Nogironlarni parvarish qilayotgan kishilarning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish lozim

16:33 29 Sentyabr 2020 Siyosat
15647 0

Mamlakatimizda aholining ehtiyojmand qatlamini qoʻllab-quvvatlash yoʻnalishidagi oʻzgarish va islohotlar haqida uzoq gapirish mumkin. Lekin tizimda ijobiy ishlar bilan birga, deputatlarimizning xalq bilan muloqotlari vaqtida ayrim yechimini kutayotgan muammolar yuzaga chiqmoqda. Ushbu masalalar Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi Xalq demokratik partiyasi fraksiyaning kengaytirilgan yigʻilishlarida Oʻzbekiston Nogironlar, Koʻzi ojizlar, Karlar jamiyatlari va Nogironlar assotsiatsiyasi vakillari bilan keng muhokama qilinib, yechimlari boʻyicha asoslangan taklif va tavsiyalar tayyorlanmoqda.

Deputatlar oʻrgangan maʼlumotlar tahlili mamlakatimizda oʻzgalar parvarishiga muhtoj nogironligi boʻlgan shaxslar hamda ular oila aʼzolarining ijtimoiy huquq va manfaatlarini taʼminlashda ayrim tizimli muammolar mavjudligini koʻrsatdi. Jumladan, nogironligi boʻlgan shaxslarni aksariyat hollarda oila aʼzolari parvarishlaydi. Bolalikdan nogironligi boʻlganlarga esa asosan onasi qaraydi.

Statistik maʼlumotlarga koʻra, Oʻzbekistonda 9 mln. 800 ming nafardan ziyod 16 yoshgacha bolalar boʻlib, ularning 100 ming 110 nafarida nogironlik bor. Nogironligi bor bolalarning 54 ming 846 nafari oʻgʻil, 45 ming 264 nafari qizlar. Ularning 43 ming 47 nafari shaharlarda, 57 ming 63 nafari qishloq joylarda istiqomat qiladi. Nogiron bolalarning 51 ming 56 nafari tugʻma nogiron boʻlib, 49 ming 54 nafarida orttirilgan nogironlik mavjud.

Bugungi kunda Oʻzbekiston boʻyicha 6 ta bolalar Muruvvat uyi mavjud boʻlib, ularda 1 ming 908 nafar nogironligi bor bolalar (jami nogironligi bor bolalarning 1,9 foizi) parvarishlanmoqda. Ushbu muassasalarda taʼminot (oziq-ovqat, kiyim-kechak, dori-darmonlar va boshqalar) toʻliq davlat byudjeti hisobidan amalga oshirilmoqda. Muruvvat uylarida har 2 nafar nogironligi bor bolaga oʻrtacha 1 nafardan tarbiyachi (enaga) toʻgʻri kelyapti, ular davlat byudjeti hisobidan oylik olib ishlab kelmoqda.

Taʼkidlash lozimki, nogironligi boʻlgan bolalarning aksariyat qismi, yaʼni 98 ming 202 nafari (98,1 foiz) oʻz oilasida ota va onalar qaramogʻida parvarishlanmoqda. Ushbu nogironligi boʻlgan bolalarning koʻpchiligi tayanch-harakat tizimi, asab va ruhiy kasalliklarga chalingan boʻlib, doimiy parvarishga muhtoj. Bunday parvarishni amalga oshirish katta saʼy-harakat, iroda va vaqtni talab etib, ayniqsa, qishloq joylarda bunday parvarishni xoʻjalik faoliyati bilan birgalikda amalga oshirish juda mushkul hisoblanadi. Qayd etish lozimki, oʻz oilasida parvarishlanayotgan nogironligi bor bolalar ehtiyoji (oziq-ovqat, kiyim-kechak, dori-darmonlar va ularni parvarishlash) uchun davlat byudjetidan hech qanday xarajatlar amalga oshirilmaydi.

Oʻzgalar parvarishiga muhtoj nogironligi boʻlganlar va ularning oila aʼzolari ijtimoiy manfaatlarini himoya qilish maqsadida “Fuqarolarning davlat pensiya taʼminoti toʻgʻrisida”gi qonuni 37-moddasi 1-qismi «d» bandida I guruh nogironiga yoki 16 yoshgacha boʻlgan nogironligi boʻlgan bolaga, shuningdek, oʻzgalar parvarishiga muhtoj 80 yoshga toʻlgan shaxslarga qarab turilgan vaqt yoshga doir pensiya tayinlanayotganida ish stajiga qoʻshib hisoblanishi nazarda tutilgan.

Biroq ushbu qonunning 37-moddasi 2-qismida cheklovlar oʻrnatilgan boʻlib, mazkur moddaning «d» va boshqa bandlarida nazarda tutilgan davrlar umumiy ish staji kamida 7 yil boʻlgan taqdirda ish stajiga qoʻshib hisoblanishi belgilangan.

Qonundagi ushbu cheklov nogironligi bor bolalarning parvarishi bilan band boʻlgan ota va onalarga pensiya tayanch miqdorini olish uchun zarur boʻlgan ish stajini toʻplash imkonini bermaydi. Oqibatda shunday ota-onalarga yoshga doir pensiya tayinlanayotganda qiyinchiliklarga duch kelinmoqda.

Xalqaro amaliyotda nogironligi boʻlgan shaxslarning parvarishi bilan band boʻlgan fuqarolarga pensiya tayanch miqdorini belgilashda hech qanday cheklovlar mavjud emas. Aksincha, pensiyaga chiqishda bunday fuqarolar uchun qoʻshimcha imtiyoz va kompensatsiya toʻlovlari beriladi. Misol uchun, Avstraliya, Daniya, Norvegiya, Shimoliy Irlandiya, Fransiya, Yaponiya davlatlarida nogironlarning parvarishi bilan band boʻlgan fuqarolarni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha alohida davlat dasturlari qabul qilinib, ularning ijtimoiy himoyasi kafolatlangan.

Shuningdek, ijtimoiy taʼminot tizimi mamlakatimizga yaqin hisoblanadigan Rossiya, Belorus va Qozogʻiston davlatlarining qonunchiligida ham nogironligi bor shaxslarning parvarishi bilan band boʻlgan fuqarolarga pensiya tayinlashda cheklovlar mavjud emas, aksincha, bir qator yengilliklar belgilangan.

Yuqoridagilardan kelib chiqilsa, nogironligi bor shaxslarni parvarishlab, ulkan fidoyilik, katta maʼnaviy jasorat koʻrsatayotgan fuqarolar huquqlari himoyasini kuchaytirish, bu borada qonunchilikni takomillashtirish zarurati pishib yetilgan. Fuqarolar ijtimoiy himoyasi, huquq va manfaatlari kafolati bilan bogʻliq bu masala Xalq demokratik partiyasi uchun prinsipial ahamiyatga ega.

Shuning uchun partiyamizning parlament quyi palatasidagi fraksiyasi “Fuqarolarning davlat pensiya taʼminoti toʻgʻrisida”gi qonunning 37-moddasi ikkinchi qismidagi «d» bandi bilan bogʻliq boʻlgan cheklovlarni istisno etadigan oʻzgartish kiritish, yaʼni nogironligi boʻlgan kishilarga qaragan insonlarga pensiya tayinlashga salbiy taʼsir koʻrsatib kelayotgan meʼyorni bekor qilish masalasini koʻrib chiqish taklifini ilgari surmoqda.

Bu taklifning amalga oshishi nogironligi boʻlgan shaxslar, ularga qarovchilar manfaatlari himoyasiga xizmat qilib, maʼnaviy-ruhiy madad ham boʻlardi.

Ulugʻbek VAFOYEV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,
OʻzXDP fraksiyasi aʼzosi

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?