Nazariya va amaliyot uygʻunligi

18:23 07 Fevral 2024 Jamiyat
468 0

Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Akademiyasida taʼlim jarayonlari va kursantlarga yaratilgan shart-sharoitlar havas qilsa arzigulik. Bunda, tabiiyki, davlatimiz rahbarining ichki ishlar organlari uchun professional kadrlar tayyorlashning yangi tizimini joriy etishga doir qarori dasturilamal boʻlib xizmat qilmoqda, desak, ayni haqiqat.

Akademiyaga uyushtirilgan press-tur davomida OAV vakillariga mazkur oʻquv muassasasida yaratilgan qulayliklar, uning faoliyati, dars jarayonlari, kelgusidagi rejalari haqida batafsil maʼlumot berildi.

— Hozirda Akademiyada kunduzgi taʼlim bakalavriat yoʻnalishida toʻqqizta ixtisoslashtirilgan, shu bilan birga, magistratura hamda taʼlimning sirtqi yoʻnalishlari boʻyicha mutaxassislar tayyorlab kelinmoqda, — deydi IIV Akademiyasi boshligʻi, polkovnik Rustam Hotamov. — Taʼlim jarayoni kadrlarni maqsadli kasbiy tayyorlashga qaratilib, birinchi bosqichda mutaxassislik hamda yuridik fanlarni oʻqitish, jangovar va jismoniy jihatdan tayyorlash chuqurlashtirilgan holda oʻtiladi. Nazariya va amaliyot uygʻunligini taʼminlash maqsadida modulli oʻqitish tizimi joriy qilingan boʻlib, taʼlimning 60 foizi nazariya, 40 foizi amaliy mashgʻulotlar bilan olib boriladi.

Taʼkidlash joizki, kursantlar amaliyoti uchun Kriminalistik-eskpertiza kafedrasi qoshida oltita eng soʻnggi texnologiyalar bilan jihozlangan oʻquv-amaliyot laboratoriya xonalari tashkil etilgan. Oʻquv tezkor-tergov boʻlimi tashkil etilgani esa kursantlarning toʻgʻridan-toʻgʻri poytaxt hududida sodir boʻlgan huquqbuzarliklarning tergovga qadar tekshiruv jarayonlarida bevosita ishtirok etib, amaliy koʻnikmalarini mustahkamlash imkonini bermoqda.

Kursantlar darsdan keyingi boʻsh vaqtlarini qanday oʻtkazadi, degan savolimizga ham press-tur davomida javob oldik. Xususan, bu borada 280 mingdan ortiq ilmiy, badiiy, xorijiy nashrlar fondi mavjud boʻlgan axborot-resurs markazi, 3 ta sport zali hamda yopiq suv havzasi, zamonaviy inventarlar bilan jihozlangan trenajyor zallari kursantlar ixtiyorida. Eʼtiborlisi, kursant qizlarni oilaga tayyorlashda ham kasb-hunarga yoʻnaltiruvchi turli oʻquv kurslari tashkil qilingan.

Bu hali hammasi emas. Akademiya tinglovchilarining rahbarlik koʻnikmalarini oshirish va xorijiy tajribani oʻrganish maqsadida bugungi kunga qadar Rossiya, Turkiya, Xitoy, Belarus, Qozogʻiston kabi davlatlarning oʻttizga yaqin turdosh oliy taʼlim muassasalari bilan hamkorlik oʻrnatilgan. Bundan tashqari, toʻqqizta xalqaro tashkilot bilan ham oʻzaro aloqalar yoʻlga qoʻyilgan.

Ayni chogʻda, yoshlar bilan maqsadli ishlash ham oʻz samarasini bermoqda. Jumladan, Akademiya kursantlari soʻnggi uch yilda Oʻzbekiston, Osiyo, jahon miqyosidagi nufuzli tanlov va musobaqalarda qatnashib 56 ta oltin, 30 ta kumush, 40 ta bronza medallariga sazovor boʻlishgani fikrimiz tasdigʻidir. Kursantlarning zamonaviy bilimlarni puxta egallashga ishtiyoqini oshirish va qoʻllab-quvvatlash maqsadida Oʻzbekiston ichki ishlar vaziri stipendiyasi, Jaloliddin Manguberdi hamda Choʻlpon stipendiyalari, shuningdek, “Iqtidorli kursant”, “Akademiya aʼlochisi” koʻkrak nishonlari taʼsis etilgan.

Umuman olganda, press-tur davomida shunga amin boʻldikki, bugun IIV Akademiyasi mamlakatimiz huquqni muhofaza qiluvchi organlari uchun zamonaviy fikrlaydigan, intellektual salohiyatli hamda malakali kadrlar tayyorlashda oʻziga xos yangicha yondashuvlar asosida faoliyat olib bormoqda.

Manzura MATRASULOVA,

OʻzDJTU Xalqaro jurnalistika fakultetining 2-bosqich talabasi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер