Navoiy viloyatida 50 nafar tadbirkor muammolariga yechim topildi
Tadbirkorlik ravnaqi har bir mamlakat iqtisodiyotida samaradorlik garovi boʻlishi bilan birga, yangi ish oʻrinlari yaratish orqali aholining turmush farovonligini taʼminlash hamda hududlarda ijtimoiy muhit barqarorligi omili hamdir. Shu bois Navoiy viloyatida ham ikkinchi sektor rahbari, viloyat prokurori tomonidan tadbirkorlar bilan ishlashda ularni tashvishga solayotgan muammolarni bartaraf etish, biznes doirasi vakillari uchun yaratilgan yengilliklardan boxabar qilish hamda ularni qoʻllashda amaliy yordam koʻrsatish borasida keng koʻlamli tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, sektor rahbarining Navoiy shahridagi loyiha qiymati 15,5 million dollar boʻlgan, yiliga oʻrtacha 10 ming tonna gidroksipropilmelit-sellyuloza ishlab chiqarish quvvatiga ega “CHEMISTRY INTERNATIONAL” MCHJ qoʻshma korxonasidagi muloqoti shulardan biri boʻlib, unda korxonadagi qurilish va texnologik uskunalarni oʻrnatish ishlarini oʻz muddatlarida ishga tushirish va bunga xalal berayotgan masalalar koʻrib chiqildi.
Maʼlumot oʻrnida taʼkidlash joiz, mazkur korxonaning ishga tushirilishi, noyob xomashyoni mahalliylashtirish bilan birga, 150 ta ish oʻrni yaratilishi bilan ham ahamiyatli. Ishga tushirilishi bilan 85 ta yangi ish oʻrni yaratiladigan “JV CONTINAZ” MCHJning loyiha qiymati esa 15,4 million dollarni tashkil etib, korxonada yiliga 1500 tonna karbamidoformaldegid konsentrati ishlab chiqariladi. Hududdagi uchinchi loyiha orqali esa 116 ta yangi ish oʻrni yaratish moʻljallangan va uni 9,1 million dollar evaziga “PETRAWOOL” MCHJ qoʻshma korxonasi barpo etmoqda. Mazkur korxona ishga tushirilgach, yiliga 40 ming tonna bazalt toshlaridan mineral plitalar ishlab chiqarilishi yoʻlga qoʻyiladi.
— Ushbu loyiha doirasida korxonada ishlab chiqarilgan mahsulotlarning 20 foizi eksportga yoʻnaltiriladi, — deydi Navoiy shahar investitsiya va tashqi savdo boʻlimi boshligʻi oʻrinbosari Jonibek Norboʻtayev. — Bundan tashqari Davlat investitsion dasturi doirasida shahrimizda umumiy qiymati 64,1 million dollarlik ikkita loyiha amalga oshirilib, uning doirasida 40 million dollarlik xorijiy investitsiyalar oʻzlashtiriladi. Shuningdek, umumiy qiymati 1,7 trillion soʻmlik 97 ta loyiha asosida 1248 ta yangi ish oʻrinlari yaratilishi rejalashtirilgan.
Investitsion loyihalar bilan tanishuvdan soʻng sektor rahbarining oʻz ishlab chiqarishida muammolarga duch kelayotgan tadbirkorlar bilan muloqoti tashkil etildi. Unda 50 nafardan ziyod tadbirkor ishtirok etib, 6 ta kredit, 4 ta kadastr, 3 ta yer va boʻsh turgan bino ajratish, 2 ta elektr-gaz tarmogʻiga ulanish kabi masalalarda oʻzlari roʻbaroʻ boʻlayotgan muammolarga yechim topdilar.
— Karmana tumanidagi Talqoq mahallasida pishiriq va qandolatchilik seximiz bor, — deydi tadbirkor Umida Gʻulomova. — Yigirma uch nafar “Ayollar daftari”dagi xotin-qizlarni ish bilan taʼminlaganmiz. Seximiz faoliyati tabiiy gaz taʼminoti bilan bogʻliq boʻlgani uchun, gaz taʼminotidagi muammo sabab ushbu sayyor qabulga kelib, uning ijobiy yechimiga erishdik.
Muloqotda viloyat prokuraturasida tadbirkorlik subyektlarining muammolarini yechishga qaratilgan investitsiya, soliq, kadastr, qurilish boshqarmalari, markaziy bank hamda tijorat banklari va boshqa tashkilotlar rahbarlaridan iborat tarkibda maxsus shtab tashkil etilib, uning huquq va majburiyatlari borasida tushunchalar berildi. Shuningdek, uchrashuvda Respublikamiz Prezidentining joriy yil 23-yanvardagi “Tadbirkorlik subyektlarining barqarorlik reytingini joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorining mazmun-mohiyati, yuqori reytingga erishish natijasida beriladigan imtiyozlar tushuntirildi.
Temur ESHBOYEV, “Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Nega biz haligacha oʻzga sayyoraliklar bilan uchrashmaganmiz?
- Raqamli Oʻzbekiston uchun kiber-huquqshunoslar: Prezident Farmoni yuridik taʼlimning yangi davrini ochadi
- 16-yanvar kuni baʼzi joylarda qor yogʻadi
- Oʻzbekiston Respublikasining xorijdagi diplomatlaridan iborat delegatsiya aʼzolari Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi (+fotoreportaj)
- Koʻrfaz arab davlatlari bozoriga bojsiz kirish imkoni yaratiladi
- Dunyo boʻylab qon va koʻzyosh bilan oʻtgan bir hafta — 20 ta suratda
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring