Navoiyliklar yapon moʻjizasi sirlarini oʻrganmoqda

13:18 21 Noyabr 2024 Jamiyat
223 0

Temur ESHBOYEV/“Xalq soʻzi”. Iqtisodiy barqarorlikda yapon moʻjizasi hamon koʻpchilikni hayratga soladi. Axir, ikkinchi jahon urushidan tinka madori qurigan, tabiat tabiiy qazilma boyliklardan siqib qoʻygan kunchiqar yurtning qisqa fursatlarda dunyoning eng rivojlangan yetti mamlakati qatoridan oʻrin olishi hech mubolagʻasiz chinakam moʻjiza emasmi?

— Yaponiya iqtisodiyoti barqarorligining asosiy omili uning mutlaqo kichik biznes ravnaqiga tayanganligida, — deydi Navoiy viloyat “Kichik biznesga koʻmaklashish markazi” MCHJ bosh mutaxassisi Suhrob Izzatullayev. — Mamlakat yalpi ichki mahsulotida ularning ulushi 53 foizni tashkil etib, yirik kompaniyalarning qariyb 99 foizi kichik va oʻrta biznesga sohasiga mansub. Mamlakatda ishlab chiqarilgan mahsulotning yarmidan koʻpi eksport qilinadi. Hatto qishloq xoʻjaligi mahsulotlarining ham 55 foizga yaqini xorijda oʻzining doimiy xaridoriga ega. Yapon iqtisodiyotining har qanday inqirozga qarshi immunitetga egaligi boisi ham shunda.

Tadbirkorlik va kichik biznesni rivojlantirishda yapon tajribasini iqtisodiyotimizga tatbiq etish foydadan xoli emas.

— Yaponiya davlat tajribasi asosida tadbirkorlarimiz zamonaviy bilim koʻnikmalarga ega boʻlish uchun “Yamagata” Universitetining U-HOPE oʻqitish dasturi doirasida viloyatning shahar va tuman markazlarida hamda mahallalarida markaz xodimlari tomonidan 1331 nafar tadbirkor oflayn, 547 nafar tadbirkor onlayn oʻqitildi, — deya davom etadi S. Izzatullayev. — Viloyatimizdan mentorlikka nomzod Ilhom Hamroyev Yaponiyaning Yamagata universitetida U-HOPE oʻquv dasturi doirasi oʻquv kurslarini muvaffaqiyatli yakunlab, mentorlik huquqini beruvchi oltin sertifikatni qoʻlga kiritdi.

Mentorlarga kelgusida viloyatning 11 ta tuman va shaharlarida 1 nafardan jami 11 nafar salohiyatli trenerlarni tayyorlash vazifasi yuklatilgan. Shundan soʻng, ular hududlardagi tadbirkorlarni doimiy ravishda oʻqitib boradi.

Markaz tomonidan tadbirkorlarga biznes reja, moliyaviy hisobotlar, eksport-import amaliyotlari, mulklarni baholash, sugʻurtalash va notarial xizmatlardan foydalanish hamda hujjatlarni rasmiylashtirishda amaliy yordam koʻrsatib kelinmoqda. Bundan tashqari, tadbirkorlarga bepul yuridik xizmatlar va kompleks konsultatsiya xizmatlari koʻrsatish yoʻlga qoʻyilgan. Jumladan, joriy yilda biznes reja tayyorlashda 925 nafar, moliyaviy hisobotlarni tayyorlashda 365, eksport-import amaliyotlari boʻyicha 2, baholash, sugʻurtalash va notarial xizmatlardan foydalanishda 19 nafar tadbirkorning muammolari markaz tomonidan koʻmak koʻrsatilishi natijasida ijobiy hal etildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер