Nochorlikdan tadbirkorga aylangan “zirapcha”
Said Donishev/«Xalq soʻzi». Hayot yoʻli tekis emas. Oʻnqir-choʻnqirlari, pastu balandliklari baʼzan inson aqlini shoshirib qoʻyadi.
Qahramonimiz Komila Joʻrayeva har safar farzandlarini qanday qiyinchiliklar bilan voyaga yetkazganini oʻylasa, bugungi dorilamon kunlari uchun behisob shukrona aytadi.
Bolalikda uning ham orzulari koʻp edi. Oʻqituvchi boʻlishga havasi bor. Goho oʻzini oq xalatli shifokor tasavvur qilardi. Biroq hayot sinovlari barchasini oʻzgartirib yubordi. Oila... Farzandlar tarbiyasi... Turmush qiyinchiliklari... Axir, yetti nafar farzandni tarbiyalab, oyoqqa qoʻyishning oʻzi boʻlmaydi-ku!
Mahallaga moddiy yordam soʻrab borsa, qaytarib yuborgan. Oʻz uyi boʻlmagani uchun ijarada yashardi. Ijara pulini vaqtida toʻlolmagani sababli uydan ham chiqarib yuborishadi. Chorasizlikdan yoʻl chetida kapa tikib, bolalari bilan shu joyda yashadi.
Oyning oʻn beshi qorongʻi, oʻn beshi yorugʻ, deb bekorga aytilmagan. Shunday ogʻir kunlarning birida tuman Obodonlashtirish boʻlimi tomonidan, “Boʻlimga qarashli ozroq tashlandiq yer bor, shundan foydalanasizmi”, degan taklif boʻladi. U tashlandiq yerga mehrini berib, mehnat qildi. Asta-sekinlik bilan roʻzgʻorini tiklay boshladi. Ammo hali ham yashash joyi boʻlmagani uchun kapa uning boshpanasi boʻlib xizmat qilardi.
Oʻsha paytda Zarbdor tumani hokimi boʻlib ishlagan Oybek Ashirmatov kelib, yetti farzandiga bosh boʻlib, halol va zahmatli mehnati ortidan kun kechirayotgan Komila Joʻrayevaning sharoiti bilan yaqindan tanishadi. “Shu qizga kafil boʻlaman, oʻn million soʻm kredit mablagʻi ajratib beringlar! Toʻlay olmasa, oʻrniga oʻzim toʻlayman!”, deydi mutasaddilarga...
Ana shu voqeadan soʻng uning hayotida tub burilish yuz berdi. Omad bir kelsa ketma-ket kelar ekan. Tuman xotin-qizlar boʻlimi rahbari ehtiyojmand, kam taʼminlangan ayollar uchun alohida uy qurilayotgani, unga ham ikki xonali uy ajratilishini aytganda ishonmagan edi. Oradan koʻp vaqt oʻtmay uyli ham boʻldi. Ishlari ham tobora yurishib, issiqxona qurdi. 30 sotix yerni bogʻ qildi. Bugun bogʻida mevalarning eng sarxillari yetishtirilyapti. Shaftolining ikki-uch, oʻrikning yetti-sakkiz, olmaning oʻn besh, uzumning besh xil turi bor.
Eng quvonarlisi, farzandlari nufuzli oliy taʼlim maskanlarida ilm olyapti. Halol mehnati bilan topgan pullariga uchta mashina sotib oldi. Ilgarilari oʻzi mahalladan moddiy yordam soʻragan boʻlsa, endi ehtiyojmand oilalarga homiylik qilyapti. Eng muhimi, u oʻz faoliyati davomida oʻttiz besh kishini doimiy ish bilan taʼminladi.
Komila Joʻrayeva oʻtgan yili “Yil ayoli” tanlovining respublika bosqichida qatnashib, “Yilning eng jonkuyar ayoli” nomiga munosib koʻrildi.
– Bularning barchasi mamlakatimizda xotin-qizlar uchun yaratib berilayotgan imkoniyatlar samarasi, – deydi u gʻurur bilan. – Maqsadim – xalq farovonligi, dasturxonimiz toʻkinligi uchun hissa qoʻshish, koʻplab ish oʻrinlari yaratishdan iborat.
Bugungi kunda Komila Joʻrayeva Zarbdor tumanining Nurobod mahallasida istiqomat qiladi. “Zirapcha” MCHJ rahbari. 35 nafar doimiy ishchisi bor. Ish hajmi va mavsumga qarab, ular soni uch-toʻrt barobargacha ortadi.
Gulga mehr qoʻygan Komila xonaki gullarning 300, ochiq maydonlarga ekiladigan gullarning 200 xildan ziyodini yetishtiryapti. Bundan tashqari gul, har xil koʻkat va rezavorlarning urugʻini qadoqlab, savdo qilishni yoʻlga qoʻygan. Issiqxonalar sonini esa 3 taga yetkazdi.
Tadbirkor shu bilan qanoatlanib qolgani yoʻq. Gulchilik, koʻchatchilikdan tashqari endilikda parrandachilik, chorvachilik sohalarida ham oʻzini sinab koʻrmoqda. Kelgusi yildan quruq mevalarni qadoqlab sotishni yoʻlga qoʻymoqchi. 100 million soʻm kredit asosida yana 5 gektar yer maydoni oldi.
Demak, tadbirkorlik yanada kengayadi, “Zirapcha”ning ishlari tobora yuksalib boraveradi. Shuning barobarida, yana qanchadan-qancha yurtdoshlarimizning roʻzgʻoriga baraka kiradi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Surxon milliy taomlari vohaning “tashrif qogʻozi”ga aylangan
- Demirsad olmasining xaridorgirligi siri nimada?
- Toʻlov-kontrakt mablagʻlarini toʻlash muddati uzaytirildi
- Jizzax archazorlari sayyohlarni maftun etmoqda
- Eng ko‘p bahslarga sabab bo‘lgan “Oltin to‘p” Rodriga nasib qildi
- Oʻzbekiston qonunchiligida 1-noyabrdan nimalar oʻzgaradi?
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring