Hindiston hujumni amalga oshirgan terrorchilar haqidagi maʼlumot uchun mukofot eʼlon qildi

14:48 24 Aprel 2025 Dunyo
308 0

Foto: Global Look Press

Hindistonning Anantnag shahri politsiyasi kecha Hindiston shimolidagi Jammu va Kashmir mintaqasida sodir etilgan terakt ijrochilarini topish va yoʻq qilishga yordam beradigan maʼlumot uchun mukofot eʼlon qildi.

“Ushbu hujumga aloqador terrorchilarni zararsizlantirishga yordam beradigan har qanday maʼlumot politsiya tomonidan 2 million rupiy (23 400 dollar) bilan mukofotlanadi”, — deyiladi politsiya bayonotida.

Shu yilning 22-aprel kuni “News18” telekanali Hindistonning Jammu va Kashmir mintaqasida sodir etilgan terakt oqibatida kamida 27 sayyoh halok boʻlgani, otishmada yana yigirmaga yaqin kishi yaralangani haqida xabar berdi. Jurnalistlarga koʻra, terakt Pahalgam shahri yaqinida sodir boʻlgan. Qurollangan shaxslar Baysaron vodiysida soʻqmoqqa chiqayotgan sayyohlarga avtomatlardan oʻt ochgan.

Hujum uchun masʼuliyatni “Lashkar-e-Tayba” bilan bogʻliq boʻlgan “Qarshilik fronti” guruhi oʻz zimmasiga olgan.

“Hindustan Times” gazetasining yozishicha, Hindiston razvedka idoralari ushbu hujumda Pokiston razvedkasi ishtiroki haqida dalillar topgan. Bundan tashqari, Hindiston Pokiston elchixonasidan harbiy maslahatchilarni chiqarib yubormoqda, bu haqdagi nota Pokistonning Nyu-Dehlidagi bosh diplomati Saad Ahmad Varraychaga topshirilgan.

Hindiston tashqi ishlar vazirining birinchi oʻrinbosari Vikram Misri kecha Nyu-Dehlidagi Pokiston Oliy komissiyasining mudofaa, dengiz va havo kuchlari maslahatchilari bir hafta ichida Hindistonni tark etishi kerakligini eʼlon qildi. Nyu-Dehli, shuningdek, Islomoboddagi Oliy komissiya tarkibidan mudofaa, dengiz va havo kuchlari boʻyicha maslahatchilarini chaqirib oladi va ularning lavozimlarini tugatadi.

Shuningdek, Hindiston Pokiston hukumatining “X” ijtimoiy media akkauntini bloklagan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?