Nega repetitor xizmatiga ehtiyoj sezilmoqda?

14:35 27 May 2025 Jamiyat
167 0

Achchiq, ammo ochiq gap

Istam IBROHIMOV/“Xalq soʻzi”. Mustaqil hayotga qadam qoʻyayotgan Jahongir Boltayevning ertasidan ota-onasining ham, u tahsil olgan Buxoro shahridagi 38 – umumtaʼlim maktabi jamoasining ham koʻngli toʻq. Negaki, bu iqtidorli yurtdoshimiz bir emas, uchta xorijiy davlatning nufuzli oliy oʻquv yurtiga muddatidan avval grant asosida oʻqish imkoniyatini qoʻlga kiritdi. Xoʻsh, uning bu yutugʻida kimning ulushi koʻproq? Maktabdagi ustozlarinimi yoki repetitorning?

— Repetitorga borganman, albatta, — deydi u. — Oʻquv markaziga asosan xorijiy tillarni chuqurroq oʻrganish uchun qatnaganman. Oyiga 700 ming soʻm toʻlab oʻqiganman. Ammo maktabdagi ustozlarim bergan bilimni alohida qadrlayman. Qolaversa, shu bilim sababli repetitorga borganimda saboqlarni qiyinchiliklarsiz oʻzlashtirganman.

Sirasini aytganda, bitiruvchilarning oliy taʼlim muassasalariga kirishi borasida buxorolik oʻquvchilar qator yillardan buyon respublikada yetakchi oʻrinda. Buni Bilim va koʻnikmalarni baholash agentligi tahlillari ham koʻrsatib turibdi. Masalan, 2024-yilgi natijalarga koʻra, viloyat 89, 1 ball toʻplashga muvaffaq boʻlgan. Shu asnoda bu yutuqda maktab jamoasining ulushi koʻpmi yoki oʻquv markazlari yaʼni repetitorlarning hissasi, degan masala atrofida koʻplab bahs-munozaralar yuzaga chiqayotganni ham rost. Oʻquvchi maktabda olgan bilimi bilan nega oliy oʻquv yurtiga kirishda qiynalmoqda, degan savol jamoatchilikni ham bezovta qilyapti.

— Oʻgʻlim maktabda “aʼlo” baholarda oʻqigandi, — deydi gʻijduvonlik uy bekasi Manzura Ergasheva. — Ammo test sinovlarida oliy oʻquv yurtiga oʻqishga kirish uchun yetarli ball toʻplay olmadi. Shundan soʻng oʻquv markazlaridan biriga borib, yetti – sakkiz oy davomida tahsil oldi. Buning uchun ancha-muncha mablagʻ sarflashimizga toʻgʻri keldi, albatta. Lekin harakatlari zoye ketmadi. U hozir universitetda davlat granti asosida tahsil oʻqimoqda.

Shu kabi koʻplab hayotiy misollar bizni oʻqituvchilaru repetitorlar huzuriga chorladi.

— Davlatimiz rahbari Oʻzbekiston Respublikasi davlat Mustaqilligining 33-yilligiga bagʻishlangan bayram shodiyonasida soʻzlagan nutqida “Muammolarimizning yechimi, savollarimizning javobi faqat va faqat taʼlimda. Hamma eshiklarni ochadigan kalit ham – faqat va faqat taʼlim va tarbiyadir. Shu sababli maktab taʼlimini isloh qilish boʻyicha katta dastur qabul qildik”, deya taʼkidlagani bejiz emas, — deydi Buxoro shahridagi 2 – umumtaʼlim maktabi direktori Zamira Ahmedova. — Chindan ham barcha eshiklarni ochadigan kalit bu taʼlim va tarbiya sanaladi. Shu bilan birga, bu borada yechimini kutayotgan masalalar toʻplanib qolganidan ham koʻz yumib boʻlmaydi. Mana, bitiruvchilarning oliy oʻquv yurtlariga oʻqishga kirish masalasini olib koʻring. Ochigʻini ayta qolaylik, maktab darsliklari orqali beriladigan bilim bilan oliy oʻquv yurti talabasi boʻlmoq mushkul. Negaki, test savollariga javobni maktab darsliklaridan topolmaysiz. Shu sababli ota-onalar oʻz farzandini repetitorga berishga majbur boʻlyapti.

Taassufki, tanganing orqa tomoni ham bor. Repetitor xizmatidan foydalangan, davlat test sinovlaridan oʻtib talabalikka qabul qilingan aksariyat oʻgʻil-qizlarimiz mantiqiy fikrlash, matnni eʼtibor berib tinglash, degan tushunchalardan uzoqlashdi. Husnixatni-ku aytmay qoʻya qolaylik. Ularda test savollarining javobini yod olish ustuvor masalaga aylandi. Hatto tavakkal qilib test yechgan, natijada kerakli ball toʻplagan va oliy oʻquv yurti talabasiga aylanganlar bor.

Bir paytlar insho, diktantlarni qoyilmaqom qilib yozgan, oʻqigan kitobi mazmun-mohiyatini shirali tarzda tushuntira olgan ota-onalarning farzandu nevaralarini bugun test javoblarini yodlash bilan bandligini koʻrish afsuslanarli, albatta.

— Oliy oʻquv yurtiga kirish uchun repetitorga borishimga toʻgʻri kelgan, — deydi 2 – umumtaʼlim maktabi ona tili va adabiyot fani oʻqituvchisi Gulchehra Rahmatova. — Chunki maktab dasturi bilan institut yoki universitetga oʻqishga kirishning amalda imkoni yoʻq. Qolaversa, maktab oʻqituvchisi bilan repetitor faoliyati oʻrtasida ancha tafovut bor. Oʻqituvchi bir sinfda 30 – 35, hatto 40 nafar oʻquvchi bilan mashgʻulot oʻtkazadi. Ularning tarbiyasi bilan ham shugʻullanadi. Kasb faoliyatiga daxldor boʻlgan yoki boʻlmagan yumushlari ham oz emas. Repetitor oʻn, nari borsa oʻn besh nafar oʻgʻil-qizga saboq beradi. U bor eʼtiborini bolaga taʼlim berishga qaratadi. Yana bir jihati borki¸ uning huzuriga oliy oʻquv yurtiga kirib oʻqish niyatidagi yoshlargina borishadi.

Maktab oʻqituvchilari bilan suhbat jarayonida yana bir muammo alohida tilga olindi. Ayrim darsliklar bolaning imkoniyatidan kelib chiqqan holda yozilmagan. Oddiylikdan murakkablik sari emas, aksincha, murakkablikdan oddiylik sari tamoyili asosida yaratilgan darsliklar uchramoqda. Deylik, 5 – sinf matematika fani darsligi murakkab va sayoz. Ayrim darsliklar maktab hayotini chuqur bilmagan mualliflar tomonidan yozilgani sezilib turadi.

— 3-sinf darsligida misol yoʻq, koʻpaytirish, boʻlinish haqda gap yoʻq, — deydi pedagog Dilfuza Muhammedova. — Masala sharti murakkab. U hatto oʻqituvchini ham oʻylantirib qoʻyadi.

Bu haqda qisqacha boʻlsa-da toʻxtalishimiz bejiz emas. Darsliklarimiz pishiq-puxta, tushunarli, oʻquvchi yoshiga mos tarzda, muhimi, oliy oʻquv yurtiga kirish imkonini beruvchi testlarga muvofiq yozilmas ekan, oʻgʻil-qizlarning bilimi haminqadar boʻladi. Repetitorga kelsak...

— Biz 2020-yildan buyon faoliyat yuritib kelyapmiz, — deydi Buxoro shahridagi “Qorakoʻl taʻlim” oʻquv markazi rahbari Ogʻabek Narziyev. — 4 – 11 – sinf oʻquvchilariga matematika hamda ingliz tili fanlari yoʻnalishida saboq beryapmiz. Natijalarimiz yaxshi. 35 nafar shogirdimiz xorij hamda respublikamizning nufuzli oliy oʻquv yurtlariga muddatidan oldin oʻqishga kirish baxtiga muyassar boʻldi. Maktab darsligi asosida berilgan bilim bilan oliy oʻquv yurtiga kirish qiyin, degan fikrga qoʻshilaman. Fikrimcha, maktab taʼlimi sohasida hali qilinajak ishlar koʻp. Bilim hayotdan uzilib qolmasligi kerak. Masalan, Buyuk Britaniyada darslar hayot bilan chambarchas bogʻliq tarzda oʻtiladi. Qolaversa, xorijda oliy oʻquv yurtiga oʻqishga kirish oson, ammo oʻqib ketish qiyin. Bizda buning teskarisini koʻrasiz. Nazarimda, bu biz oʻrganishimiz kerak boʻlgan muhim jihatdir.

— Prezident maktabi oʻquvchilari orasida ham bizda tahsil olgan oʻgʻil-qizlarni koʻrish mumkin, — deya suhbatga qoʻshiladi mazkur oʻquv markazi tashkilotchilaridan yana biri Shohjahon Yoʻldoshev. — Biz bolalarni bilimi, tushunchasi, salohiyatidan kelib chiqqan holda uch pogʻonaga ajratganmiz. Shundan kelib chiqqan holda ular bilan ishlaymiz. Boshqacha aytganda, “kasali”ga qarab davolaymiz.

Nazarimizda, pedagog bilan repetitorning qarashlari ayni shu nuqtada tutashadi.

— Xuddi tibbiyotda boʻlgani kabi taʼlimda ham tashxis qoʻyish juda muhim, — deydi jumladan Zamira Ahmedova. — Agar tashxis toʻgʻri qoʻyilsa bemor tuzaladi. Salomatligi tiklanadi. Binobarin, biz taʼlimda ham tashxis qoʻyishda adashmasligimiz kerak. Bugun maktabni arang bitirib, ota-onasining mablagʻi evaziga repetitor qoʻlida oʻqigan, keyin esa qaysidir bir xususiy oliy oʻquv yurti talabasiga aylangan yoshlarni ham koʻrib turibmiz.

Tajribali pedagogning aytganicha bor. Ertaga shunday yoshlardan qanaqangi kadr yetishib chiqadi? Deylik, bilimi sayyoz, ammo shartnoma asosida institutda oʻqib, shifokorlik diplomini qoʻlga kiritgan bunday kadr salomatlik himoyachisi emas, balki odamlar hayoti kushandasiga aylanib qolmaydimi?

Binobarin, gap davlat va jamiyat uchun suv va havodek zarur malakali kadrlar tayyorlash haqida borar ekan, taʼlimdagi koʻplab masalalar qatorida “Farzandlarimiz nega repetitor xizmatiga ehtiyoj sezishmoqda?” degan savolga ham joʻyali javob berish mavridi allaqachon keldi!

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?