Navroʻzi olam falsafasi va qadriyatlari bugungi ulugʻvor oʻzgarishlarda oʻz ifodasini topmoqda

“Yangi Oʻzbekiston gʻoyasi — bu 36 millionli katta xalqimizning azmu qarori, uning hayot mazmunidir. Bu oliyjanob maqsad Navroʻzi olam falsafasi va qadriyatlari bilan gʻoyat uygʻun va hamohangdir...”
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Navroʻz umumxalq bayramiga bagʻishlangan tantanali marosimdagi tabrik nutqidan olingan ushbu jumla ona tabiatda va mamlakatimizda, xalqimizning ongu tafakkurida, qalbida kechayotgan yangilanishlarni yaqqol ifodalaydi.
Bayram kayfiyati va bunyodkorlik shukuhi
Haqiqatan ham, mulki borliqda roʻy berayotgan uygʻonish yurtimizdagi oʻzgarishlarga uygʻun kechmoqda. Keyingi yillarda barcha sohalar rivojlantirildi, hududlar qiyofasi yangilandi.
Bunday ishlarni davom ettirish maqsadida joriy yilda “Insonga eʼtibor va sifatli taʼlim yili” davlat dasturi qabul qilindi. Yutuqlar tasdigʻini har bir oila, har bir mahalla, qishloq va ovullar, shaharlarimiz misolida yaqqol koʻrish mumkin. Yurtimizda yuzlab zamonaviy korxonalar, yoʻl va kommunikatsiya tarmoqlari, uy-joylar, yangi bogʻcha va maktablar, oliygohlar hamda madaniyat maskanlari, tibbiyot va sport inshootlari barpo etilmoqda.
Barcha hududda “Yangi Oʻzbekiston” bogʻlari, “Yangi Oʻzbekiston” massivlari bunyod qilinmoqda. “Obod mahalla” va “Obod qishloq” dasturlari qatorida butun mamlakatimiz boʻylab “Yashil makon” umummilliy loyihasi amalga oshirilayotganiga guvoh boʻlib turibmiz. Shu kunlarda odamlar hasharlar qilib, koʻchat va gullar ekib, yangi bogʻlar, sayilgohlar yaratayotganini aytmasa ham boʻladi. Ayni paytda butun mamlakatimizda bayram kayfiyati va bunyodkorlik ruhi hukmron.
Navroʻzi olam bizni tabiat farzandi boʻlib, Vatan tuprogʻini, ona zamindagi har bir giyohni koʻzimizga toʻtiyo qilib yashashga oʻrgatadi. Navroʻz hammamizga insoniylik, mehr-oqibat va bagʻrikenglik fanidan saboq beradi. Shu fayzli lahzalarda tinchlik va osoyishtalik naqadar bebaho neʼmat ekanini, uning qadr-qimmati va ahamiyatini yanada chuqur anglayapmiz desak, yanglishmaymiz. Zero, bularning bari tinchlik sharofatidan. Xotirjamliksiz islohotlar, oʻzgarishlar, yangilanishlar yuksak surʼatlarda amalga oshmaydi. Iqtisodiy sohani olasizmi, tashqi siyosatni yoxud taʼlimu madaniyat tarmoqlarinimi — barcha-barcha jadal oʻzgarishlar eng befarq odamning ham kamida hayratiga sabab boʻlishi ayni haqiqatdir.
Mashaqqatli va jasoratli mehnat mevasi
Oʻtayotgan har bir yil, oy, kun va daqiqamiz butun dunyo, jumladan, Oʻzbekiston uchun ham gʻoyat murakkab va sinovli boʻlayotir. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 2022-yil 20-dekabr kuni Oliy Majlis va Oʻzbekiston xalqiga yoʻllagan Murojaatnomasida qayd etganidek, “Ushbu davrda toʻplagan tajribamiz bir haqiqatni yaqqol isbotlab bermoqda: taraqqiyotga — faqat mashaqqatli va jasoratli mehnat orqali erishiladi”.
Prezidentimizning aynan shunday qatʼiy va oqilona siyosati tufayli, pandemiya va global inqirozning salbiy taʼsirlariga qaramasdan yangi Oʻzbekistonda inson qadrini har tomonlama taʼminlash boʻyicha islohotlar izchil davom etmoqda. Qonun ustuvorligi, norma ijodkorligi sifati, hukumat faoliyati samaradorligi, soʻz va axborot erkinligi, jinoyatchilik va korrupsiyaga qarshi kurash, biznesni olib borish shart-sharoitlari kabi reyting va indekslarda Oʻzbekistonning oʻrnini yaxshilash boʻyicha muayyan yutuqlar qoʻlga kiritilyapti. Umuman olganda, 2022-yilda jami 24 ta reytingning 15 tasida Oʻzbekistonning oʻrni yaxshilandi.
Afsuski, ziddiyatlarga toʻla dunyoda bu boradagi ahvol u qadar “goʻzal” emas. Gap shundaki, pandemiya oqibatlarini toʻla bartaraf etishga ulgurmasdan jahon mintaqalarida roʻy berayotgan mojarolar yangi global inqirozning boshlanishiga olib keldi. Sayyoramizning turli hududlarida oziq-ovqat mahsulotlari, energiya va oʻgʻitlarga narx-navoning keskin oshib ketishidan, ayniqsa, rivojlanayotgan mamlakatlar katta zarar koʻrmoqda. BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish taʼkidlaganidek, mojarolar alangasi “tengsizlik, nochorlik va moliyalashtirishdagi yetishmovchiliklar bilan yanada avj olyapti”. Bundan ham achinarlisi, inqiroz oqibatida oʻtgan yili 1,2 mlrd. aholi yashaydigan 74 ta rivojlanayotgan mamlakatdagi insonlarning turmush sharoiti keskin yomonlashdi.
Shunday murakkab va sinovli davrda Oʻzbekiston uchun muhim boʻlgan qator tadbirlar amalga oshirilgani va oʻz samaralarini bergani diqqatga loyiqdir. Birinchidan, aholi murojaatlari bilan ishlash jarayoniga yangi mexanizmlar tatbiq etildi. Ikkinchidan, qonun ustuvorligini taʼminlash, fuqarolarimizni qiynab kelgan muammolarni hal etish, qiynoqlarning oldini olish, ochiqlik va shaffoflikni taʼminlash, soʻz erkinligini mustahkamlash kabi yoʻnalishlarda ijobiy natijalarga erishildi. Xullas, barcha sohada amalga oshirilayotgan islohotlar oʻz samaralarini bermoqda deya baralla aytolamiz.
Deylik, yoshlar oʻrtasida sportni rivojlantirish va har tomonlama qoʻllab-quvvatlash sohasida amalga oshirilayotgan ishlar oʻz mevalarini uzoq kuttirgani yoʻq. Yangilanish va yosharish bayrami — Navroʻz arafasida yoshlarimiz qoʻlga kiritgan zafarlar barchamizni mamnun etdi. Yosh sportchilarimiz erishgan natijalar ayyomga munosib sovgʻa boʻldi. Jumladan, futbol boʻyicha Oʻzbekiston yoshlar terma jamoasi qizgʻin bellashuvlarda mustahkam iroda hamda mahorat namunasini koʻrsatib, Osiyo chempioni degan yuksak sharafli nomga erishdi. Bu bilan ular Indoneziyada boʻlib oʻtadigan jahon chempionatida qatnashish huquqini ham qoʻlga kiritishdi. Oʻzbekiston va Iroq yoshlar terma jamoalarining tarixiy oʻyinini Prezident Shavkat Mirziyoyev shaxsan stadionga tashrif buyurib kuzatdi. Davlatimiz rahbari terma jamoamizni taqdirlash marosimida ham ishtirok etdi va bosh sovrin — Osiyo kubogini yosh qahramonlarimizga shaxsan oʻzi topshirdi. Yosh futbolchilarimiz bilan birga xokkeychilar va shaxmatchilarimiz qoʻlga kiritgan yutuqlarni ham alohida eʼtirof etish kerak. Xokkeychilarimiz Osiyo chempionligini qoʻlga kiritib, yangi Oʻzbekistonga, millionlab tengdoshlariga oʻrnak va namuna boʻladigan jasorat koʻrsatishdi.
Shu maʼnoda, bu yilgi Navroʻz yurtimizga quvonchli voqealar, qoʻshaloq bayramlar bilan kirib keldi desak, mubolagʻa emas. Ayni kunlarda yana bir fazilatli oy — muqaddas Ramazoni sharif tashrif buyurdi. Qolaversa, 22-mart kuni Mahalla tizimi xodimlari kuni ham keng nishonlandi. Prezidentimiz vatandoshlarimizni, mahalla tizimi faollarini qoʻshaloq bayramlar bilan qutladi, Farmonga binoan bir guruh faollar Vatanimizning yuksak mukofotlari bilan taqdirlandi.
Muvozanatli va oʻzaro manfaatli aloqalar
Xalqimizning jipsligi, birdamligi va oʻzaro hamjihatligi tufayli yangi Oʻzbekistonimiz yildan-yilga rivojlanib, xalqaro hamjamiyat tomonidan ham yuksak eʼtirof etilayotir. Oʻzbekistonning iqtisodiy ochiqligi hamda investitsiyalar va biznes uchun jozibadorligi, barcha muammoli masalalarni yakdillik, oʻzaro hurmat va hamjihatlik asosida hal etishga intilish, dunyoning yetakchi davlatlari va boshqa mamlakatlari bilan muvozanatli va oʻzaro manfaatli aloqalar yuritish, siyosiy ishonch va xalqaro huquqqa rioya etilishi asosidagi oʻzaro hamkorlikka intilish — xorijiy sheriklar Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev olib borayotgan tashqi siyosiy kursni aynan ana shunday tavsiflamoqda.
Navroʻz ayyomi munosabati bilan Prezidentimiz nomiga kelayotgan qutlovlarda ham ana shunday islohotlarimizga, davlatimiz rahbariga boʻlgan yuksak ishonch koʻrinib turibdi.
“Men Xitoy — Oʻzbekiston munosabatlarini rivojlantirishga katta eʼtibor qarataman. Sizning joriy yil may oyiga rejalashtirilgan ilk “Xitoy — Markaziy Osiyo” sammitida ishtirok etishingizni va Xitoyga davlat tashrifingizni kutib qolaman, — deyiladi XXR Raisi Si Szinpinning Prezident Shavkat Mirziyoyevga yoʻllagan tabrigida. — Siz bilan birgalikda Xitoy — Markaziy Osiyo munosabatlari istiqbollari hamda mamlakatlarimizning ikki tomonlama hamkorligiga oid katta rejalarini muhokama etishimiz Oʻzbekiston — Xitoy hamkorligini yanada yuqori darajaga koʻtarishiga ishonchim komil”.
AQSH Prezidenti Jozef Baydenning tabrigi ham dunyoning Oʻzbekistonga talpinayotgani, yurtimizdagi oʻzgarishlarga ishonchi va ixlosi baland ekanligini koʻrsatib turibdi:
“Oʻtgan yil davomida Oʻzbekiston va Amerika Qoʻshma Shtatlari umumiy muammolarni hal qilish, xalqlarimiz xavfsizligi va farovonligini taʼminlash maqsadida birlashdi.
Ushbu uygʻonish va yangilanish mavsumida Qoʻshma Shtatlar Oʻzbekiston xalqiga sodiqligini yana bir bor tasdiqlaydi. Shu kunlarda yangi marralarni belgilab, mustahkam tinchlik va oʻzaro anglashuv ruhidagi umumiy kelajak sari saʼy-harakatlarimizni davom ettirar ekanmiz, men mamlakatlarimiz oʻrtasidagi strategik sheriklik va xalqlarimiz doʻstligi yanada mustahkamlanishiga ishonaman”.
— Men Oʻzbekistondagi islohotlarni uzoq yillardan beri kuzatib kelaman. Oʻsha paytdagi Oʻzbekiston bilan hozirgi Oʻzbekistonning osmon bilan yercha farqi bor, — deydi Polsha Respublikasining Oʻzbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Radoslav Gruk. — Oʻzbekistondagi siyosiy va iqtisodiy islohotlar shiddati meni hayratga soldi. Avvalo, Oʻzbekistonning yutugʻini eʼtirof etish zarurki, besh-olti yil ichida mamlakat majburiy mehnatdan butunlay voz kechdi. Diniy erkinlik hamda boshqa huquq va erkinliklar masalalari boʻyicha ham jiddiy ish olib borilmoqda. Biz rivojlanishni koʻryapmiz, biroq oldinda yana ulkan islohotlar amalga oshirilishiga ishonchim komil.
Ochiq va konstruktiv tashqi siyosat
Koreya Respublikasi elchisi Kim Xi Sang fikricha, Oʻzbekistonda boshlangan tub islohotlar mamlakatning yangi, zamonaviy rivojlanish va modernizatsiya yoʻliga oʻtishida, davlatning ichki hamda tashqi siyosati samaradorligini oshirishda beqiyos ahamiyatga ega boʻldi.
— Prezident Shavkat Mirziyoyevning ochiq va konstruktiv tashqi siyosati tufayli mamlakatning xalqaro munosabatlarda tutgan oʻrni va ahamiyati sezilarli darajada mustahkamlandi, — deydi elchi Kim Xi Sang. — Asosiy natijalardan biri, bu — Oʻzbekiston imijining tubdan oʻzgargani. Ayniqsa, yangilanayotgan Oʻzbekiston Konstitutsiyasi, birinchi navbatda, oʻzbek xalqining qadrini, huquq va erkinliklarini taʼminlaydi, boshqa tomondan, uning xalqaro maydondagi obroʻ-eʼtiborini yuksaklikka koʻtaradi. Zero, Asosiy Qonunda ommaviy axborot vositalari faoliyatining erkinligi, ularning axborot izlash, olish, undan foydalanish va uni tarqatishga boʻlgan huquqlari kafolatlanmoqda. Konstitutsiyaga fuqarolik jamiyati institutlari faoliyati, jamiyatda ochiqlik, oshkoralik va qonuniylik muhitini, davlat va jamiyat oʻrtasidagi muloqotni mustahkamlash, kuchli jamoatchilik nazoratini oʻrnatish kafolatlariga bagʻishlangan alohida bob kiritilgani ham eʼtiborga molik.
“Kaspiy siyosati markazi”ning direktori Efgan Nifti fikricha, Prezident Shavkat Mirziyoyevning mintaqa va dunyo davlatlarining umumiy muammolarni hal qilishdagi saʼy-harakatlarini birlashtirishga qaratilgan hayotiy va dolzarb tashabbuslari Oʻzbekistonning xalqaro tashkilotlardagi faolligi keskin oʻsishiga hamda tutgan oʻrni mustahkamlanishiga olib keldi. Oʻzbekiston tashabbusi va taklifi bilan BMTning Orolboʻyi mintaqasi uchun inson xavfsizligi boʻyicha koʻp tomonlama sheriklik asosida trast fondi tashkil etildi, BMT Bosh Assambleyasining Markaziy Osiyo mintaqasida tinchlik, barqarorlik va izchil taraqqiyotni taʼminlash boʻyicha mintaqaviy va xalqaro hamkorlikni mustahkamlash toʻgʻrisida, Maʼrifat va diniy bagʻrikenglik, Barqaror turizm va barqaror rivojlanish, Orolboʻyi mintaqasini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududi deb eʼlon qilish boʻyicha qator muhim rezolyutsiyalari qabul qilindi.
2020-yilda mamlakatimiz birinchi marta MDHga raislik qildi va Hamdoʻstlik sammitini muvaffaqiyatli oʻtkazib, uning doirasida oʻnlab tashabbuslarni ilgari surdi. 2022-yilda Samarqand shahrida Shanxay hamkorlik tashkiloti va Turkiy davlatlar tashkiloti sammitlari yuqori darajada oʻtdi.
Mamlakatimizda bozor iqtisodiyoti tamoyillarini chuqurlashtirish, xususiy sektorni faol qoʻllab-quvvatlash, xorijiy sarmoya va texnologiyalarni keng jalb etishga alohida eʼtibor qaratilayotgani oʻzining dastlabki mevalarini berdi. Soʻnggi besh yilda iqtisodiyotdagi xorijiy investitsiyalar hajmi 10 baravar oshib, 40 milliard dollarga yaqinlashdi. Kelgusi oʻn yilda mamlakatimiz yalpi ichki mahsuloti hajmini ikki barobarga oshirish maqsad qilingan. Bunday ulugʻvor marralarga erishish uchun sarmoyalar hajmini kelgusi besh yilda 120 milliard dollarga yetkazish, jumladan, kamida 70 milliard dollar xorijiy investitsiyalar jalb etish koʻzda tutilgan.
Oʻzbekistonning Jahon savdo tashkilotiga aʼzo boʻlish boʻyicha muzokaralarning oldinga siljishi, Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqida kuzatuvchi davlat maqomi olishini alohida taʼkidlash lozim. Shu bilan bir qatorda, mamlakatimiz Yevropa Ittifoqi bilan Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik toʻgʻrisidagi bitim boʻyicha muzokaralar jarayonini yakunlamoqda va “GSP+” tizimida benefisiar davlat maqomini oldi. Umuman aytganda, yuqorida koʻrsatilgan omillarning barchasi Oʻzbekistonning har tomonlama hamkorlikka ochiq mamlakat sifatida yangi qiyofasi shakllanishiga xizmat qildi. “Yangi Oʻzbekiston” tushunchasi xalqaro maydonda mustahkam joy oldi.
“Markaziy Osiyo ruhi” shakllanmoqda
Shavkat Mirziyoyev prezidentligining dastlabki kunlaridanoq Markaziy Osiyodagi siyosiy vaziyatni tubdan yaxshilashga ustuvor eʼtibor bera boshladi. Qoʻshni davlatlar bilan oliy darajadagi ishonchli munosabatlar va ochiq muloqot oʻrnatilib, ikki tomonlama va umummintaqaviy masalalarni yaxshi qoʻshnichilik, oʻzaro ishonch, bir-birining manfaatlarini hisobga olish va oqilona murosalar asosida hal qilish uchun zarur kelishuvlarga erishildi. Oʻzbekistonning barcha Markaziy Osiyo davlatlari bilan aloqalari strategik sheriklik darajasiga koʻtarildi. Prezident Shavkat Mirziyoyev qayd etganidek, jahon siyosatshunosligida “Markaziy Osiyo ruhi” degan ibora paydo boʻldi. Mazkur ibora mintaqamizda yaratilgan hamkorlik va oʻzaro anglashuvga ijobiy siyosiy muhitni oʻzida yaqqol aks ettiradi.
— Oʻzbekiston rahbarining bevosita tashabbusi bilan mintaqamiz davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvlarini muntazam oʻtkazish mexanizmi yoʻlga qoʻyildi, — deydi Qirgʻizistonning Oʻzbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Musa Jamanbayev. — Bunday sammitlarning toʻrttasi Ostona, Toshkent, Avaza va Choʻlponotada boʻlib oʻtdi. Markaziy Osiyo iqtisodiy forumlari oʻtkazib kelinmoqda. Savdo-iqtisodiy aloqalar, sanoat kooperatsiyasi, madaniy-gumanitar hamkorlik jadal surʼatlar bilan rivojlanmoqda. Mintaqaviy hamkorlikning qolgan asosiy masalalari haqida fikr yuritganda chegara masalalarini hal qilishda davom etish, suv-energetika resurslaridan birgalikda va oqilona foydalanish, transport-kommunikatsiya tizimini rivojlantirish hamda takomillashtirish, mintaqaviy xavfsizlikni taʼminlash, shuningdek, qator ekologik masalalar boʻyicha ishlarni davom ettirishni koʻrsatish mumkin.
Ayniqsa, Oʻzbekiston bilan erishilgan kelishuvlar asosida chegara masalalari hal qilingani misli koʻrilmagan umumiy yutugʻimiz boʻldi. Iqtisodiyot, qishloq xoʻjaligi, energetika, transport, taʼlim va madaniy-gumanitar jabhalardagi aloqalar ham faollashib borayotir. Yil boshidan buyon mamlakatlarimiz oʻrtasidagi tovar ayirboshlash koʻrsatkichi 30 foizga oshib, 1 milliard dollarga yetgan. Mintaqaviy infratuzilma loyihalari, jumladan, Qambarota gidroelektr stansiyasi hamda Oʻzbekiston — Qirgʻiziston — Xitoy temir yoʻli qurilishi boshlangani ham doʻst xalqlarimizning umumiy manfaatlariga xizmat qiladi.
Taraqqiyotning yana bir mujdasi
Ekspert, Madrid universiteti professori Xesus Gil Oʻzbekistonni bagʻrikeng va tolerant odamlar yurti deb hisoblaydi.
— Navroʻz bayrami bagʻrikenglik va inklyuzivlik timsoli hisoblanadi. Navroʻz shodiyonasida turli millat va elatlar vakillarining bir sahnada ishtirok etganliklari, turli tillarda qoʻshiqlar kuylagani ham oʻzbek xalqiga xos bagʻrikenglikning yaqqol tasdigʻidir, — deydi u. — Bayram arafasida Yangi Toshkent qurilishida ilk tamal toshining qoʻyilishi ham mamlakatning yangilanishi, yuksalishi va rivojlanishidan yana bir mujdadir. Chunki bugungi chuqur iqtisodiy tanglik sharoitida hamma ham ulkan qurilishlarga qoʻl urolmaydi. Bu yangi Oʻzbekistonning qudratidan dalolat beradi.
“Asdaa Oman” gazetasi bosh muharriri Ali al-Hasaniy “Oʻzbekiston Prezidenti Yangi Toshkent shahri qurilishiga tamal toshi qoʻydi” nomli maqolasida 19-mart kuni davlatimiz rahbari ishtirokida boʻlib oʻtgan Yangi Toshkent shahriga tamal toshi qoʻyish marosimi tafsilotlarini keng sharhlagan.
“Yangi Toshkent loyihasi doirasida 20 ming gektarda 1 million aholi yashashi uchun qulay sharoit yaratiladi va shunga mos infratuzilma bilan taʼminlanadi. Xususan, birinchi bosqichda 60 ming aholiga moʻljallangan koʻp qavatli uylar, 30 ta maktab, 20 ta bolalar bogʻchasi, koʻp tarmoqli shifoxona va 5 ta oilaviy poliklinika barpo etiladi. Prezident Shavkat Mirziyoyev Yangi Toshkent poydevoriga kapsula qoʻyib, uning qurilishini boshlab berdi. Ulugʻ ayyom arafasida ezgu niyatlar bilan ulkan qurilish boshlandi. Bu yangi Oʻzbekiston tarixida yangi sahifa boʻladi”, deb yozadi “Asdaa Oman” gazetasi bosh muharriri.
Dunyo tajribasidan kelib chiqib aytish mumkinki, yangi shahar qurish oson boʻlmagan. Vaholanki, kurrai zaminda xatarli vaziyat hukm surayotgan, geosiyosiy ziddiyatlar avj olayotgan, zaminimizga ekologik tahdidlar xavf solayotgan sharoitda “quruq yerdan” yangi shaharni barpo etishga kirishishning oʻzi katta qahramonlik. Bunday qarorga kelish uchun kuchli siyosiy iroda zarur.
Demak, Oʻzbekiston — barqaror iqtisodiy yuksalish yoʻlida. Buning uchun mablagʻ ham, kuchli istak ham topiladi. Yaʼni Oʻzbekiston ham ichki, ham tashqi siyosatda bemisl oʻzgarishlarga qadam qoʻygan va bu yoʻldan dadillik bilan ilgarilamoqda. Maqsad Prezidentimiz taʼbiri bilan aytganda, odamlarni, xalqimizni hayotdan rozi qilishdan iborat.
Baxt-saodatga erishuv yoʻli
Darhaqiqat, shunday. Zotan, buyuk faylasuf Forobiy ham “Baxt-saodatga erishuv yoʻllari haqida risola”da “Davlatning vazifasi insonlarni baxt-saodatga olib borishdir, — deb yozadi, — bu esa ilm va katta mehnat, izlanish yordamida qoʻlga kiritiladi”.
Binobarin, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahbarligida amalga oshirilayotgan islohotlar xalqning qalbiga, dardiga, umuman, hayotiga hamohang boʻlayotganini koʻrib-bilib turibmiz. Endilikda davlat siyosatining ustuvorligi u yo bu mintaqa va ayrim sohaga emas, balki xalqning erkin hayotini taʼminlashga, odamlar ehtiyojini qondirishga qaratilayotgani mamlakatimizda demokratik, ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotning mazmunan butunlay yangi bosqichiga qadam qoʻyilganini koʻrsatmoqda. Odamlar ichlarida yillar davomida yigʻilib qolgan dardlarini aytmoqda. Besh-oʻn yil burun bugungi kundagidek koʻngildagini aytish mumkin boʻlishini koʻpchiligimiz tasavvur ham eta olmas edik.
Taʼkidlash oʻrinliki, keyingi yetti yilda yurtimizda anchagina ishlar amalga oshirildi. Koʻplab keraksiz toʻsiqlarning bekor qilinishi tufayli respublikada mutlaqo boshqacha muhit shakllanmoqda. Albatta, mamlakatimizda oʻziga yarasha muammolar ham yoʻq emas. Lekin uzoq yillar davomida toʻplanib qolgan hamma narsani bir pasda bartaraf etishning imkoni bormi? Imkoni boʻlganida birorta kamchilik, muammoning oʻzi qolmagan boʻlar edi.
Shunday ekan, shuni ham tan olishimiz joizki, dunyodagi eng rivojlangan davlatlarda ham hamma narsa risoladagidek boʻlmaganidek, hamma ham toʻkislikda yashayotgani yoʻq. Taʼbir joiz boʻlsa, soʻnggi yetti yil davomida mamlakatimizda olib borilgan ishlar bir necha oʻn yilliklarda ham amalga oshmagan edi. Bu xoh siyosatda boʻlsin, xoh iqtisodiyotda.
Qisqasi, “Inson qadri uchun” tamoyili asosida qutlugʻ zaminimizda bugun har bir fuqaroga munosib turmush sharoiti yaratilmoqda. Yangilanayotgan Konstitutsiyaning xalqimiz xohish-irodasi — referendum yoʻli bilan tasdiqlanishi esa, avvalo, inson manfaatini, uning huquq va erkinliklarini mustahkamlaydi.
Ha, bugun mamlakatimiz hayotida muhim oʻzgarishlar davri boshlanmoqda. Bu — yangi taraqqiyot va milliy yuksalish davridir. Uchinchi Renessansga qoʻyilgan poydevor, albatta, koʻp millatli xalqimizni dunyodagi rivojlangan davlatlarga xos hayot darajasiga erishish, adolatli, erkin va obod jamiyat qurish, tuganmas baxt-saodatga yetishishdek ulugʻvor maqsadlarga yetaklaydi.
Oʻtkir RAHMAT.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistonda doimiy aholi soni har kuni necha kishiga oshyapti?
- Shahram Gʻiyosov tajribali raqibini muddatdan oldin magʻlub etdi
- Yana bir bozor auksionga qoʻyildi
- Samarqand yana bir nufuzli forumga mezbonlik qiladi
- Oʻzbekiston pasporti xalqaro indeksda past natija qayd etdi
- Markaziy bank shoshilinch ogohlantirish bilan chiqdi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring