlarini oshirish Oʻzbekiston import qilishga majbur boʻlayotgan tabiiy gazning sezilarli zaxiralarini tejash imkonini beradi.

Darhaqiqat, gaz zaxiralari cheksiz emas. Quyosh va shamolning cheksiz imkoniyatlari turganda, elektr energiya olish uchun gazni behuda sarflash, shunchaki yoqib yuborish, yumshoq aytganda, mantiqsizlikdir. Chunonchi, tabiiy gazni qayta ishlash orqali ancha yuqori qoʻshimcha qiymatga ega boʻlgan koʻplab turdagi yarimtayyor va tayyor mahsulotlarni ishlab chiqarish mumkin, bu esa bugungi kunda mamlakatimiz taraqqiyotida muhim oʻrin tutadi.

Biroq bu hammasi emas. “Yashil” energetika Oʻzbekiston uchun oʻta dolzarb boʻlgan zaruriy ekologik funksiyaga ega. Muqobil energiyadan foydalanish atmosferaga chiqadigan karbonat angidrid gazi miqdorini keskin kamaytirishga imkon beradi.

Kelgusi ikki yilda xususiy tadbirkorlar bilan hamkorlikda 2 mingdan ortiq kichik va mikrogidroelektrostansiyalarni yaratish boʻyicha keng koʻlamli dasturning amalga oshirilishi esa har yili atmosferaga 20 mln. tonnadan ortiq zararli moddalar chiqishiga yoʻl qoʻymaslik imkonini beradi.

Loyihalar geografiyasi kengaymoqda

Yangi energetika quvvatlarini ishga tushirishga bagʻishlangan tantanali marosim taassurotlari bilan boʻlishar ekanmiz, yana bir muhim jihatga eʼtibor qaratmoqchiman.

Bu energetikada loyihalarni roʻyobga chiqarish geografiyasi. Buxoro, Navoiy, Namangan va Toshkent viloyatlarida beshta quyosh va shamol elektr stansiyalari, yuqori kuchlanishli podstansiyalar, Andijon, Surxondaryo va Toshkent viloyatlarida toʻrtta kichik GES, boshqa hududlarda elektr stansiyalari hamda yirik saqlash tizimlari ishga tushirilgani, yuzlab kilometrdan iborat elektr uzatish liniyalari barpo etilgani aholiga uzluksiz ravishda elektr energiyasi yetkazib berishni taʼminlaydi.

Fargʻona, Samarqand, Navoiy, Toshkent viloyatlari va Toshkent shahrida qiymati 3,5 mlrd. dollar boʻlgan 2,5 ming megavattli 6 ta elektr quvvati qurilishiga start berilgani energoinshootlar geografiyasi izchil kengaytirib borilayotganini koʻrsatadi. Bu esa nafaqat aholini energiya bilan taʼminlashda uzluksizlikni yuzaga chiqaradi, balki u yerlardagi sanoatni, ishlab chiqarish korxonalarini ragʻbatlantirib, qoʻshilgan qiymat yaratishga turtki beradi.

Misol tariqasida Buxoro viloyatini keltirish mumkin. U yerda quvvati toʻrt gigavatt boʻlgan toʻqqizta yirik loyiha amalga oshirilmoqda. Ular orasida quvvati 250 megavatt boʻlgan quyosh elektr stansiyasi boʻlib, uni “Masdar” kompaniyasi quradi. Loyihaning roʻyobga chiqarilishi kelasi yil oxiriga moʻljallangan, oʻshanda stansiya yagona elektr tarmogʻiga ulanadi. Prezident ishtirok etgan loyihani ishga tushirish marosimida aytilganidek, “ACWA Power” va Xitoyning “Gezhouba” kompaniyalari Buxoro viloyatida qayta tiklanuvchi energiya majmualarini qurmoqda. Bunday hamkorlik tufayli viloyatda “yashil” energiya generatsiya quvvatlari 2030-yilga borib 9 barobar ortadi, yaʼni 12,5 mlrd. kilovatt-soatgacha yetadi.

Qoraqalpogʻiston ham quyosh va shamol energiyasi boʻyicha ulkan salohiyatga ega. Bu jihatni davlatimiz rahbari u yerga avgust oyida qilgan tashrifi davomida aytib oʻtgandi. Oʻshanda qator loyihalarga start berilgan: ular — XXRning “Sany Renewable” kompaniyasi tomonidan Qoʻngʻirot tumanidagi quvvati bir gigavatt boʻlgan shamol elektr stansiyasi; Beruniy va Qoraoʻzak tumanlaridagi “ACWA Power” kompaniyasi bilan hamkorlikda 100 megavatt elektr energiyasini saqlash tizimiga ega boʻlgan, quvvati 200 megavattli shamol elektr stansiyasi edi. Loyihalar roʻyobga chiqarilgach yangi “yashil” energetika inshootlari tomonidan yiliga 4,2 mlrd. kVt-soat energiya ishlab chiqariladi va bu 1 mln. 750 ming xonadonning yillik ehtiyojini qondirish uchun yetarli boʻladi.

2030-yilga borib, Qoraqalpogʻistonda umumiy quvvati 10,3 gigavatt boʻlgan oʻnta shamol elektr stansiyasini barpo etish koʻzda tutilgan. Ular foydalanishga topshirilgach, shamol energiyasi hisobidan 35 mlrd. kilovatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqariladi. Shamol elektr stansiyalaridan tashqari, elektr energiyasi taʼminotining uzluksizligini taʼminlash uchun Qoʻngʻirot, Beruniy va Qoraoʻzak tumanlarida umumiy quvvati 400 megavattga teng boʻlgan uchta elektr energiyasini saqlash tizimi ham barpo etiladi. Qayta tiklanuvchi energiya manbalarini yanada rivojlantirish uchun Qoʻngʻirot tumanida yana shamol turbinalarining ehtiyot qismlari, tirgaklari va parraklarini ishlab chiqaradigan korxona bunyod qilinadi.

Yangi energetika quvvatlarini ishga tushirish marosimida yirik inshootlar bilan bir qatorda, Surxondaryo viloyatining Qumqoʻrgʻon tumanida mikroGES va Toshkent viloyatining Boʻstonliq tumanida “Ugom-2” kichik GESi ham foydalanishga topshirildi. Ulardan birinchisi yiliga oʻrtacha 2,7 mln. kilovatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqarish quvvatiga ega boʻlib, Qumqoʻrgʻon tumanidagi 950 ta uy xoʻjaligini elektr energiyasi bilan taʼminlaydi. Bu shuncha hajmdagi elektr energiyasini ishlab chiqarish uchun zarur boʻlgan, yiliga oʻrtacha 730 ming kub metr tabiiy gazni tejash imkonini beradi.

“Ugom-2” kichik GESi boʻlsa, toʻlaligicha mahalliy jihozlar bilan taʼminlangan va 1,63 MVt quvvatga ega. Bu yerda yiliga 13 mln. kilovatt-soatgacha elektr energiyasi ishlab chiqariladi. Shu orqali Ugom daryosi boʻyida joylashgan deyarli 4,6 ming uy xoʻjaligi va sayyohlik inshootlarini toʻliq elektrlashtirish va uzluksiz ravishda elektr energiyasi bilan taʼminlash imkoni yaratiladi. Bunda yiliga oʻrtacha 3,5 mln. kub metr tabiiy gaz tejaladi, atmosferaga zaharli moddalar chiqarilishining ham oldi olinadi.

Albatta, yirik elektr stansiyalari bilan taqqoslaganda mikro va kichik GESlar kimnidir hayajonlantirmasligi mumkin. Biroq Oʻzbekistonning togʻli manzillaridagi kichik daryo va soylar, boshqa suv manbalarining imkoniyatlarini hisobga olsak, ular, ayniqsa, oʻsha yerdagi, umumiy elektr taʼminoti tarmogʻiga ulanish imkoniyati boʻlmagan qishloq va mahallalar aholisi uchun juda ahamiyatlidir. Bundan tashqari, kichik stansiyalardan olinadigan elektr energiyasi nisbatan arzon, ayniqsa, odatdagi elektr energiyasi narxi bilan solishtirganda. Bunday kichik gidroelektr stansiyalarini minglab qurish mumkin. Iborali aytganda, ular kichik “jilgʻalar”dan ishlab chiqarilgan elektr energiyasining umumiy “daryosiga” kelib “quyiladi”.

Bugungi kunda xalqaro maydonda Oʻzbekistonni mamlakatning energetika xavfsizligini taʼminlash bilan bogʻliq masalalarni hal etish va “yashil” kun tartibi boʻyicha ibrat qilib koʻrsatishmoqda.

Haqiqatan ham, dunyoda mavjudotga qiron keltiruvchi, atrof-muhitni kunpayakun qilguvchi yangidan-yangi portlovchi qurollarni yaratish boʻyicha izlanishlar, harakatlar tinmayotgan, vayronkorlik avjga chiqqan bir paytda Oʻzbekistonda hayot osoyishtaligi, odamlarning farovon turmushi, jonajon Vatanimizning obodligi haqida qaygʻurilmoqda. Ona tabiatni asrash va avlodlarga bezavol yetkazish uchun bosh qotirilmoqda.

Poytaxtimizda jahon hamjamiyati eʼtiborini tortgan marosim — Prezidentimiz ishtirokida tantanali tarzda energetika sohasida yangi quvvatlar ishga tushirilib, navbatdagi loyihalar qurilishi boshlangani ana shu fikrlarning yaqqol dalili boʻldi. Bu ishlarning barchasi mamlakatimizning yorqin kelajagiga xizmat qiladi. Oʻzbekistonning yanada nurafshon va farovon mamlakatga aylanishiga hissa qoʻshadi.

Oʻtkir RAHMAT.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер