Navoiylik dehqonlar “qovun pashshasi”dan qachon qutulishadi?

18:34 13 Iyul 2023 Jamiyat
743 0

Foto: “Xalq soʻzi”

Bugun Navoiy viloyatiga yoʻli tushgan inson qovunning narxi respublikamizning boshqa hududlariga qaraganda biroz balandligini kuzatishi mumkin. Buning asosiy sababi paykal ziroatchiligida oʻz maktabiga ega Nurota, Xatirchi va Jaloyir hududlariga “qovun pashshasi” hasharoti jiddiy ziyon yetkazayotgani misolida koʻrish mumkin.

Xoʻsh, viloyatda bu muammoga qachon yechim topiladi? Ayni yoʻnalishda qishloq xoʻjaligi mutaxassislari, oliy taʼlim muassasalari professor-oʻqituvchilari hamda poliz mahsulotlari yetishtiruvchi fermer va dehqon xoʻjaliklari, tomorqa egalari oʻrtasida qachon hamkorlik yoʻlga qoʻyiladi?

Talab va taklif bor, lekin kafolat yoʻq

Kechagidek esimda, — deydi mehnat faxriysi Abdurahmon Nurillayev. — Odamlar Gumbaz tarvuzi, Xayrobod qovuni (Nurota tumanidagi hududlar), Xatirchidan “obinovvot”, Jaloyirdan “gulobi” va “shakarpalak”ni Navoiy shahridagi dehqon bozorlarida navbat turib olishardi. Har bir qovun-tarvuzlar pichoq tortishing bilan yorilib ketar, shirasidan lablar bir-biriga yopishib qolardi.

Navoiy viloyati markaziga bu kabi tarvuz va qovunlar kelmay qoʻyganiga oʻn yilcha boʻldi. Buni koʻpchilik respublikamiz hududiga kirib kelgan “qovun pashshasi”ning asoratlari bilan bogʻlashadi. Mazkur zararkunandaga kimyoviy usul bilan kurashishning bir qator vositalari mavjud.

— Ammo oʻsha preparatlar samarasi kafolatlanmagan, — deydi nurotalik tajribali dehqonlardan biri Ahmad Jabborov. — Toʻqqiz yildan beri qovun-tarvuz yetishtirayotgan boʻlsam, keyingi yetti yil davomida ushbu muammo bilan kurashamiz. Toʻgʻrisi, bu zararkunandaning qanday atalishiniyam bilmay boshimiz qotgan. Bilganimiz, qovunning ichiga kirib, yeb bitirib, chiqib ketadi.

Dehqonning tashvishida jon bor. “Navoiyagrokimyohimoya” HAJ boʻlim boshligʻi Toʻlqin Boʻronovning taʼkidlashiga koʻra, “qovun pashshasi”ga qarshi bir mavsumda kamida uch-toʻrt bor kimyoviy vositalar bilan ishlov oʻtkazish talab etiladi. Shuningdek, ertapishar va kechpishar poliz ekinlarini bir-biriga yaqinlashtirmasdan parvarishlash tavsiya qilinadi. Taʼkidlash joiz, mazkur hasharot tushgan paykalda 90 foizga qadar hosil nobud boʻladi.

Xullas, har yili mehnati va qilgan xarajatiga kuyib qolavergan dehqonlar alaloqibat qovun ekmay qoʻya qolishgan. Bu orada ularni yetishtirishda toʻplangan tajriba va malakaning avloddan-avlodga oʻtishidagi uzviylik ham yoʻqolib bormoqda. Viloyat bozorlarini esa Qashqadaryo, Jizzax va Sirdaryo viloyatlaridan keltirilgan qovun-tarvuzlar egallab boʻldi. Shu oʻrinda haqli savol tugʻiladi: “qovun pashshasi”ning mazkur hududlarga oyogʻi yetmaydimi?!

Foto: “Xalq soʻzi”

Faqat qogʻozda, amaldachi?..

Viloyatning qadim Jaloyir qishlogʻi vohaning yagona — Zarafshon daryosi sohilida joylashgan. Goʻshaning unumdor tuprogʻida omilkor kishi yil oʻn ikki oy sabzavot va poliz mahsulotlari yetishtirib, hosil oladi. Ayniqsa, Jaloyirda yetishtirilgan “boʻrikalla”, “gulobi”, “shakarpalak”, “qoraqand” va “obinovvot” qovunlarning taʼmi keksa avlodning tilidan hamon tushmaydi.

Akram Homidov, Vopo Bozorov, Qambar Roʻziyev, Usmon Tursunov, Ismoil Mamatov, Farmon Ergashev, Neʼmat Gadoyev kabi dehqonlar yaqin-yaqinlargacha Jaloyir qovunchiligini mashhur qilishgan edi. Ular yetishtirgan qovunlar hatto Samarqand va Buxoro bozorlarida ham “falonchi”ning paykalidan deb atalardi. Handalak esa har bir xonadonning ertapishar, asosiy paykaldagi qovunlarning debochasi, polizchilikda chilgi hosili boʻlgan. Bugun keksalik gashtini surayotgan sakson ikki yoshli Samad Bozorov Jaloyir dehqonchilik maktabining tajribali ziroatchilaridan biri boʻlib, qovun yetishtirishning hadisini olgan.

— Ota-bobolarimiz qovunchilikda ehtiyotkorlik bilan ish tutib, ayniqsa, nav, urugʻ tanlashda adashmaganlar, — deydi jaloyirlik mehnat faxriysi Samad Bozorov. — Qovun yetishtirishda unumdor, sizot suvlardan uzoq, qattiq, ochiq va soyasiz joyni tanlashgan. Negaki, qovun judayam issiqsevar, uning uchun moʻtadil harorat fanda 25-30 daraja deyilsada, 40-50 daraja issiqlikda ham yaxshi hosil olish mumkin.

Bir soʻz bilan aytganda, polizchilikka mos bunday ekin maydonlari viloyatda bisyor. Maʼlumotlarga koʻra, bu yil viloyat boʻyicha qariyb 3 ming gektarga qovun va 1124 gektarga tarvuz ekilgan. 110 ming tonnadan oshiqroq hosil olish rejalashtirilgan.

Foto: “Xalq soʻzi”

Ilm va innovatsiya ishga solinsa...

Taʼkidlaganimizdek, viloyatning har bir hududi qovun-tarvuz yetishtirishda oʻz maktabiga ega boʻlgan. Masalan, jaloyirlik mashhur dehqon Farmon Ergashevni hanuz tajribali dehqon sifatida tilga olishadi. Aytishlaricha, uning paykalidan kelgan qovun-tarvuz tugamaguncha, bozorda boshqalarning savdosi yurishmas ekan. Bu jindek mubolagʻa boʻlishi mumkin, lekin Samad boboning quyidagi soʻzlari mubolagʻa emas.

— Farmon dehqon yerni haydashdan avval 20-40 tonna goʻng solib, ammiakli selitrani umuman ishlatmasdi, — deya xotirlaydi S. Bozorov. — Qovun urugʻini oʻz namida undirib, gullab, naycha hosil qilguncha suv ham bermasdi. Buning uchun palak atrofini ketmon bilan toʻrt-besh marta chopiq qilib, yumshatardi. Sababi, agar qovun urugʻi ekilishi bilan sugʻorilsa u tez suvga kelgan va natijada taʼmi shirin boʻlmagan.

— Bu yil qovunni juda kam, oʻzimizga yegulik uchun ekkanmiz, — deya davom etadi A. Jabborov. — Chunki bu baloga tajriba va mehnat bilan bas kelish qiyin. Shuning uchun olimlarimiz biror bir kafolatli chorani tavsiya etishmas ekan, qovunni tavakkal ekkandan naf yoʻq.

Bir soʻz bilan aytganda, navoiylik dehqonlar ushbu hashorat taʼsiridan bezillab qolishgan. Natijada farovonlik, salomatlik manbai boʻlgan bu neʼmatni yetishtirishga koʻpchilik dehqonlar jazm etishmayapti. Bozorlarda esa qoʻshni hududlardan kelayotgan qovunlarga transport xarajati qoʻshilmoqda.

Taʼkidlash joiz, muammo faqat qovun narxining balandligida emas. Abu Ali ibn Sino qovunning shifobaxsh xususiyatiga toʻxtalib, qovun pishigʻi chogʻi paykalda uning hididan toʻygan kishi asablari tezda joyiga tushishini taʼkidlagan. Shuningdek, tabib buyrak va boshqa bir qator xastaliklarni davolashda qovun va uning urugʻidan giyoh sifatida foydalangan ekan. Bir soʻz bilan aytganda, salomatlik uchun koni foyda ushbu neʼmat ana shu taxlit kam yetishtirilmoqda.

Qolaversa, qovun ham tarvuz kabi eksportbop qishloq xoʻjaligi mahsuloti hisoblanadi. Misol uchun, Karmana tumanidagi “Fruit exem“ korxonasi tomonidan yetishtirilgan tarvuz mahsulotlari bugungi kunda Latviya, Litva, Estoniya, Polsha kabi Yevropa davlatlariga eksport qilinmoqda. Korxona rahbariyatining soʻzlariga qaraganda, yetishtirilgan tarvuzning uchdan ikki qismi eksport qilinadi.

Tabiiyki, “qovun pashshasi”ga qarshi kurashda dehqonlarga amaliy yordam koʻrsatilsa, ularning daromadi oshishi bilan birga eksportbop mahsulotlar turi ortishi, ichki bozorlarimizda narx-navo barqarorligi taʼminlanishi aniq. Bir soʻz bilan aytganda, Navoiy viloyatida bobolardan meros poliz mahsulotlari yetishtirishdagi hayotiy tajriba va mahorat maktabini saqlab qolish uchun sohaga ilm-fan yutuqlari, innovatsion gʻoyalarni keng tatbiq etish hayotiy zaruratdir.

Temur ESHBOYEV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер