Nega qadimiy yodgorliklar uchun “Tez yordam” xizmati yoʻq?

18:14 10 Dekabr 2020 Madaniyat
4408 0

Qadimiy shaharlarimiz, jumladan Buxoroda texnogen jarayonlarda zarar koʻrgan, tashqi taʼsirlar oqibatida yemirilish holatlari kuzatilayotgan madaniy meros obyektlari soni anchagina. Moddiy madaniy merosning koʻchmas mulk obyektlari milliy roʻyxatiga viloyatdan jami 829 ta tarixiy yodgorlik kiritilgani ham koʻp narsani anglatadi.Bu yodgorliklarni asrab – avaylash, ularni kelgusi avlodlarga yetkazish tobora dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Bu boradagi fikr – mulohazalarimizni asrlar va nasllarning bebaho mulki sanalgan Ismoil Somoniy maqbarasi misolida bayon qilmoqchimiz.

“Buxoroning devori menman”

Tarixdan yaxshi maʼlum: Somoniylar (819 – 1005-yillar) davrida ilm-u fan, adabiyot gullab–yashnadi. Davlatchilik taraqqiy etdi. Xususan, shu sulola vakili, Fargʻonada tugʻilgan va 874-yilda Buxoroga kelgan Ismoil Somoniy hukmronlik qilgan pallada olamshumul ishlar amalga oshirildi.

Manbalar, jumladan, Muhammad Narshaxiyning “Buxoro tarixi” asarida bu amirga daxldor koʻpgina maʼlumotlarni uchratish mumkin. Uning elparvarligi, dovyurakligi, joʻmardligini koʻrsatuvchi bir dalil bilan kifoyalanmoqchimiz.

Bilasiz, Buxoro atrofi shaharni yovlardan himoya qilish maqsadida devor bilan oʻrab olingan. Shu devorni tez–tez taʼmirlash ehtiyoji tugʻilar, bu juda katta kuchni talab qilardi. Odamlar “Devorni taʼmirlamoq lozim”, deya murojaat etishganida Ismoil Somoniy “Buxoroning qalʼa devori men boʻlaman. To tirik ekanman, Buxoroga hech qanday yov kira olmaydi”, degan ekan.

Chindan ham u hukmronlik qilgan yillarda biror bir dushman Buxoroga yurish qilmoqqa jurʼat etmagan.

– Xalq orasida Ismoil Somoniyga taalluqli turli rivoyatlar, hikmatli soʻzlar uchraydi, – deydi mehnat faxriysi, kitob targʻiboti jonkuyarlaridan biri Rahmat Gʻaniyev. – Ota-bobolarimiz orqali ogʻizdan ogʻizga yetib kelgan «Mulk az ilmu hunar, Be haf az merosi padar», yaʼni «Ilm-u hunardan topgan mulking otangning merosidan afzalrogʻdur», degan hikmatni Amir Ismoil aytgan ekan. Bu bilan u ilm-u hunar bitmas–tuganmas xazina ekanligini taʼkidlagan. Ushbu soʻzlarni uning boʻlgʻusi avlodlarga daʼvati deb qabul qilsak toʻgʻri boʻladi.

Ismoil Somoniy maqbarani kim uchun qurgan edi?

Ismoil Somoniy otasi uchun hech qayerda muqobili boʻlmagan mahobatli maqbara qurdiradi. Pishiq gʻishtdan barpo etilgan bu maqbarani kitobga, kitob javoniga oʻxshatganlar ham yoʻq emas. Taqdirning yozigʻini qarangki, bevaqt qazo qilgan nevarasining jasadi ham shu maqbaraga qoʻyiladi.

Peshanasida nima yozilganini bandasi bilmaydi. Ismoil Somoniyning oʻzini ham vafotidan soʻng shu maqbaraga dafn etishadi.

Yana Narshaxiyga murojaat qilamiz: ”Amir Ismoil bemor boʻlib bir necha vaqt yotdi... Oxiri ikki yuz toʻqson beshinchi yil safar oyining oʻn beshinchisida (907-yil 25-noyabr) Ismoil Somoniy vafot etdi. U yigirma yil Xuroson amiri boʻldi. Xudoyi taolo uni rahmat etsin, negaki uning davrida Buxoro poytaxt boʻldi...”

Dahma nega maqbara toʻrida emas?

Afsuski, manbalarda Ismoil Somoniyning janozasi bilan bogʻliq maʼlumotlar uchramaydi. Mahobatli maqbara esa bizning kunlarimizga qadar yetib keldi. Bu goʻzal inshootning qurilganiga ming yildan oshganini, boshi ne–ne talotoʻplardan sogʻ–omon qolganini nazarda tutib, har qancha shukrona qilsak arziydi. Chunki nuqul gʻishtdan bino etilgan bu oʻziga xos sanʼat asari ota–bobolarimizning bilimi, salohiyati, oʻtkir aql-zakovatidan darak berib turibdi.

– Bu goʻshani ziyorat qilgani minglab kishilar kelishayotgani, maqbara xorijiy sayyohlarning hayrat-u tahsiniga sazovor boʻlayotgani guvohiman, – deydi Rahmat Gʻaniyev. – Sayyohlarning ayrimlari «Dahma nega maqbara toʻrida emas, shundoq kirish joyda turibdi», deya taajjublanishadi. Gidlarning baʼzilari shu savol berilganida umumiy gapdan nariga oʻtishmaydi.

Chindan ham dahma nega xilxona toʻrida emas? Biz shu savol bilan Buxoro davlat universiteti professori, tarix fanlari doktori Halim Toʻrayevga murojaat qildik.

– Avvalo aytish kerakki, hududda tantanavor gumbazli maqbaralar barpo etish uslubi Ismoil Somoniydan boshlangan, – deydi olim. – U vafot etganidan keyin ham odamlar oʻz arz-u hollarini bayon etmoq uchun shu maqbaraga kelishgan, ularga qulay boʻlishi uchun dahma maqbaraning kirish qismiga qoʻyilgan, degan fikrlar yoʻq emas. Qolaversa, otasi ham shu maqbarada dafn etilganini eʼtibordan chetda qoldira olmaymiz. Otaga hurmat nuqtayi nazaridan ham uning qabri maqbara toʻriga qoʻyilmagani ehtimoldan xoli emas...

Maqbara taʼmirga muhtoj (mi?)

Yaqinda ayrim nashrlarda ushbu maqbaraning qarovsiz yotgani taʼkidlanib, hatto uni “qulab tushay deb turibdi” deya yozishdi.

Viloyat madaniy meros boshqarmasi boshligʻi Sherzod Mahmudovning maʼlum qilishicha, bu jumla nooʻrin ishlatilgan. Oʻrganish jarayonida maqbara gʻarbiy qismi devoning pastki 8 kvadrat metr qismida shoʻrlanish holati kuzatilgan. Maqbarani 2021-yilda restavratsiya qilish koʻzda tutilmoqda.

Sherzod Mahmudovning fikriga qoʻshilgan holda viloyatda keyingi bir–ikki yil davomida koʻplab tarixiy obidalar taʼmirlanganini taʼkidlagan boʻlur edik. Lekin bu ushbu yoʻnalishdagi ishlar risoladagidek degani emas. Yana Ismoil Somoniy maqbarasiga qaytamiz.

– Yaqinda gumbaz qismidagi bir gʻisht koʻchib maqbara tom qismiga tushib ketdi, – deydi Rahmatjon aka. – Sinchiklab qaragan kishi buni darhol payqaydi. Afsuski, madaniy meros boshqarmasining tezkor brigadasi yoʻq. Bilasiz, bemorlarga “Tez yordam” zudlik bilan birlamchi yordam koʻrsatadi. Bebaho madaniy yodgorliklarimizda yuzaga keladigan shunaqangi holatlarni zudlik bilan bartaraf etish uchun ham “Tez yordam” xizmati kerak. Aks holda...

Bu fikrda jon bor. Biz Rahmat aka bilan maqbara oldida suhbatlashgandan soʻng uch–toʻrt kun oʻtib yana shu obidani koʻrgani bordik va koʻchib tushgan gʻisht oʻrni haligacha dogʻ kabi turganini koʻrdik.

Xulosa yasash oʻzingizga havola.

Istam IBROHIMOV,

“Xalq soʻzi”

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер