Nomoddiy madaniy merosimizning yana ikkita elementi UNESCO roʻyxatiga kiritildi

07:31 02 Dekabr 2022 Madaniyat
916 0

Foto: Халқ сўзи

Marokash davlatining Rabot shahrida boʻlib oʻtayotgan Nomoddiy madaniy merosni muhofaza qilish boʻyicha Hukumatlararo qoʻmitaning 17-sessiyasi Oʻzbekiston uchun muhim madaniy voqea boʻldi. Oʻzbekiston tomoni ishtirokida ikkita koʻpmillatli element Insoniyatning nomoddiy madaniy merosi Reprezentativ roʻyxatiga kiritildi.

Oʻzbekiston tomonidan Ozarbayjon, Afgʻoniston, Eron, Tojikiston, Turkmaniston va Turkiya bilan birgalikda “Ipakchilik va toʻquv uchun anʼanaviy ipak ishlab chiqarish” nomli birinchi fayl taqdim etildi. Ikkinchi nominatsiya “Xoʻja Nasriddin haqidagi latifalarni takrorlash anʼanalari” deb nomlangan boʻlib, Oʻzbekiston tomoni Ozarbayjon, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston, Turkmaniston va Turkiya bilan hamkorlikda tayyorlagan.

Qoʻmitaning baholash komissiyasi nomzodlik hujjatlarini tayyorlashda ishtirok etayotgan davlatlarning birgalikdagi faoliyatini yuqori baholadi va ularning Vakillik roʻyxatiga kiritish uchun barcha mezonlarga muvofiqligini qayd etdi.

«Davlatimiz rahbari boshchiliklarida mamlakatimizning boy nomoddiy madaniy merosini muhofaza qilish va uni koʻpaytirish yoʻlida tizimli ishlar olib borilmoqda. Yana ikki anʼanamizning UNESCO roʻyxatidan joy olishi buning yaqqol dalilidir, – deydi Bosh vazir oʻrinbosari – Oʻzbekistonning UNESCO ishlari boʻyicha Milliy komissiyasi raisi Aziz Abduhakimov. – Bu yoʻnalishda Oʻzbekistonning UNESCOdagi doimiy vakili Umid Shadiyevning saʼy-harakatlari alohida tahsinga sazovordir».

Tadbir davomida nominatsiyalar taqdimotida madaniyatlarni boyitish, mahalliy iqtisodiyotni qoʻllab-quvvatlash, oʻzaro hurmat va madaniyatlararo muloqotni mustahkamlashdagi unsurlarning tarixiy oʻrni va ahamiyatini atroflicha ochib beruvchi videofilmlar namoyish etildi. Tadbir ishtirokchilari ipak yetishtirishning anʼanaviy texnologiyalari, keyingi yillarda Oʻzbekistonda ipakchilikni rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan salmoqli ishlarga alohida eʼtibor qaratdilar. Aholi orasida mashhur va sevimli folklor qahramoni sanalgan Xoʻja Nasriddinning Buxoro shahrida qad rostlagan noyob haykali katta qiziqish uygʻotdi.

Taʼkidlash kerakki, Reprezentativ roʻyxatga kiritilgan Oʻzbekiston elementlarining umumiy soni 11 taga yetdi. Ilgari bu roʻyxatga “Baxshi”, “Lazgi”, “Palov”, “Askiya”, “Miniatyura”, “Navroʻz”, «Shoshmaqom» va boshqalar kiritilgan edi. Atlas va adras tayyorlashning anʼanaviy texnologiyalarini saqlash boʻyicha Margʻilon hunarmandchilikni rivojlantirish markazi Nomoddiy madaniy meros obyektlarini asrab-avaylash boʻyicha yetakchilar reyestridan joy olgan.

Maʼlumot uchun, endi yangi elementlar xalqaro miqyosda butun insoniyat merosining ajralmas qismi sifatida tavsiflanadi va bu nomoddiy madaniy merosning ushbu turlarini eʼtirof etish va keng targʻib qilishni sezilarli darajada oshirishga xizmat qiladi. Oʻz navbatida, UNESCO ushbu elementlarni turli loyihalarni amalga oshirish orqali targʻib qiladi.

Sessiya 3-dekabrgacha davom etadi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?