Nega yoshlarimiz muzeyga bormay qoʻydi?
Foto: Xalq soʻzi
Tasodifan xorijiy sayyohning qadimiy Buxoro haqidagi taassurotlarini oʻqib qoldik. Mehmon uning ertaknamo shaharligini, odamlari mehmondoʻstligini taʼkidlagan holda oʻzini bir holat hayron qoldirganini aytadi. “Ayrim mahalliy aholi vakillaridan u yoki bu muzey joylashgan manzilni soʻraganimizda ular yelka qisishdi, bilishmas ekan. Bundan ochigʻi, taajjublandim”, deya yozadi u.Bu bizga baʼzi fuqarolarimizning befarqligi, eʼtiborsizligi oqibati boʻlib tuyuldi. Axir, inson kasbidan qatʼiy nazar oʻzi yashab turgan goʻshadagi muzeylar, kutubxonalar, qadimiy osori atiqalar haqida tushunchaga ega boʻlishi kerak emasmi? Qolaversa, oʻzini maʼrifatli inson deb bilgan har bir kishi bunday maskanlarga kirib turadi.
Ayrim rivojlangan davlatlarda muzey eshigi oldida navbat kutishlari haqida eshitganimiz bor. Negaki, muzey boy maʼnaviy ozuqa beradi, kishi ruhini tozartiradi, tasavvurini kengaytiradi. Xususan, xalqimizning bebaho tarixiy merosidan yoshlarimizni bahramand etish hayotiy zaruratdir.
Shundan kelib chiqqan holda, shahar atrofidagi maktablardan birida yuqori sinf oʻquvchilari oʻrtasida anonim soʻrov oʻtkazdik. U ham koʻplab oʻgʻil-qizlarning Buxoroda qanday muzeylar borligini bilmasliklarini koʻrsatdi. Bolalar orasida ota – onasi bilan muzeyga tushganlari barmoq bilan sanarli darajada oz ekanligi ravshan boʻldi.
— Menimcha, yoshlarga muzey haqida dastlabki tushunchalarni berish oiladan boshlanishi, u maktabgacha taʼlim muassasalari va maktabdagi taʼlim – tarbiya jarayonida davom ettirilishi kerak,— deydi Buxoro tasviriy sanʼat muzeyi masʼul xodimi Raʼno Eshonqulova. — Ota-ona, bobo-buvilarning bolajonlarga sodda tilda yurtimiz tarixi, oʻtmish qahramonlari haqida soʻzlab berishi maqsadga muvofiq. Eksponatlarni tomosha qilishni oʻrganish, tegishli tartib-qoidalarga amal qilmoqni oʻrganishni esa taʼlim-tarbiyaning asosiy qismi deb oʻylayman. Afsuski, mahalliy aholi orasida shunday odamlar borki, ularning muzey haqida umuman tushunchasi ham, bu maskanga kirishga qiziqishi ham yoʻq. Shu sababli bunday kishilar muzeylar qayerda joylashganini ham bilishmaydi.
Fikrimizcha, masalaning ogʻriqli nuqtasi ham shunda. Oʻttiz besh — qirq yoshni qoralab qoʻygan, ikki-uch farzandli boʻlgan, ammo muzeyga biror marta ham kirmagan, qoʻliga badiiy kitob tutmagan, gazeta-jurnal mutolaa qilmagan kishilar oʻz bolalarining maʼnaviy ehtiyojlarini qanday qondirishadi?!
— Bolalarga maktab davridan boshlab oʻlkamiz tarixini chuqur oʻrgatib borish kerak, — deya mulohaza yuritadi buxorolik yosh olim, Toshkent davlat pedagogika universiteti dotsenti vazifasini bajaruvchi, tarix fanlari boʻyicha falsafa doktori Shavkat Bobojonov. — Maktablarda bolalarni muzeylarga olib borishni keng yoʻlga qoʻyish lozim. Deylik, Yevropada maktabgacha yoshdagi bolalarning ayrim mashgʻulotlarini muzeylarda oʻtkazishadi. Umuman, aholida muzeylarga borish, sanʼat asarlaridan estetik zavq olish madaniyatini shakllantirish zarur. Bu madaniyat tarixni sevish, oila davrasida tarixiy asarlar mutolaasi, moziy bilan bogʻliq suhbatlar oʻtkazib turish orqali shakllanadi. Har bir maʼrifatli oilada dam olish kunlari muzeyga borish anʼanasi shakllansa durust boʻlardi.
Bu masalaning bir jihati. Nazarimizda, aholi, xususan, yoshlarni muzeyga jalb etish, ular qiziqishini oshirish borasida soha masʼullari va xodimlari zimmasida ham katta masʼuliyat turibdi. Deylik, targʻibot ishlari talab darajasida emas. Masalan, Mirzo Ulugʻbek “Ilm olish har bir muslim va muslima uchun farzdir” degan hadisni yozdirgan kitoba muzey-qoʻriqxonaning Bahouddin Naqshband majmuasidagi filialida saqlanmoqda” degan birgina xabar oʻnlab kishilarda shu osori atiqani koʻrish istagini uygʻotishi muqarrar.
— Masalaning yana bir tomoni bor, — davom etadi Sh.Bobojonov. — Yevropa muzeylari tarixi biznikiga nisbatan xiyla olisga borib taqaladi. U yerda dastlabki muzeylar XVIII asrda shakllangan. Bu moziyxonalar haqida turkistonliklar matbuot xabarlari orqali voqif boʻlishgan. Bizda esa mustamlakachilik, aniqrogʻi, chorizm davrida muzeylar ochish, tarixni targʻib etishga yoʻl berilmagan. Shu sabab muzeylarning elga tanilish jarayoni orqaga surilgan. Muhim masalalardan yana biri shuki, Yevropaning yirik muzeylarida butun jahon tarixi, madaniyati va sanʼati namoyish etiladi. Bizda esa lokal tarix, umuman olganda, Oʻrta Osiyo tarixi yoritiladi. Binobarin, aholini muzeylarga jalb qilish, fuqarolarimiz ongu shuurida moziy osori atiqalaridan estetik zavq olish madaniyatini shakllantirish uchun juda koʻp ish qilish kerak.
Bu fikrlarga qoʻshilgan holda aytish lozimki, muzeylarimizda xalqimiz aqlu zakovati, salohiyati, mahoratidan darak beruvchi juda koʻp osori atiqalar jamlangan. Masalan, birgina Ark oʻlkashunoslik muzeyida 2450 tadan ziyod eksponat namoyishga qoʻyilgan. Buxoro viloyatida ”Sitorai Mohi Xossa” xalq amaliy bezak sanʼati, “Qadimiy Poykent shaharchasi tarixi”, Fayzulla Xoʻjayev, Mutal Burhonov uy – muzeylari, Abu Ali ibn Sino memorial muzeyi kabi yigirma chogʻli moziyxona va koʻrgazmalar faoliyat yuritayotgani inobatga olinsa, chindan ham juda katta maʼnaviy merosga egaligimiz koʻzga yaqqol tashlanadi.
Buxorodagi birinchi muzey tashabbuskori, jadid ajdodimiz Yoʻldosh qori Poʻlatov shu munosabat bilan 1922-yilda oʻtkazilgan marosimda “Biz bu yoʻlda gʻoyat oz ishlab, kichik bir narsani maydonga keltirdik. Xalqimizning boy oʻtmishi, ota – bobolardan qolgʻon madaniy meros oʻnlab muzeyga sigʻmaydi”, degan ekan.
Ne baxtki, bu merosni oʻrganish, uning qadru qimmatiga yetish bizning avlod zimmasiga tushdi. Binobarin, muzeylarga tushish, farzandu nevaralarimizni oʻlmas qadriyatlarimizdan bahramand etishni burchimiz deb bilaylik. Zero, Abdulla Qodiriy taʼkidlaganidek, “Moziyga qaytib ish koʻrmoq xayrlikdir ”.
Istam IBROHIMOV, “Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Sogʻliqni saqlash vazirligi “Elektron retsept” tizimi boʻyicha rasmiy bayonot berdi
- Oʻzbekistonda naqd pulga uy-joy va mashina oldi-sotdisi bekor qilinadi
- Nilufardan Qobiljongacha... Qobuljon Rossiyada etnik nafrat tufayli vahshiylarcha oʻldirilgan birinchi bola emas
- Avstraliyada 16 yoshgacha boʻlgan oʻsmirlarga ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish taqiqlandi
- Uchinchi Renessansga eltuvchi maʼrifat koʻprigi: Oʻzbekiston—Pokiston hamkorligining yangi bosqichi
- Muhammad Saloh faoliyatini Saudiyada davom ettirishi mumkin
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring