Nukus davlat pedagogika institutining 90 yilligi nishonlandi

11:17 05 Noyabr 2024 Jamiyat
155 0

Gʻayrat OTAJONOV/“Xalq soʻzi”. Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat akademik musiqali teatrida Qoraqalpogʻiston Respublikasidagi ilk oliy taʼlim muassasasi Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutining 90 yilligiga bagʻishlangan anjuman oʻtkazildi.

Tadbir institut tarixi, erishgan yutuqlari, jamoaning ilmiy-pedagogik yoʻnalishda amalga oshirayotgan ishlarining koʻrgazmasi bilan boshlandi. Ishtirokchilarga oliy taʼlim muassasasi hayotidan tayyorlangan videofilm namoyish etildi.

Anjumanda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi Raisi Amanbay Orinbayev soʻzga chiqib, pedagogika institutining tashkil etilganiga 90 yil toʻlishi munosabati bilan barchani tabrikladi. Institutda koʻp yillardan buyon samarali mehnat qilib, ilm-fan, taʼlim va yoshlar tarbiyasida oʻz vazifalarini fidokorona bajarib kelayotgan bir guruh pedagog xodimlarga faxriy unvon va koʻkrak nishonlarini topshirdi.

Tantanali tadbirda Qoraqalpogʻistonda pedagogika instituti ochilishining tarixiy ahamiyati, hozirgi davrda taʼlim sohasiga kadrlar tayyorlashning asosiy yoʻnalishlari haqida maʼlumotlar berdi.

Taʼkidlanganidek, 1934-yilda Qoraqalpoq davlat oʻqituvchilar instituti tashkil etilgan. Institut mamlakatimizning haqiqiy maʼnodagi ilm-fan, taʼlim, maʼrifat markaziga aylandi. Bu yerda dastlabki yillarda bir yillik hamda ikki yillik oʻquv kurslarida tahsil olgan yoshlar xalqimizning savodxonlik darajasini oshirib, ularni yorugʻ hayotga yoʻnaltirishda bor kuch-gʻayratini, bilim va tajribasini safarbar qildi. Shu bilan birga, institut bitiruvchilari xalq xoʻjaligining turli sohalarida samarali mehnat qilib, respublikamizni ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan rivojlantirishga salmoqli hissa qoʻshdi.

— Institutda oʻqib bilim olgan bitiruvchilar orasidan 6 nafar akademik va 5 nafar Oʻzbekiston Qahramoni yetishib chiqqan, — deydi Nukus davlat pedagogika instituti rektori vazifasini bajaruvchisi Quvondiq Qodirov. — Xususan, Oʻzbekiston xalq oʻqituvchisi Allaniyaz Oʻteniyazov, Oʻzbekiston va Qoraqalpogʻiston xalq yozuvchisi Toʻlepbergen Qayipbergenov, Oʻzbekiston va Qoraqalpogʻiston xalq shoiri Ibroyim Yusupov, Xiva shahridagi “Mehribonlik uyi” direktori boʻlib ishlagan Vera Pak, dunyoga mashhur arxeolog olim Gʻayratdin Xoʻjaniyozovga davlatimizning eng oliy darajadagi “Oʻzbekiston Qahramoni” unvoni berilganligi ushbu taʼlim markazining qanchalik ulugʻ va tabarruk ekanligini koʻrsatib turgandek, nazarimizda.

Shu bilan birga, ilm-fan rivojiga katta hissa qoʻshgan akademiklar Marat Nurmuhammedov, Sabir Kamalov, Amin Baxiyev, Jumanazar Bazarbayev, Husniddin Hamidov va Abatbay Dauletov ushbu dargohda taʼlim olganligi institut jamoasi uchun katta faxr-gʻurur bagʻishlaydi.

Ikkinchi jahon urushi yillaridagi qiyinchiliklarga qaramay institut oʻz faoliyatini davom ettirib, ijtimoiy va iqtisodiy tarmoqlar uchun oliy maʼlumotli kadrlar tayyorladi.

1944-yilda hukumat qarori asosida ushbu taʼlim maskani Qoraqalpoq davlat pedagogika instituti deb nomlanadigan boʻlgan.

Urushdan keyingi yillar institut tarixida taraqqiyot davri boʻlib, respublikamizning taʼlim sohasidan boshlab barcha sohalariga mutaxassislar tayyorlab berdi.

Mustaqillik yillarida institut nafaqat Qoraqalpogʻiston, respublikamizning barcha viloyatlari, hattoki Markaziy Osiyo davlatlarining xalq taʼlimi tizimiga yuqori bilim va koʻnikmalarga ega pedagog kadrlar tayyorlaydigan ilm-fan va taʼlim markaziga aylandi.

Hozirgi vaqtda institutda 11 fakultet, 2 boʻlim, 32 ta kafedra boʻlib, jami 26 ta bakalavr taʼlim yoʻnalishi va 19 ta magistratura mutaxassisligida 17 mingdan ziyod yoshlar taʼlim olmoqda.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 26-sentyabrdagi qarori asosida Ellikqalʼa tumani va unga yaqin hududlarda istiqomat qiladigan talabalarning bilim olishi, Qoraqalpogʻistonning janubiy tumanlari hamda Xorazm, Buxoro viloyatlari uchun pedagog kadrlar tayyorlash maqsadida institutning Ellikqalʼa pedagogika fakulteti tashkil etildi.

Davlatimiz rahbarining gʻamxoʻrligi natijasida davlat byudjeti hisobidan 76 milliard soʻm mablagʻ ajratilib, institut uchun 2 ming oʻrinli yangi oʻquv binosining qurib bitkazilishi va foydalanishga topshirilishi, shu bilan birga, moddiy-texnik bazani takomillashtirish maqsadida oʻquv binolari taʼmirlanib, yangi laboratoriyalar, sport majmualari hamda talabalar turar joylarining qurilayotganligi respublikamizdagi birinchi taʼlim muassasasining 90-yillik toʻyiga, taʼlim muassasasiga nomi berilgan buyuk mumtoz shoirimiz Ajiniyoz Qoʻsiboy oʻgʻlining 200 yilligiga munosib tuhfa boʻldi.

Institutda taʼlim sifatini oshirish, kadrlar tayyorlashning yangi usullarini joriy etish maqsadida xalqaro nufuzli oliy taʼlim muassasalari hamda ilmiy-tadqiqot markazlari bilan samarali aloqalar oʻrnatildi.

Bugungi kunda dunyoning “TOP-1000”lik roʻyxatiga kiruvchi 62 ta oliy taʼlim muassasasi bilan shartnoma va memorandumlar tuzilgan boʻlib, shundan 15 ta oliy taʼlim muassasasi QS (Quacquarelli Symonds World University Ranks), THE (Times Higher Education) hamda ARWU (The Academic Ranking of World Universities) xalqaro reytinglaridan joy olgan.

Nukus davlat pedagogika institutining 90 yilligiga bagʻishlangan asosiy tantanali tadbirdan keyin anjuman ishtirokchilariga institutning “Toʻmaris” xalq ansambli hamda iqtidorli talabalari, shuningdek, sanʼat ustalarining ijrosidagi konsert dasturi namoyish etildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?