Nogironligi boʻlgan shaxslar huquq va manfaatlari himoyasi har doim eʼtiborda

10:59 03 Dekabr 2020 Siyosat
590 0

3-dekabr — Xalqaro nogironlar kuni 

Mamlakatimizda inson qadr-qimmati, ayniqsa, nogironligi boʻlgan shaxslar masalalari doimiy diqqat-eʼtiborda boʻlib, ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish, toʻsiqsiz muhit yaratish, jamiyatga integratsiya qilish borasida izchil chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Nogironligi boʻlgan shaxslar mamlakatning siyosiy, ijtimoiy, iqtisodiy hamda madaniy hayotida faol ishtirok etishi uchun zarur huquqiy, tashkiliy shart-sharoitlar yaratilmoqda.

Ayniqsa, keyingi yillarda davlatimiz rahbarining shu masala boʻyicha muhim qaror va farmonlari qabul qilingani nogironligi boʻlgan shaxslarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, ularni umidsizlik hamda ishonchsizlik kayfiyatidan xalos etish, hayotga intilishini oshirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Albatta, har bir sohaning rivojlanishi, ayniqsa, nogironligi boʻlgan shaxslarning huquqlari bilan bogʻliq masalalarni hal etish, avvalo, qonunchilikni takomillashtirishni taqozo etadi. Shu nuqtayi nazardan keyingi yillarda qonunchilikka muhim oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritildi. Ushbu masala huquqiy tomondan toʻliq qamrab olindi.

Masalan, nogironligi boʻlgan shaxslarning taʼlim olishi, ilm oʻrganishi, kasb tanlashi, hunar oʻrganish borasidagi huquqlarini amalga oshirish masalasida Mehnat kodeksiga, Taʼlim toʻgʻrisidagi qonunga yangi meʼyorlar kiritildi.

Bundan tashqari, Shaharsozlik kodeksida nogironligi boʻlgan shaxslarning erkin harakatlanishi uchun, ijtimoiy obyektlarga emin-erkin kirib chiqishi uchun sharoit yaratish masalalari koʻzda tutildi. Binolarni qurishda, loyihalashtirishda ham nogironligi boʻlgan shaxslarning harakatlanishini hisobga olish alohida meʼyor sifatida belgilandi.

Umuman aytganda, nogironligi boʻlgan shaxslarning bilim olishi, hunar oʻrganishi, jamiyatda oʻz oʻrnini topishi uchun huquqiy jihatdan sharoit yaratildi. Bu borada davlat tashkilotlarining majburiyatlari aniq belgilab berildi.

Maʼlumki, shu yilning 15-oktyabr kuni davlatimiz rahbari “Nogironligi boʻlgan shaxslarning huquqlari toʻgʻrisida”gi qonunni imzoladi. 2021-yildan eʼtiboran kuchga kiradigan mazkur Qonun orqali nogironligi boʻlgan shaxslarning huquqlarini amalga oshirish boʻyicha mutlaqo yangi tizim yaratiladigan boʻldi.

Bu borada ishlarning barchasi jismoniy imkoniyati cheklangan kishilarni nafaqat qoʻllab-quvvatlash, balki ularning hayotda oʻz oʻrnini topishiga xizmat qilishi bilan ahamiyatga ega. Bu qonun davlatning nogironligi boʻlgan shaxslarga nisbatan munosabati, masʼuliyati yangi darajaga koʻtarilayotganini ham bildiradi. Hukumat, vazirlik-idoralar tomonidan qonun talab etadigan bir qator meʼyoriy-huquqiy hujjatlar ishlab chiqiladi.

Qonun asosida nogironligi boʻlgan shaxslarni eng koʻp qiynab kelayotgan masala – tibbiy tekshiruv komissiyalari faoliyati takomillashadi, murojaat qiluvchi 10 kalendar kunida xulosani oladi. Tibbiy tekshiruvlar bepul amalga oshiriladi. Nogironligi boʻlgan shaxslar ambulator va statsionar tartibida imtiyozli davolanadi, protez-ortopediya anjomlari bilan taʼminlanadi.

Binolarga kirib-chiqish uchun maxsus yoʻlakchalar, panduslar, jamoat transportida maxsus oʻrindiqlar joylashtiriladi. Taʼlim olishning barcha bosqichlarida sharoit yaratilib, kasb-hunarga oʻrgatish, kollej va texnikumlarda taʼlim olishlari davlat hisobidan taʼminlanadi.

Mahalliy hokimliklar nogironligi boʻlgan shaxslar uy-joy sharoitini yaxshilashga masʼul boʻladi. Nikoh tuzish va oila qurish, bolalarni farzandlikka olish, bolalarni tarbiyalashga doir majburiyatlarni bajarishi chogʻida yordam olish, shu jumladan, uyida va yashash joyida xizmatlar koʻrsatilishi huquqi taʼminlanadi.

Davlat nogironligi boʻlgan bolalarni parvarishlayotgan oilalarga moddiy, maslahatga oid va boshqacha tarzda yordam beradi hamda ularni qoʻllab-quvvatlaydi.

Maʼlumki, 2020/2021 oʻquv yilidan boshlab oliy taʼlim muassasalariga abituriyentlar qabulining umumiy sonidan nogironligi boʻlgan shaxslar uchun qoʻshimcha ravishda ikki foizli kvotalar qoʻllanilishi joriy etildi. Natijada joriy oʻquv yilida 3 mingga yaqin nogironligi boʻlgan yoshlarni oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilindi.

Yakka tartibdagi tadbirkorlik bilan shugʻullanuvchi I va II guruh nogironligi boʻlgan shaxslar, shuningdek, I va II guruh nogironligi boʻlgan shaxslarni xodim sifatida yollagan yakka tartibdagi tadbirkorlarga qatʼiy belgilangan soliqning imtiyozli stavkasi qoʻllaniladi.

Sogʻliqni saqlash vazirligi huzurida ixtisoslashtirilgan idora va Nogironligi boʻlgan shaxslarni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi tashkil etilgan.

2018-yilning 1-iyunidan boshlab nogironligi boʻlgan shaxslar toʻgʻrisida umumiy maʼlumotlarni (ajratilgan texnik reabilitatsiya vositalari, protez-ortopediya buyumlari va boshqalar) oʻz ichiga olgan yagona elektron reyestr joriy qilingan.

Bir necha yillar davomida nogironligi boʻlgan shaxslarning manfaatlarini himoya qiladigan jamoat tashkilotlarini davlat tomonidan moddiy qoʻllab-quvvatlash masalasi koʻtarib kelinardi. Bunday tashkilotlar faoliyati nogironligi boʻlgan shaxslarning huquqlarini himoya qilishda nihoyatda muhim ahamiyatga ega. Lekin ularning moddiy-texnika bazasi, vakolatlari, imkoniyatlari cheklanib qolgan edi. Shuning uchun birinchi marta mana shu tashkilotlarga davlat tomonidan 1 milliard soʻm subsidiya ajratildi. Bu yordam orqali Oʻzbekiston Nogironlar jamiyati va Nogironlar assotsiatsiyasi oʻz faoliyatini toʻgʻri yoʻlga qoʻyib, nogironligi boʻlgan shaxslarning huquqlarini, manfaatlarini taʼminlashga xizmat qilmoqda.

2021-yilga moʻljallangan byudjet toʻgʻrisidagi qonun loyihasi parlamentdagi keng va qizgʻin muhokamalardan keyin qabul qilindi. Bu qonunni muhokama qilishda ham ijtimoiy sohaga ajratilgan xarajatlarga alohida eʼtibor qaratildi. Davlat byudjetidan kelgusi yilda 1,2 million oilani moddiy qoʻllab-quvvatlash nazarda tutilgan. Albatta, bunday oilalarda nogironligi boʻlgan shaxslar ham bor.

Bundan keyin ham nogironligi boʻlgan shaxslarning huquq va manfaatlarini taʼminlash, bu boradagi huquqiy asoslarni yana-da mustahkamlash, yuzaga kelayotgan muammolarni parlament darajasida hal qilish boʻyicha taklif va tashabbuslar davom etadi.

Amalga oshirilayotgan oʻzgarishlarga qaramay, nogironligi boʻlgan shaxslarni oʻylantirib kelayotgan muammoli masalalar ham oz emas. Oʻzbekiston Nogironlar, Koʻzi ojizlar va Karlar jamiyatlari aʼzolari, partiya faollari, deputatlar bilan bu borada doim fikr almashib turibmiz, yechim topish choralari koʻrilmoqda.

Jumladan, nogironligi boʻlgan shaxslarga belgilangan tibbiy xizmatlar joylarda vaqtida koʻrsatilmayotgani, protez-ortopediya vositalari yetishmasligi, jamoat transportlarida moslab jihozlanmagani, bekatlar va marshrutlarda eshittiruvchi, elektron maʼlumotlar tablolari kabi maxsus vositalarning yoʻqligi bilan bogʻliq muammolar kun tartibida turibdi.

Nogironligi boʻlgan kishilar, odatda, boshqalardan farqli oʻlaroq, sogʻligi sustroq, taʼlim sohasidagi yutuqlari kamroq, iqtisodiy imkoniyatlari cheklangan va moddiy sharoiti ham yomonroq boʻladi. Bu oʻz navbatida ularning har kunlik hayotida koʻplab toʻsiqlarni tugʻdirishini hisobga olib, joylarda nogironligi boʻlgan shaxslarning ijtimoiy himoyasi va moslashuvi samaradorligini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlar ishlab chiqilishi zarur.

“Nogironlar huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi Xalqaro konvensiyani bosqichma-bosqich ratifikatsiya qilishga tayyorgarlik koʻrish masalasi ham muhimdir.

Mamlakatimizda “Xalqaro nogironlar kuni” munosabati bilan joriy yilning 30-noyabridan 30-dekabriga qadar “Mehr-muruvvat oyligi” oʻtkazilmoqda. Bu xayrli tadbirlarda faol qatnashish barchamizning insoniy burchimiz hisoblanadi.

Ulugʻbek INOYATOV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri oʻrinbosari,
OʻzXDP fraksiyasi rahbari

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?