Noyob operatsiya: Yetmish ikki yoshli bemorga “kelajak avlod aorta klapani” oʻrnatildi

Poytaxtimizdagi zamonaviy klinikalardan birida noyob kardiojarrohlik operatsiyasi oʻtkazildi. Bor-yoʻgʻi yetti santimetrlik kichik kesma orqali kam invaziv usulda va ogʻir jarohatlarsiz 72 yoshli bemorning aorta klapani almashtirildi.
Biroq bu galgi operatsiyaning noyobligi bunda emas. Chunki kam invaziv muolaja — tibbiyotda allaqachon keng ommalashayotgan usul. Aorta klapanini almashtirish amaliyoti ham kardioxirurgiyada koʻp yillardan beri mavjud.
Xoʻsh, unda yangilik nimada?
Birinchi yangilik — bemorning aortasiga oʻrnatilgan moslamada. Uni “kelajak avlod klapani” yoki “chok tikilmaydigan klapan” (aortaga tikilmaydi) deb atash mumkin. Ushbu moslama organizmda 10-15 yil benuqson ishlaydi. Asoratlari esa juda kam.
Ikkinchi yangilik — mazkur klapanni oʻrnatish uchun anʼanaviy operatsiyadagi singari tanani ochib, 1,5-2 soat davomida yurakni toʻxtatib qoʻyish shart emas. Bu jarayon uchun atigi 10-15 daqiqa kifoya.
Uchinchi yangilik — operatsiyadan bir kun oʻtiboq bemor bemalol yura oladi. Jarohatlar bitishi uchun juda kam vaqt talab etiladi. “Yonboshlamang”, “Qimirlash mumkin emas”, “Oʻzingizni zoʻriqtirmang”, degan taqiqlar boʻlmaydi. Bemor avvalgidek “suyagim bitsin” deb oylab korset taqishi ham shart emas. Qisqa qilib aytganda, reabilitatsiya jarayoni tez va oson kechadi.
Nihoyat toʻrtinchi va muhim yangilik — bunday murakkab va noyob operatsiyalarni oʻtkazishga barcha kardioxirurglar ham jazm eta olmaydi. Yuksak bilim va salohiyat hamda koʻp yillik tajriba bu jarayonda hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi.
Shu bois ushbu yuqori texnologik amaliyotga Rossiyaning A.N.Bakulev nomidagi yurak-qon-tomir jarrohligi markazida uzoq yillar tajriba orttirib qaytgan malakali kardiojarroh, tibbiyot fanlari doktori, professor hamyurtimiz Rustam Yorbekov boshchilik qildi.
Rustam akaning qayd etishicha, u mamlakatimizdagi faoliyati davomida 4,5 mingdan ziyod operatsiyalarda ishtirok etdi. Ammo ulardan 28 tasi Oʻzbekistonda ilk bor bajarilgan noyob amaliyotlardir.
Bugungi operatsiya ham Oʻzbekistonda hali ommalashib ulgurgani yoʻq. Biroq shifokor-olim yaqin yillarda “kelajak avlod klapanlari” yurtimizda minglab bemorlarning umriga umr qoʻshishiga ishonadi.
— Avvallari mamlakatimizda bunday insonlar hayotini saqlab qolishning imkoni boʻlmagan, — deydi R. Yarbekov. — Qolaversa, dunyoning eng rivojlangan davlatlari klinikalarida ham bu singari operatsiyalar har doim muvaffaqiyatli oʻtkazilmagan. Endi esa Oʻzbekiston tibbiyoti yangi bosqichga koʻtarilishi, xususan, kardioxirurgiya sohasiga ilm-fanning soʻnggi yutuqlari keng tatbiq etilishi yurtdoshlarimizni uzoq yoʻl bosib, katta mablagʻ sarflab xorijiy mamlakatlarda davolanish tashvishidan xalos etdi.
Hozir tibbiyot muassasalarimizning moddiy-texnik imkoniyatlari bir necha oʻn barobar oshgan, desak mubolagʻa boʻlmaydi. Yuqori texnologik operatsiyalar nafaqat Toshkent, balki viloyatlar va hatto tuman markazlarida ham muvaffaqiyatli bajarilyapti. Xorijda yoʻlga qoʻyilgan ilgʻor muolaja usullari qisqa muddatda mamlakatimizda ham tatbiq etilmoqda.
Bugungi amaliyotga kelsak, bemorimizning yoshi katta, qolaversa, xastaligi ogʻir bosqichga oʻtgan edi. Klinikamizga murojaat qilganidan soʻng, unga degenerativ yurak kasalligi, aorta klapanining stenozi 2-3 darajasi, aorta klapani yetishmovchiligining 2-darajasi hamda mitral yetishmovchiligining 1,5-darajasi tashxisi qoʻyildi.
Shundan soʻng hamkasblarimiz bilan maslahatlashib, mazkur murakkab operatsiyani oʻtkazishga qaror qildik. Hozir uning ahvoli yaxshi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Eron va Isroil oʻrtasidagi ziddiyatlar xronologiyasi yoxud bugungi “urush”ning ildizi qayerda?
- Parkentda yiliga 20 ming sayyohni qabul qiladigan turistik majmua ochilmoqda
- Oʻzgarishlarni soʻz bilan uygʻotgan jurnalist
- “100 milliondan ortiq gullar, modalar haftaligi hamda turfa taomlar taqdimoti”: Namanganda oʻtkazilayotgan 64-Xalqaro gullar festivalidan video va fotoreportaj
- Oʻzbekiston tarixida ilk bor mundial yoʻllanmasini qoʻlga kiritgan milliy terma jamoamiz Toshkentga qaytib keldi — Fotoreportaj
- Oʻzbekiston Tashqi ishlar vazirligi Isroil–Eron mojarosi yuzasidan bayonot berdi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring