Norin GESlar kaskadi milliy brend ostida barpo etilmoqda

Qudratilla Najmiddinov/“Xalq soʻzi”. Elektr energiyasi ishlab chiqarishda oqar suv kuchidan foydalanish sohadagi anʼanaviy usul va hozirgi kunda uning ahamiyati yanada kuchaygan. Namanganda ayni maqsadda foydalansa boʻladigan obi-hayot manbalari anchagina. Bundan uch yil avval Katta Fargʻona kanalining Uchqoʻrgʻon tumanidan oqib oʻtadigan qismida dastlabki kichik gidroelektrostansiya kaskadlari ishga tushirilgan edi. Ularning umumiy quvvati 12 megavattga teng boʻlib, hozirgi vaqtda 48 mingta xonadonni uzluksiz elektr energiya bilan taʼminlab kelmoqda. Endilikda Katta Andijon kanalida ham quvvati avvalgidan ikki hissa kuchli uchta GES qurilmoqda. Loyiha qiymati 60 million AQSH dollari boʻlgan bu inshootlarning umumiy quvvati 18 megavatt boʻlib, qariyb yana 65-70 ming xonadonni elektr quvvatiga boʻlgan ehtiyojini qondiradi.
Davlatimiz rahbari joriy yilning mart oyida Namangan viloyatiga rasmiy tashrifi chogʻida qurilishiga start bergan yana bir GESlar kaskadi Norin daryosining Uychi tumanidan oqib oʻtgan qismida barpo etilmoqda. Umumiy quvvati 228 megavatt boʻlgan kaskad 6 ta GESdan iborat. Ushbu istiqbolli loyihaning ishga tushirilishi natijasida yiliga oʻrtacha 1 025 mln. kilovatt soat ekologik toza elektr energiyasi ishlab chiqariladi. Energoquvvatlari oʻrtacha 430 ming xonadonga kirib boradigan kaskad qurilishi toʻrt yilga moʻljallangan.
— Inshootning ahamiyatli tomoni, u respublikadagi birinchi “Milliy GES”ga aylanadi, — deydi “Oʻzbekgidroenergo” AJ kapital qurilish boshqarmasi boshligʻi Muhammad Otaxonov. — Sababi, loyiha toʻliq “ Oʻzbekgidroenergo” AJning mablagʻlari hisobidan, mahalliy loyihalashtirish va pudrat tashkilotlarini jalb qilgan holda amalga oshirilmoqda. Zarur asbob-uskunalarning barchasi, xususan, quvvati 40 MVtgacha boʻlgan gidroagregatlar “Made in Uzbekistan” brendi ostida Toshkent viloyati Boʻstonliq tumanida joylashgan qoʻshma korxonada ishlab chiqariladi.
Ayni paytda GES qurilishi jadal surʼatda davom etmoqda. Quruvchi va mutaxassislar 265 metr uzunlik va 9 metr balandlikdagi gidrouzelni tiklash hamda daryo suvini 1-stansiyaga olib boruvchi kanalni qazish, shuningdek, tuproq ishlari bilan mashgʻul.
Aytish lozimki, yuqori innovatsion texnologik qurilmalarning mamlakatimiz gidroenergetika sohasida ilk bor amaliyotga joriy etilishi istiqbolda moliyaviy sarf-xarajatlarni iqtisod qilish, sifatli va zamonaviy andozalarga mos agregatlar tayyorlashni oʻzlashtirishga xizmat qilishi bilan eʼtiborni tortadi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistonda dollar kursi pastladi
- “Bunyodkor” murabbiyi Sergey Arslanov vafot etdi
- Qondagi glyukozani pasaytirish uchun kechki ovqatlanishning ideal vaqti maʼlum boʻldi
- Sardobaning siri nimada?
- Kamchatka sohillaridagi kuchli zilziladan soʻng Oʻzbekiston Konsulligi vatandoshlarimizga murojaat qildi
- Buxorolik doktorant nimaning evaziga Prezident sovgʻasi – avtomobilga ega boʻldi?
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring